O‘zbekiston | 12:28 / 13.03.2019
9094
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentga parvozlarni amalga oshiruvchi Flydubai aviakompaniyasi Boeing 737 MAX samolyotlaridan foydalanishni vaqtinchalikka to‘xtatdi

Foto: flydubai.com

Flydubai aviakompaniyasi Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi (GCAA) buyrug‘iga binoan MAX 8 va MAX 9 seriyasidagi Boeing 737 samolyotlari parvozlarini bekor qiladi.

Reyslardagi to‘xtalishlarning oldini olish maqsadida kompaniya parvozlarni Next-Generation Boeing 737-800 modelidagi samolyotlarda amalga oshiradi. 

Aviakompaniya Toshkent – Dubay, Dubay – Toshkent yo‘nalishlarida haftasiga 10 marta parvoz qiladi. Flydubai Toshkentdan Dubayga haftaning seshanba, payshanba, juma, shanba va yakshanba kunlarida uchsa, Dubaydan Toshkentga dushanba, chorshanba, payshanba, juma va shanba kunlarida parvozga chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi «Davavianazorat» inspeksiyasi 2018 yil so‘ngida Birlashgan Arab Amirliklarining Flydubai aviakompaniyasini Dubay-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha doimiy aviatashuvchi sifatida tasdiqlagandi. 

Ma'lumot uchun, Flydubai aviakompaniyasi 2008 yilda Dubay ma'muriyati tomonidan tashkil etilgan shaharning ilk loukosteri hisoblanadi. Bugunga kelib, aviakompaniya haftasiga 1400 parvozni amalga oshiradi. Kompaniyada 500 nafardan ziyod uchuvchi va 1000dan ortiq bort kuzatuvchisi faoliyat olib boradi.

10 mart kuni Efiopiyada Boeing 737−8 MAX layneri halokatga uchraganidan so‘ng ko‘plab mamlakatlar ushbu laynerlardan foydalanishni to‘xtatdi. AQSh esa hozircha bunday taqiqni joriy etishni rejalashtirayotgani yo‘q.

Mavzuga oid