Sport | 23:51 / 11.03.2019
8846
3 daqiqa o‘qiladi

«Ar-Rayyan» bosh murabbiyi: «Bir yoqadan bosh chiqarib, juda kuchli jamoani yenga oldik»

OChL «B» guruhidagi «Ar-Rayyan»–«Lokomotiv» (2:1) o‘yinidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida dohaliklar klubi bosh murabbiyi Jilson Soza jurnalistlar savollariga javob qaytardi. Bu haqda Tribuna.uz muxbiri Dohadan xabar beradi.

«Birinchi aytmoqchi bo‘lgan narsam – zo‘r natijaga erishdik, chunki biz juda yaxshi tayyorgarlikka ega jamoani mag‘lub etdik. Statistika qanday bo‘lganini bilmayman, ehtimol, to‘p nazorati bo‘yicha ustunlik ularda bo‘lgandir, biroq biz bir jamoa bo‘lib, yagona oila sifatida harakat qildik. Jamoadagi hamma futbolchilar astoydil, bir yoqadan bosh chiqarib o‘ynashdi.

Bu g‘alaba bizga shijoat bag‘ishlashi shubhasiz. Hali qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p, ammo bugun biz harakat qilsak, qo‘limizdan kelishini isbotlay oldik. Yana bir narsani aytishim kerak. Tabata – bugun jamoasi uchun fidokorona harakat qildi. U hujumkor futbolchi bo‘lsa-da, ko‘proq yarimhimoyada o‘ynadi. Unga barakalla deyman. U – lider. Bejizga sardor emasligini ko‘rsatdi. Aynan hozirgi vaziyatda jamoani o‘z ortidan ergashtira oladigan futbolchimiz u. Xuddi shu fikrlarni boshqa futbolchilarga nisbatan ham aytgan bo‘lardim», – dedi braziliyalik mutaxassis.

– Muhim o‘yinda stadionga nima uchun bunchalik kam muxlis keldi?
– Ehtimol, oxirgi o‘yinlardagi natijalarimiz sabab ishqibozlarimizda motivatsiya qolmagandir, ular jamoamizga ishonmay qo‘yishgandir. Ammo endi umid qilamizki, ularga yana quvonch ulasha boshlaymiz.

– O‘tkazib yuborilgan tezkor goldan keyin g‘alabaga ishonchingiz qolgandimi?
– Ha, kambek qila olishimizga ishonayotgandim. Chunki jamoani tayyorlaganmiz, futbolchilar nima qilish kerakligini bilishadi. Men 20-soniyadayoq, birinchi daqiqadayoq gol o‘tkazib yuborilgan ko‘plab o‘yinlarda bo‘lganman. Bunday holatlar futbolda bo‘lib turadi. Muhimi biz o‘yinning borishini va hisobni o‘zgartira oldik va g‘alabaga erishdik. Birinchi golni biz urganimiz yo‘q, lekin g‘alaba qozondik – bu juda muhim.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid