O‘zbekiston | 22:24 / 12.03.2019
3592
4 daqiqa o‘qiladi

2025 yilga qadar suv tanqisligidan 2 milliard aholi aziyat chekadi(mi)?

Foto: O‘zbekiston yoshlar ittifoqi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “O‘zbekiston ekologik partiyasi va yoshlar – maqsad, reja, natija” mavzusida onlayn vebinar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy Kengashlari hamda Ekologik partiyaning hududiy bo‘linmalari mas'ul xodimlari, hududiy boshqarma, tashkilot va oliy ta'lim muassasalarining boshlang‘ich tashkilot yetakchilari, ko‘ngilli yoshlar qatnashdi. 

Vebinarda mamlakatimizning bugungi kundagi ekologik vaziyati, atrof-muhitni asrash borasida olib borilayotgan ishlar va mavjud kamchiliklar, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari, ekologik rivojlanishda yoshlar ishtirokining ahamiyati keng muhokama etildi.

—Hozirda Yer yuzida 1,5 mlrd aholi sanitariya normalariga binoan xavfsiz ichimlik suviga ega emas. Har kun dunyoda 5 ming kishi ifloslangan ichimlik suvidan foydalanish oqibatida olamdan ko‘z yumadi. 2025 yilga qadar suv tanqisligidan  2 mlrd. aholi aziyat chekish ehtimoli bor, – deydi O‘zbekiston ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi  Boriy Alixanov.

Shuningdek, insoniyat bir yil davomida iste'mol etadigan energiyani Quyosh bir soatda berishi, qayta tiklanuvchi energiya  manbalarining tatbiq etilishi natijasida Yer yuzida hozirda 2,5 mln. kishi ish bilan ta'minlangani haqida ma'lumotlar berildi. 

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Begmat Ochilov suv resurslarini samarali taqsimlash dunyoning barcha mintaqalari uchun dolzarb muammo ekanligini alohida ta'kidladi. Ochiq suv oqimlari bo‘lgan davlatlar o‘z hududlari chegarasida transchegaraviy suv oqimlaridan umume'tirof etilgan xalqaro huquq tamoyillari va me'yorlari bo‘yicha foydalanishi shartligini aytib o‘tdi.

 Muloqotda yurtimizda sohaga oid amalga oshirilayotgan islohotlar, ona tabiatni asrash, kelgusi avlodlarga bekam-u ko‘st yetkazishda yoshlar yetakchilarining o‘rni va vazifasi hamda bugungi kundagi orol muammosi haqida fikr-mulohazalar yuritilib, aholining ekologiyaga bo‘lgan noto‘g‘ri munosabati va undan kelib chiqayotgan salbiy illatlarni oldini olish masalasi  o‘rtaga tashlandi. Jumladan, Orol dengizi  inqirozi bilan vujudga kelgan ekologik muammolar va dengizning qurigan qismida maydoni 5,5 mln. ga bo‘lgan yangi cho‘l – Orolqum bilan bog‘liq taqdimotlar namoyish etildi. 

Bundan tashqari vebinarda O‘zbekiston Ekologik partiyasining maqsadi va faoliyat yo‘nalishlari, istiqboldagi vazifalari, shuningdek saylovoldi dasturlari haqida atroflicha tushunchalar berib o‘tildi. O‘zbekiston Ekologik partiyasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining kelgusidagi hamkorligi belgilab olindi va partiyaga qiziquvchi yoshlar ixtiyoriy ravishda partiyaga a'zolikka taklif etildi.

Vebinar davomida tinglovchilar tabiatni muhofaza qilish, atrof-muhitga oqilona munosabatda bo‘lish borasida o‘zlariga kerakli xulosalarni chiqarib oldi. Tadbir yakunida spikerlar ishtirokchilarning savollariga javob berishdi.

Shahnoza Nurullayeva

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid