Jahon | 21:10 / 10.03.2019
31090
7 daqiqa o‘qiladi

Keyingi 10 yil ichida nechta Boeing 737 samolyoti halokatga uchragan?

10 mart kuni Efiopiyada Ethiopian Airlines aviakompaniyasining Addis-Abebadan Nayrobiga parvoz qilgan Boeing 737 rusumli yo‘lovchi samolyoti havoga ko‘tarilganidan olti daqiqa o‘tgach qulab tushdi. Samolyot bortida 149 nafar yo‘lovchi va ekipajning 8 a'zosi, jami 157 kishi bo‘lgan. Halokatda hech kim omon qolmadi.

Ma'lumotlarga qaraganda, foydalanishga topshirilgan 1967 yildan buyon 198 ta Boeing 737 samolyoti halokatga uchrashi oqibatida 4700dan ortiq kishi halok bo‘lgan (10 martdagi aviahalokat hisobga olinmagan. Bundan tashqari, bu turdagi samolyotlar 112 marta jinoyatchilar tomonidan egallab olinishi natijasida 325 kishi halok bo‘lgan. TASS-DOSe 2008 yildan buyon Boeing 737 samolyotlari halokatga uchragan holatlar haqida ma'lumot berdi.

2008 yil 24 avgustda Bishkekdan Tehronga parvoz qilayotgan Qirg‘izistonning Itek Air aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737-200 yo‘lovchi samolyoti Manas aeroporti hududida qulab tushdi. Samolyot bortida 83 yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan. Halokat oqibatida 64 kishi halok bo‘ldi. Voqea yuzasidan tekshiruv olib borgan Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi parvoz balandligi ustidan nazoratni yo‘qotgan ekipajni aybdor deb topdi.

Foto: airwar.ru

2008 yil 30 avgustda Mayketiyadan (Venesuela) Latakungaga (Ekvador) parvoz qilayotgan Venesuelaning Conviasa aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737-200 yo‘lovchi samolyoti Ekvadorning Kotopaxi provinsiyasida Ilinisa vulqoni qiyaligiga urilgan. Halokatga laynerning havodagi holatini noto‘g‘ri baholagan uchuvchilarning xatosi sabab bo‘lgan.

2008 yil 14 sentyabrda Moskva-Perm yo‘nalishida parvoz qilgan Rossiyaning "Aeroflot-Nord" aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737-505 yo‘lovchi samolyoti qo‘nish chog‘ida chapga og‘ib ketib yerga keskin urilgan va parchalanib ketgan. Halokatda olti nafar ekipaj a'zosi va 82 yo‘lovchi halok bo‘lgan. Halokatga samolyot komandirining bulutli ob-havo sharoitida mo‘ljalni noto‘g‘ri olganligi sabab bo‘lgan.  

Foto: Wikipedia

2009 yil 25 fevralda Istanbul-Amsterdam yo‘nalishida parvoz qilgan Turkiyaning Turkish Airlines aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737-800 yo‘lovchi samolyoti Amsterdamning Sxipxol aeroportiga qo‘nish chog‘ida halokatga uchradi. Layner bortida 135 kishi bo‘lgan, ulardan 9 nafari halok bo‘lgan, 86 nafari jarohatlangan. Halokatga balandlikni o‘lchash asbobidagi nosozlik va ekipaj xatosi sabab bo‘lgan.

2009 yil 29 aprelda Bangi (MAR)- Brazzavil (Kongo Respublikasi) - Xarare (Zimbabve) yo‘nalishida uchgan Markaziy Afrika Respublikasining Bako Air aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737-275 yo‘lovchi samolyoti Kongo osmonida halokatga uchradi. Samolyotda bo‘lgan ikki nafar ekipaj a'zosi va besh injyener halok bo‘ldi. Samolyot Xarareda rejali ta'mirdan chiqarilishi kerak edi.

2010 yil 25 yanvarda Ethiopian Airlines aviakompaniyasining Bayrut (Livan) - Addis-Abeba yo‘nalishida parvoz qilgan Boeing 737-800 yo‘lovchi samolyoti havoga ko‘tarilganidan bir necha daqiqa o‘tib O‘rtayer dengiziga qulab tushgan. Bortda bo‘lgan 90 kishining barchasi halok bo‘lgan. Halokatni o‘rgangan Livan hukumati komissiyasi fojiaga yetarlicha dam olmagan uchuvchilarning xatosi sabab bo‘lgan degan xulosaga kelgan. Ethiopian Airlines kompaniyasi mazkur xulosaga qo‘shilmagan, guvohlarning ta'kidlashlaricha, samolyot pastga qulashidan oldin unda portlash sodir bo‘lgan. 

