Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xatirchida hokimlik va tadbirkorlar o‘rtasidagi eski mojaroga yechim topilmayapti: zarur chorani kim ko‘radi o‘zi?
Kun.uz saytida shu yilning 5 yanvar kuni «Xatirchi tuman hokimligi va tadbirkorlar o‘rtasidagi bir necha yillik muammo qachon yechim topadi?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.
Unda huquqlari buzilayotgan xatirchilik 100ga yaqin tadbirkor va tuman hokimligi o‘rtasidagi nizoli vaziyat haqida jurnalistik surishtiruv natijalari bayon qilingandi.
O‘rganish davomida «Xatirchi dehqon bozori» MChJ hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘z e'tirozlarini bayon qilishgandi.
«Ushbu bozor hududida shaxsiy do‘konlarimiz va kadastr hujjatlari bor edi. 2013 yil tuman hokimi bozorni qayta rekonstruksiya qilish maqsadida do‘konlarni buzdirdi. O‘z mablag‘larimiz hisobidan zamonaviy qilib qurdik. Barcha xarajatlarni o‘zimiz qildik. Qurib bitkazganimizdan so‘ng bizga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib bermasdan yangi qurilgan do‘konlarni bozor balansiga o‘tkazishdi. Endi o‘zimiz qurgan do‘kon uchun bizdan ijara puli talab qilishyapti. O‘sha vaqtda tuman hokimi pensiya uchun budjetdan pul yetmayapti, kim 50 million so‘mdan bank orqali budjetga pul kiritsa, o‘shalarga yerni va do‘konni beramiz, degandi. Tadbirkorlar shunchadan pul qo‘ydi. Bundan ortiq berganlar ham bo‘ldi. Qurilishni ham o‘z hisobimizdan qildik, aytgan pulini bankka qo‘ydik. Endi aytilgan va'dalar bajarilmayapti. Ijara va boshqa to‘lovlarni to‘lamasak, o‘zimiz qurgan do‘kondan chiqarib yuborishmoqchi. Bu masalada 100ga yaqin tadbirkorning boshi qotgan. Shuncha xarajat qilib, nega endi chiqib ketishimiz kerak? Qayerga murojaat qilsak ham besh yildan buyon bu nizoli muammo hal bo‘lmayapti. Tuman mutasaddilari hokimiyatni nohaq qilarmidi? Ular uchun hokimning aytgani aytgan, degani degan. Viloyat hokimligidan kelganlar esa yana tuman hokimiyatiga havola qilib ketadi. Biz tadbirkorlarning huquqini hech kim himoya qilmayapti», – deya e'tirozlarini bildirishgandi tadbirkorlar.
O‘rganish jarayonida qayta qurilishidan avval haqiqatan ham bozordagi do‘konlar kadastr hujjatlariga ega bo‘lgani, mulk egasi sifatida tadbirkorlarning nomlari ko‘rsatilgani, Xatirchi tumani hokimi va'dasi bilan tadbirkorlar do‘konlarini buzib, o‘z mablag‘lari hisobidan zamonaviy ko‘rinishda qurishgani, ammo qurilish ishlari yakuniga yetganidan keyin do‘konlarning barchasi bozor balansiga olingani ma'lum bo‘lgandi.

Xo‘sh, unda tadbirkorlarning qurilish uchun sarflagan katta miqdordagi xarajatlari nima bo‘ladi? Hujjatlar rasmiylashtirilmasa, ularni kim qoplab beradi?
Ushbu savollarga javob berish asnosida Xatirchi tumani hokimi G‘ofir Aliyev ushbu masala tez orada hal etilishiga va'da bergandi. Tuman prokurori bu ishni o‘z nazoratiga olishini va mazkur masala yuzasidan tegishli tartibda surishtiruv olib borilib, xulosa qilinishini bildirgandi.
Qolaversa, sayt muxbirlari Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov bilan uchrashganida ham viloyat rahbari tez orada bu nizoli vaziyat bir tomonga yechim topishini aytib o‘tgandi.
Oradan shuncha vaqt o‘tdi. Xo‘sh, Xatirchi tuman hokimligi va tadbirkorlar o‘rtasidagi bu muammoga barham berildimi?
Tadbirkorlarning Kun.uz saytiga takroriy murojaatlari bu masaladagi nizo hanuzgacha davom etayotganini ko‘rsatib berdi.
Ushbu takroriy murojaatlar asosida yana ushbu tumanda bo‘ldik va tadbirkorlar bilan uchrashdik.

