Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tibbiyot muassasalarida koxlear implantatsiya uchun bemorlarni tanlab olish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot muassasalarida koxlear implantatsiya uchun bemorlarni tanlab olish va operatsiya o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan tibbiyot muassasalarida koxlear implantatsiya uchun bemorlarni tanlab olish va operatsiya o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi Nizom tasdiqlanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri (A.Q.Shodmonov)ga:
2019 yildan boshlab, bolalarda eshitish buzilishlarini erta tashxislash maqsadida tug‘ruqqa ko‘mak beruvchi muassasalarda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni skriningdan o‘tkazishni tashkil qilish;
karlik va eshitish zaifligi bo‘lgan bolalarni davolash va reabilitatsiya qilishda innovatsion texnologiyalarni joriy qilish va o‘rnatilgan tartibda jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan koxlear implantlarini xarid qilishni davom ettirish;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi va Maktabgacha ta'lim vazirliklari bilan birgalikda koxlear implantlarni ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar hamkorligida Respublikaning barcha mintaqalarida karlik va eshitish zaifligi bo‘lgan bolalarni operatsiyadan keyingi reabilitatsiya qilish dasturini ishlab chiqish va tatbiq etishni tashkillashtirish vazifalari yuklatiladi.
Tibbiyot muassasalarida koxlear implantatsiya uchun bemorlarni tanlab olish va operatsiya o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, davlat budjeti mablag‘lari hisobiga koxlear implantatsiya operatsiyalari o‘tkaziladigan Muassasalarga quyidagilar kiradi:
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy amaliy tibbiyot markazi;
koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazishga imkoniyati bo‘lgan Davlat va nodavlat tibbiyot markazlari.
Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga bolalarda bajarilgan koxlear implantatsiya operatsiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlarini o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi va Maktabgacha ta'lim vazirliklari tomonidan ishlab chiqarilgan me'yoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Koxlear implantatsiya operatsiyasi bemor bola 5 yoshga to‘lgunga qadar o‘tkazilganda ijobiy natija berishini hisobga olib, Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga xarid qilingan implantantlardan samarali foydalanish uchun ular 5 yoshga to‘lmagan bolalarga bepul taqdim etiladi.
Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har bir bemorga faqat bir tomonlama koxlear implantatsiya operatsiyasi bepul bajariladi.
5 yoshga to‘lmagan bemor bolalarning ota-onalari, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki homiylari budjet mablag‘lari hisobiga xarid qilingan implantant hisobiga amalga oshiriladigan koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazish bo‘yicha shakllantirilgan navbatni kutishni istamagan taqdirda, implantantni o‘zlari sotib olishlari mumkin.
Bemor bolalarga koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish va bemor bolalarni koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazish uchun Muassasaga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 sentyabrdagi 696-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq xududiy Sog‘liqni saqlash boshqarmalari tomonidan berilgan yo‘llanma asosida amalga oshiriladi.
Koxlear implantatsiya operatsiyalarini o‘tkazuvchi Muassasada audiologik, nur diagnostikasi, surdopedogogik, logopedik, psixonevrologik, laborator va boshqa maxsus klinik tekshiruvlarni, operatsiyadan keyin nutq protsessorini moslashni o‘tkazish sharoiti bo‘lishi kerak. Agar Muassasada ulardan ba'zilari bo‘lmagan holda ko‘rsatilgan tadbirlarni amalga oshiruvchi muayyan davlat va nodavlat davolash-diagnostika muassasalari bilan doimiy asosda tuzilgan shartnomalari bo‘lishi shart. Bu davolash-diagnostika muassasalari xulosalari muassasaning rahbari imzosi va muhri bilan tasdiqlangan holda taqdim etilishi kerak.
Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan tayyorlanishi kerak bo‘lgan hujjatlar:
Muassasa va bemor bolalarning ota-onasi, uning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasida koxlear implantatsiya opersiyasini o‘tkazish va undan keyingi uzoq muddatli reabilitatsiya tadbirlarini o‘tkazishga tayyorligi va roziligini tasdiqlovchi shartnoma;
bemor bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va nusxasi;
bemor bolaning oxirgi bir oy ichida olingan 3x4 sm hajmdagi fotosurati;
bemor bolaning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar (pasport) va nusxalari;
bemorni to‘liq tekshirishdan o‘tkazgan vakolatli davolash-tashxislash muassasasining ambulator yoki/va statsionar kartalarining ko‘chirmasi;
mas'ul shifokor-otorinolaringolog, surdopedagog, psixonevrolog, nevropatolog, pediatr, anesteziolog xulosalari, audiologik, chakka suyaklar MSKT, bosh miya va chig‘anoq MRT (CD 2 nusxada yozilgan bo‘lishi kerak), EEG va ko‘rsatma asosida bajarilgan boshqa tekshirish natijalari, tekshiruv o‘tkazilgan muassasasining rahbari imzosi va muhri bilan tasdiqlangan xulosasi.
