Jahon | 14:05 / 10.03.2019
10613
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda yirik xalqaro kriptovaluta piramidasi rahbari qo‘lga olindi

Foto: Shutterstock

Los-Anjyeles aeroportida Bolgariya fuqarosi Konstantin Ignatov xalqaro piramida, xususan OneCoin firibgarlik kriptovalutasi savdosi ishi bo‘yicha qo‘lga olindi. Bu haqda Nyu-York janubiy okrugi prokuraturasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, OneCoin Ltd kompaniyasi rahbari bo‘lgan Ignatov AQShga kriptovaluta bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha kelgan va Las-Vegasda turgan.

Ushbu ishda Ignatovning hozirda ozodlikda bo‘lgan opasi — OneCoin asoschisi Ruja Ignatova ham bor bo‘lib, u kommunikatsiya vositalaridan foydalanib tovlamachilik qilish, qimmatbaho qog‘ozlar bilan tovlamachilik qilish va pul yuvishda ayblanmoqda. 

Prokuraturaning bildirishicha, Ignatovlar sxemasi tufayli jabrlanuvchilar «firibgarlik kriptovalutasiga butun dunyo bo‘ylab milliardlab dollar investitsiya kiritishgan». OneCoin kompaniyasiga 2014 yilda Ignatova asos solgan va 2017 yilgacha boshqargan. So‘ngra kompaniya uning ukasiga o‘tgan.

Tergovchilarning taxminicha, OneCoin Ltd faoliyati tufayli jahon bo‘yicha 3 mln kishi jabr ko‘rgan. 2014—2016 yillarda kompaniyaning mablag‘ aylanmasi 3,353 mlrd yevroni, daromadi esa 2,23 mlrd yevroni tashkil etgan.

Mavzuga oid