Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kattaqo‘rg‘onda tadbirkorning binosi ogohlantirishsiz buzib tashlandi. Jabrlanuvchi adolat istamoqda
Kun.uz tahririyatiga huquqlari buzilayotgan tadbirkorlar tomonidan ko‘plab murojaatlar kelishi davom etmoqda. Aksariyat murojaatlarda mahalliy hokimliklar va tadbirkorlar o‘rtasidagi turli nizolar, tushunmovchiliklar bayon etilgan.
Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumani, «Mo‘minxo‘ja» mahallasida yashovchi tadbirkor Qursiya Toshpo‘latova ham buzilgan huquqlarini tiklashda yordam so‘radi.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘ldik va tadbirkor bilan suhbatlashib, uning e'tirozlarini tingladik.
«Men uzoq yillardan buyon farmatsevtika sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelaman. Tumanning «Kattaming» mahallasida xususiy dorixonam bor edi. Dorixona binosi ham bizga tegishli, 2014 yilda oldi-sotdi shartnomasi asosida sotib olganman, egalik huquqi va kadastr hujjatlari ham bor. Dorixona 2013 yilgacha faoliyat ko‘rsatdi. 2017 yil may oyida ushbu binoda yong‘in sodir bo‘ldi va binoning tom qismi yonib ketdi. 2017 yil iyun oyida xususiy korxonamiz faoliyatini tugatdik. Keyinchalik sog‘lig‘im yomonligi tufayli ishni qayta davom ettira olmadik. Ammo bino bizga tegishliligicha qolgandi. Sog‘lig‘imni tiklab, 2018 yildan o‘sha binoda yana tadbirkorlik faoliyatimni boshlashga harakat qilib yurganimda, uyimga bir yigit kelib, binoning g‘ishtlarini sotishimni so‘radi. Nega bunday deyayotganini so‘rganimda, u dorixona binosi maxsus texnika yordamida tuman hokimiyati vakillari tomonidan buzib tashlaganini aytdi. Bizning bundan xabarimiz yo‘q edi, hech kim ogohlantirmagan ham. Bu qanday hol axir? Bino bizga tegishli bo‘lsa, o‘z-o‘zidan buzib tashlashadimi? Shundan buyon bir necha bor hokimiyat mutasaddilariga murojaat qildim. Ular menga «O‘rniga yer beramiz, dorixona binosi joylashgan hudud «Obod qishloq» dasturiga tushgan», deyishdi. Huquqimizni buzib, hech qanday ogohlantirishsiz mulkimizni yakson qilishgani yetmagandek, shu vaqtgacha buzilgan bino va tortib olingan yer evaziga va'da qilingan yerni ham ajratib berishmayapti. Bu orada buzilgan dorixona binosi o‘rniga qishloq oilaviy poliklinikasi qurishdi. Men esa mulkimdan ajralib, quruq qoldim. Shu adolatdanmi?», – deydi biz bilan suhbatda Qursiya Toshpo‘latova.
O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, Q.Toshpo‘latova 1986 yildan buyon farmatsevtika sohasida faoliyat yuritib kelgan. 2004 yilning iyun oyida Kattaqo‘rg‘on tumani, «Kattaming» mahallasidagi dorixona binosini oldi-sotdi shartnomasi asosida sotib olgan.
Shundan keyin u 2004 yilning 14 iyulida «Gulizebo – N.Q.S» xususiy korxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.

2004 yilning 8 noyabrida Sog‘liqni saqlash vazirligidan farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya oladi.

Ammo 2017 yilda tadbirkor sog‘ligi yomonlashgani uchun «Gulizebo – N.Q.S» xususiy korxonasi faoliyatini tugatadi. Qolaversa, shu yil may oyida vaqtincha foydalanilmay turgan dorixona binosida yong‘in sodir bo‘lgan. 2018 yilda esa Kattaqo‘rg‘on tumani hokimiyati mutasaddilari tomonidan ushbu bino tadbirkor ogohlantirilmasdan buzib tashlangan.