Ularning aytishicha, yangi qurilgan do‘konlarga tegishli hujjatlar rasmiylashtirilishi boshlangan. Ammo tadbirkorlarga o‘zlari mablag‘ sarflab, qurgan do‘konlari uchun mulk huquqi berilmayapti. Tadbirkorlarda bu zamonaviy do‘konlar o‘rnida buzilgan eski do‘konlar uchun mulk huquqi bo‘lgan. Xatirchi tumani hokimi eski do‘konlarni buzib, o‘rniga zamonaviy do‘konlar qurishsa, tadbirkorlarga mulk huquqi berilishini aytgan. Tadbirkorlar shu va'daga ishonib, millionlab mablag‘ sarflab, o‘zlarining hisobidan zamonaviy do‘konlarni qurishgan. Alaloqibat, tadbirkorlar hammasidan quruq qolmoqda.

Ushbu masala yuzasidan Xatirchi tumani hokimi bilan takroran uchrashganimizda, tuman rahbari bu masalada tadbirkorlar bilan yig‘ilish o‘tkazilgani, «Xatirchi dehqon bozori» MChJ hududidagi yangi qurilgan zamonaviy ko‘rinishdagi do‘konlar uchun ko‘chmas mulk obektiga xatlovdan o‘tkazish hujjatlari garov, hadya, oldi-sotdi va boshqa shaxsga o‘tkazish huquqini bermagan holda rasmiylashtirilishiga tadbirkorlar bilan kelishuvga erishgani haqida ma'lumot taqdim etdi.
Ammo tadbirkorlar bilan suhbatlashganimizda, ular buni qat'iy rad etishdi va o‘zlariga nisbatan ochiqchasiga nohaqlik qilinayotganini aytishdi.

Bu e'tirozlarni tuman rahbariga bildirganimizda, bu masala uch-to‘rt kun ichida qayta ko‘rib chiqilishi va bu nizoga barham berilishini, bu haqida ma'lumot berilishini ta'kidlagandi. Dastlabki o‘rganishimizda berilgan va'da takror aytildi. Ammo oradan vaqt o‘tsa ham bu masala tuman hokimligi tomonidan hal etilmadi, nizoga barham berilmadi.
Ko‘rinib turibdiki, bir necha yillik muammo hanuz davom etmoqda. Viloyat va tuman mutasaddilarining quruq va'dalaridan bu nizo hali yana davom etadigan ko‘rinadi.
Tan olib aytish kerakki, so‘nggi vaqtlarda Navoiy viloyatidan saytimizga tadbirkorlar tomonidan turli masalalarda ko‘plab murojaatlar kelmoqda. Tahririyatdagi murojaatlar ko‘lami shuni ko‘rsatmoqda. Jurnalistik surishtiruvlar asosida ularning muammolari xolis o‘rganilib, maqolalar e'lon qilinmoqda. Ammo viloyat mutasaddilari tomonidan tadbirkorlarning bu masalalari e'tiborsiz qoldirilmoqda va hal etilmay kelinmoqda. Shu bois, tadbirkorlar takror murojaat qilishga majbur bo‘lishmoqda.
Albatta, bu murojaatlar yuzasidan ham jurnalistik surishtiruvlar olib borilmoqda. Ularning natijalari keyingi maqolalarimizda aks etadi.
Muhimi, viloyat mutasaddilari bu borada zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsa bo‘lgani. Aks holda, viloyatda tadbirkorlarning noroziligi kundan kunga oshib boraveradi.
Kun.uz ushbu bir necha yillik nizoli vaziyatni tegishli tashkilotlar tomonidan ijobiy hal etilishiga yana bir bor ishonch bildiradi va voqealar rivojini kuzatib, bu mavzuga lozim bo‘lsa yana qaytadi.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
22:14 / 05.05.2025
Qo‘yliqdan reportaj: bozor tashqarisidagi noqonuniy deb topilgan do‘konlar buzilmoqda
09:41 / 05.05.2025
«Yunusobod» bozorining bir qismida rekonstruksiya ishlari boshlandi
10:02 / 16.04.2025
Toshkentdagi «Risoviy» bozori kimoshdi savdosiga qo‘yildi
09:33 / 28.03.2025