2010 yil 22 mayda Air India Express aviakompaniyasining Dubaydan Mangalorga parvoz qilgan Boeing 737-800 yo‘lovchi samolyoti aeroportga qo‘nish chog‘ida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib yonib ketgan. Bortdagi 166 kishidan 158 nafari halok bo‘lgan. Halokatga samolyotni qo‘nish yo‘lagiga nostandart trayektoriyada qo‘ndirgan komandirning xatosi sabab bo‘lgan.

Foto: AZUR air

2011 yil 20 avgustda Kanadaning First Air aviakompaniyasiga qarashli, Yyellounayf – Rezolyut yo‘nalishida parvoz qilgan Boeing 737-200 samolyoti tumanli ob-havoda qo‘nish chog‘ida halokatga uchragan. Samolyot bortidagi 15 kishidan 12 nafari halok bo‘lgan. Fojiaga ekipaj xatosi sabab bo‘lgan.

2012 yil 20 aprelda Karochi-Islomobod reysi bilan parvoz qilgan Pokistonning Bhoja Air aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737-200 samolyoti qo‘nish chog‘ida ekipaj xatosi sababli aeroport yaqinidagi binoga urilgan va yonib ketgan. Samolyot bortida bo‘lgan 127 kishining barchasi halok bo‘lgan.

2013 yil 17 noyabrda Moskva-Qozon yo‘nalishida parvoz qilgan "Tatarstan" aviakompaniyasining Boeing 737-500 samolyoti qo‘nish chog‘ida qulab tushib parchalanib yonib ketgan. Samolyotdagi 50 kishining barchasi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida Tatariston prezidenti Rustam Minnixanovning o‘g‘li Irek Minnixanov va respublika FXX rahbari Aleksandr Antonov bo‘lgan. Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, fojia ekipaj a'zolarining qator xatolari sabab yuz bergan.

2016 yil 19 martda Dubaydan Rostov-Donga parvoz qilgan BAAning Flydubai aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737-800 yo‘lovchi samolyoti qo‘nish chog‘ida uchish-qo‘nish yo‘lagida yerga urilib parchalanib ketgan. Samolyot bortidagi 62 kishining barchasi halok bo‘lgan.

2018 yil 17 aprelda AQShning Southwest Airlines aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737-3H4 samolyoti Nyu-Yorkdan Dallasga parvoz qilayotganida dvigatellaridan biri ishdan chiqqan. Illyuminatorlardan biri sinib ketishi oqibatida yo‘lovchilardan birini havo samolyot tashqarisiga tortib ketgan. Boshqa yo‘lovchilar uni ushlab qolishgan. Samolyot Filadelfiyaga majburiy qo‘nganidan so‘ng jarohatlangan yo‘lovchi kasalxonaga yotqizilgan, ammo u vafot etgan.

2018 yil 18 mayda Kubaning Cubana de Aviacion aviatashuvchisi tomonidan ijaraga olingan Meksikaning Global Air aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737-201 yo‘lovchi samolyoti Gavana - Olgin yo‘nalishida parvoz qilish uchun Gavana aeroportida havoga ko‘tarilgan chog‘ida qulab tushgan. Halokat oqibatida 112 kishi hayotdan ko‘z yumgan.  

2018 yil 28 sentyabrda Ponpei (Mikroneziya)-Port-Morsbi (Papua-Yangi Gvineya) yo‘nalishida parvoz qilgan Air Niugini aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737-800 yo‘lovchi samolyoti Chuuk (Mikroneziya) aeroportida oraliq qo‘nishni amalga oshirish chog‘ida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib okeanga tushgan. Samolyot bortida bo‘lgan 47 kishidan 46 nafari qutqarib qolingan, bir kishi halok bo‘lgan.

2018 yil 29 oktyabrda Jakarta-Pankalpinang yo‘nalishida parvoz qilayotgan Indoneziyaning Lion Air aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737 MAX 8 samolyoti parvozdan 13 daqiqa o‘tib Yava dengiziga qulagan. Samolyot bortidagi 189 kishining barchasi halok bo‘lgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, halokatga hujum burchagi uzatkichining noto‘g‘ri sozlanishi natijasida bort kompyuteriga noto‘g‘ri ma'lumot uzatilishi sabab bo‘lgan.

Mavzuga oid