Sport | 22:18 / 08.03.2019
23448
2 daqiqa o‘qiladi

«Dinamo»ning yangi mavsumdagi tarkibi muxlislarga tanishtirildi - foto

Bugun Samarqand shahridagi Yoshlar markazida Superliga-2019ga yo‘llanma olgan «Dinamo» professional futbol klubini muxlislar va jamoatchilikka tanishtirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz’ning Samarqanddagi o‘z muxbiri xabar bermoqda.

Futbolchilar va muxlislarni tabriklar ekan, viloyat hokimi, viloyat futbol federatsiyasi prezidenti Erkinjon Turdimov futbolchilar oldiga belgilab berilayotgan vazifalar haqida gapirib o‘tdi.

O‘z navbatida «Dinamo» professional futbol klubi bosh murabbiyi Davron Fayziyev futbol jamoasi uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar va katta ko‘mak uchun minnatdorlik bildirib, klub oldiga qo‘yilayotgan vazifalarni uddalashga, Samarqandda nafaqat O‘zbekiston, Osiyo va jahon maydonlarini ham zabt etuvchi jamoa vujudga kelishi uchun barcha sharoit va imkoniyat borligini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng viloyat hokimi jamoa bosh murabbiyi Davron Fayziyev birgalikda futbolchilarni muxlislarga bitta-bitta tanishtirib chiqishdi.

Tadbirni taniqli sport sharhlovchisi Eldor Mustafoyev va telejurnalist Dilmurod Do‘stmurodov olib borishdi. Ular muxlislardan tushgan ayrim savollarga javob berishdi.

Viloyat «Nuroniy» jamg‘armasi raisi Hasan Normurodov va keksa pedagog, bir paytlar Samarqanddagi futbol maktabiga rahbarlik qilgan Murodilla Qarshiyev, mustaqil jurnalist Karimberdi To‘ramurodov so‘zga chiqib, viloyatda futbolga ko‘rsatilayotgan e'tibor haqida gapirib o‘tishdi. Jumladan, shahardagi «Olimpiya» stadionini rekonstruksiya qilish uchun 17 milliard so‘m ajratilgani haqidagi xabar muxlislarning qizg‘in olqishiga sabab bo‘ldi. Oqsoqollar barchaga oq fotiha tilashdi.

Mavzuga oid