Quyidagi holatlar koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazishga ko‘rsatmalar hisoblanadi:
ikki tomonlama sensonevral karlik (o‘rtacha tovush qabul qilish 0,5, 1, 2, 4 kGs chastotalarda 90 dB dan ortiq);
ikki tomonlama IV darajadagi eshitish neyrosensor zaiflashuvi (o‘rtacha tovush qabul qilish 0,5, 1, 2, 4 kGs chastotalarda 71 dB dan ortiq;
bir tomonda IV va boshqa tomonda III darajadagi eshitish neyrosensor zaiflashuvi mavjud va nutqni va eshitishni rivojlantiruvchi boshqa reabilitatsiya tadbirlari yetarli samara bermagan holatlar;
bola ilk yoshidan eshitish apparatidan doimiy ravishda foydalangan va samarasi past bo‘lganligiga qaramasdan og‘zaki ko‘nikmalar shakllanganligi;
eshitish apparati qo‘llanilganda ko‘p bo‘g‘inli so‘zlarni 40 foizdan, bir bo‘g‘inli so‘zlarni 20 foizdan kam bo‘lmagan darajada anglash;
faqat past, o‘rta chastotali tovushlarni, 1-2 metr masofadan shartli reflektor reaksiyalari yordamida yuqori chastotali tovushlarni qabul qila olish;
past, o‘rta va yuqori chastotali nutqsiz tovushlarga 3 metrdan kam bo‘lmagan masofadan beixtiyor va ixtiyoriy reaksiyalar mavjudligi;
baland tovush va ovozlarni eshitish reaksiyalarining rivojlanishida ijobiy o‘zgarishlar mavjudligi;
imo-ishoradan foydalanmagan holda so‘zlovchining yuzidan uning so‘zlayotganligini tushunish;
ovoz faolligining oshishi, undosh harflarga artikulyatsiya tovushlarining mavjudligi;
optimal tanlangan va sozlangan eshituv moslamasidan olti oy mobaynida muntazam foydalanish ijobiy natija bermagan, taqdirda.
Shakllangan ikki tomonlama surunkali karlik mavjud bolalar nutqi shakllangandan keyin (postlingval) navbat asosida;
Meningit kasalligi natijasida eshitish qobiliyatini ikki tomonlama yo‘qotgan bemor bolalarda, koxlear implantatsiya operatsiyasi o‘tkazishga qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmagan bemorlarga 6 oy ichida koxlear implantatsiya operatsiyasi o‘tkaziladi va ularga implantat bepul asosida taqdim etiladi. Bemor bola meningit kasalligi natijasida eshitish qobiliyatini yo‘qotgan vaqt uning kasallik tarixidan ko‘chirma asosida aniqlanadi va 6 oy davomida olib borilgan reabilitatsiya tadbirlarini o‘tkazgan muassasa rahbari imzosi va muhri bilan tasdiqlangan xulosasi taqdim etiladi.
Quyidagi holatlar koxlear implantatsiya operatsiyasini o‘tkazishga qarshi ko‘rsatmalar hisoblanadi:
kompyuter tomografiyasi va magnit rezonans tomografiyasi natijalariga ko‘ra, chig‘anoqning elektrod zanjirini kiritishga imkon bermaydigan darajada qisman yoki to‘liq ossifikatsiyasi;
rejali jarrohlik muolajalariga mutlaq qarshi ko‘rsatma bo‘luvchi somatik kasalliklarning (o‘rta quloqning surunkali yallig‘lanish kasalliklari, yurak-qon tomirlari, buyrak va jigarning og‘ir kasalliklari, qon kasalliklari, qandli diabet, sil, zaxm, orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi va boshqalar) mavjudligi;
bemorlar, bemor bolalarning ular bilan birgalikda yashovchi ota-onalarida koxlear implantatsiya opersiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlarini o‘tkazish va koxlear implantdan foydalanishni qiyinlashtiruvchi ruhiy va chuqur nevrologik buzilishlar (autizm, shizofreniya, psixopatiya, autoagressiya, epilepsiya, tutqanoq sindromi, elektroensefalogrammada aniqlangan tutqanoqqa moyillik) mavjudligi;
retrokoxlear kasalliklar mavjudligi, shu jumladan chig‘anoq yoki eshituv nervi yo‘qligi, eshituv tizimining yuqori sathlaridagi shikastlanishlar, vestibulyar o‘zgarishlar) auditor neyropatiyadan tashqari;
bemorda, bemor bolaning ota-onalari, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki homiylarida, koxlear implantatsiya operatsiyasidan keyingi reabilitatsiya tadbirlarini o‘tkazish imkoniyati va istagi yo‘qligi.
Elektroensefalogrammada tutqanoqqa moyillik aniqlangan bolalar kamida olti oy davomida o‘z yashash joyida nevropatolog mutaxassisida davolanganidan keyin qayta elektroensefalogramma tekshiruvidan o‘tishlari mumkin.
Koxlear implantatsiya operatsiyasi bajarilishi zarur barcha bemor bolalar tanlov komissiyasi tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilishi shart.
Komissiya rais, rais o‘rinbosari hamda besh nafar a'zodan iborat tarkibda tuziladi. Komissiya tarkibiga koxlear implantatsiya operatsiyasi o‘tqaziladigan muassasalar vakili kiritilishi zarur. Komissiya tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan shakllantiriladi.
Mavzuga oid
13:45 / 14.11.2022
Eshitishi zaif bolalarga budjetdan koxlear implanti o‘rnatish natijalari sarhisob qilindi
09:57 / 06.05.2022
Toshkent shahar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tashkil etildi
20:14 / 05.05.2022
Buloqboshi tumanida tug‘ruq jarayonidagi chaqaloq o‘limi bo‘yicha mas’ullar lavozimidan ozod etildi
19:30 / 05.05.2022