Shundan buyon Q.Toshpo‘latova adolat istab, tuman hokimiyatiga murojaat qilib kelmoqda. Ammo unga yetkazilgan zarar qoplanmayapti. Tuman hokimligi mutasaddilari buzilgan bino evaziga boshqa hududdan yer ajratib berilishini aytgan bo‘lsa-da, muammo shu vaqtgacha hal qilinmagan.
Ayni vaqtda buzilgan dorixona binosi o‘rnida qishloq oilaviy poliklinikasi qurib, foydalanishga topshirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 4-bandida tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yer uchastkasini olib qo‘yish, yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlarni, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni ko‘chirib tashlash to‘g‘risidagi tegishli qarorlari nusxalarini bildirishnomaga ilova qilgan holda, buzish boshlangungacha 6 oydan kechikmay, imzo qo‘ydirib uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar mulkdorlarini qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilishi shartligi qayd etilgan. Ammo tadbirkor Q.Toshpo‘latova bu haqida bino buzilgandan keyin xabar topgan. Uni hech kim ogohlantirmagan.
Shuningdek, ushbu Nizomning 26-bandida yuridik shaxsga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan uy, ishlab chiqarish imoratlari, boshqa imoratlar, inshootlar, dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasi olib qo‘yilgan holda unga avvalgisiga teng qiymatli mol-mulk beriladi va yer uchastkasi davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi oqibatida yetkazilgan zarar to‘laligicha qoplanishi belgilangan. Biroq Q.Toshpo‘latovaga yetkazilgan zarar shu kunga qadar qoplanmasdan qolmoqda.
Ushbu holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari N.Sanoqulov va hokimlik huquqshunosi K.Ahmedov bilan uchrashdik.

Mutasaddilar tez kunlarda Q.Toshpo‘latovaga buzilgan dorixona binosi va undan olib qo‘yilgan yer evaziga boshqa hududdan 1 sotix yer ajratib berilishini aytdi. Ayni vaqtda ajratiladigan yer ham belgilab olinganini bildirishdi.
Hokimlik mutasaddilarining tadbirkor muammosini ijobiy hal etgani yaxshi, albatta. Ammo dorixona binosi buzilayotganda nega tadbirkor ogohlantirilmagan? Nega unga o‘z mulkidagi, ya'ni binodagi qurilish xomashyolarini olib chiqib ketishga imkoniyat berishmagan? Afsuski, bu savollarga qoniqarli izoh olishning imkoni bo‘lmadi.
Tan olib aytish kerakki, Kattaqo‘rg‘on tumanida uy-joy va yer bilan bog‘liq nizolar ko‘pligi mazkur tuman aholisidan shu mazmunda kelayotgan murojaatlar ko‘lamidan ham ko‘rinib turibdi.
Tuman hokimligining ayni vaqtdagi rahbariyati ko‘p hollarda yer, uy-joy bilan bog‘liq muammolar avvalgi rahbarlar davrida to‘planib qolganini ta'kidlashadi.
Xo‘p, buni to‘g‘ri tushunish mumkindir. Ammo tadbirkor Q.Toshpo‘latovaning yer va mulki bo‘yicha nizo ayni vaqtdagi rahbarlar davrida yuzaga keldi-ku?! Ko‘p nizolar va muammolarni avvalgi rahbarlarga ag‘darayotgan tuman mutasaddilarining o‘zlari bugungi kunda tadbirkorga adolatsizlik qilib, ushbu chigal vaziyatni yaratishdi-ku? Bunga ham avvalgi rahbarlar aybdormi?
Kun.uz tadbirkor Qursiya Toshpo‘latovaning tuman hokimligi tomonidan buzilgan huquqi tiklanishini kutadi va bu mavzuga yana qaytadi.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
14:57 / 09.05.2025
Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uyda gaz portladi. 6 kishi halok bo‘lgan
12:20 / 05.05.2025
10 metrlik jarlik ichidagi changalzorga tushib ketgan ikki kishi qutqarildi
10:20 / 05.05.2025
Nurobodda qariyb 17 ming gektar maydonda zararli chigirtkalar tarqalgani aniqlandi
13:52 / 09.03.2025