Sport | 15:05 / 15.03.2019
25333
8 daqiqa o‘qiladi

OChL finaliga bora oladigan jamoa, 100 million dollarlik stadion va Babayan haqida «Paxtakor» bosh direktori bilan suhbat

Toshkentning «Paxtakor» klubi 2017 yilda yangi davrga qadam qo‘ydi. Klub yangi rahbariyat bilan shonli o‘tmishini tiklashga qaror qilgandi. Joriy mavsumni «Paxtakor» yaxshi boshladi. Chempionlar Ligasi saralashidan o‘tgan jamoa guruh bosqichida ham yomon ketmayapti. Tribuna.uz muxbiri «Paxtakor»ning kelajakdagi rejalari haqidagi savollarga javob olish uchun klub bosh direktori Dmitriy Adisman bilan suhbat uyushtirdi.

«Paxtakor» xalq jamoasi. Bu ayniqsa 1979 yilda bilingan...»

«Paxtakor» - xalq jamoasi. Bu mening gaplarim emas. Bu tarix. Qayerga borsangiz, «Paxtakor»ga shunday ta'rif berishadi. Bilasiz, «Paxtakor» sobiq ittifoq vaqtida tashkil etilgan va mamlakat Oliy Ligasida qatnashgan. O‘shanda butun o‘zbekistonlik muxlislar «Paxtakor»ga muxlislik qilishgan. Bu ta'rif aslida o‘shanda paydo bo‘lgan. U vaqtlar «Paxtakor» va xalq bir tan-u bir jon bo‘lgan. Bu ayniqsa 1979 yilda bilingan... O‘shanda butun mamlakat qayg‘uga cho‘mgan. «Paxtakor» halokatdan keyin ham o‘zini tiklab oldi. Bunga qaysidir ma'noda xalqning muhabbati madad bergan desak, adashmaymiz. Xalq jamoasi degan tarixiy ta'rifni saqlab qolishga harakat qilamiz. Bu biz uchun juda muhim», – deya so‘z boshladi Adisman.

«Babayan bilan muammolarimizni hal qilganmiz»

Samvel Babayanning futbolga qaytgani katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Uni O‘FF (hozirda O‘FA) «Paxtakor»da futbolchilarning shartnomalarini noqonuniy o‘zgartirgani uchun futboldan chetlashtirgandi. Adisman Babayanning futbolga qaytishi va uning «Paxtakor»ga tug‘dirgan muammolari haqida ham fikrlarini bildirdi.

– Samvel Babayan uzoq yillar «Paxtakor»da ishlagan. Uning davrida jamoa ko‘plab yutuqlarga erishgan. Babayanning klub uchun qilgan mehnatlarini rad eta olmaymiz. Uning ayblanishi haqida gapiradigan bo‘lsak, biz unga hukm chiqaradigan organ emasmiz. To‘g‘ri, yangi rahbariyat kelganida Babayan bilan bog‘liq muammolar bor edi va biz ularni hal qilganmiz. Bu muammolar futbolchilarning, jumladan akademiya futbolchilarining shartnomalari bilan bog‘liq edi. Biz ularni hal qilganmiz.

O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqa olmaganidan so‘ng juda ko‘pchilik muxlislar barchasida Babayanni ayblashdi. Futbol Federatsiyasiga, portalga uning ustidan shikoyatlar borib tushgan. O‘ylaymanki, federatsiyadagilar uni shaxsiy adovat sabab futboldan chetlatishmagan. Bu uchun asos keltirishgan. Bundan tashqari, muxlislarning ham noroziligi bunday qaror chiqarishda muhim rol o‘ynagan. Xabarim bor, uni butun umrga futboldan chetlatishgan edi. Lekin men ham siz kabi yaqinda bildimki, «Bunyodkor» Samvelga kafillik qilgan va diskvalifikatsiya bekor qilingan. Endi «Lokomotiv» Babayanni ishga taklif qildi. Demak, ular Babayanning foydasi tegadi deb o‘ylashadi.

Hozir Babayanning «Lokomotiv»ga borgani, federatsiya uni jazolagani haqida gapirmoqchi emasman. Bu «Paxtakor»ning vakolatiga kirmaydi. Yuqorida aytganimdek, u bilan bog‘liq muammolarimizni hal qilganmiz.

Babayan vaqtida futbolchilarning shartnomalari bilan muammo bo‘lgani rost. Masalan, biz jamoani qabul qilib olganimizda (2017 yilda) deyarli barcha futbolchilarning shartnomasi mavsum oxirida tugashi ko‘rsatilgandi. Biz oldingi shartnomalarni ko‘rganimizda esa aksariyat shartnomalarning muddati 2018, 2019 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lgan. Bu borada futbol yuristlari bilan gaplashganimizda, kimnidir ayblab, eski hujjatlarni ko‘targandan ko‘ra futbolchilar bilan yangidan shartnoma imzolashni taklif qilishdi. Biz shunday qildik va barcha futbolchilar bilan yangidan shartnoma imzolab, hammasini o‘z o‘rniga tushirdik.

«Biz qisqa muddatli jamoa tuzmayapmiz»

Dmitriy Adismanning aytishicha, yangi rahbariyat uzoq muddatga kelgan.

– Yangi rahbariyat jamoani qabul qilib olganidan so‘ng biz barchasini boshidan boshladik. Avvalo jamoaga yangi murabbiy taklif qildik. Shota Arveladze va uning shtabi «Paxtakor»ga qisqa muddatga kelmaganliklarini bilishadi. Biz ertaga yo‘qolib qoladigan jamoa tuzmoqchi emasmiz. Bizning maqsadimiz jamoa tuzish. Bu kiyinish xonasidan boshlanadi. Futbolchilar ham rahbariyat uzoq muddatda kelganini bilishi kerak. Klub rahbariyati Shota Arveladze tashkil etayotgan jamoadan mamnun.

Yangi rahbariyat klubda ko‘p narsani o‘zgartirdi. Masalan, moddiy texnik bazani. Bu borada hali yana ko‘p ishlar qilishimiz kerak. Hozir «Paxtakor»ning asosiy qarorgohidan tashqari yana ikkita mashg‘ulot bazasi bor. Chilonzor va Qibrayda. U yerlarda ta'mirlash ishlarini olib borishimiz kerak. Keyin «Paxtakor» stadionini yangilash haqida ham bosh qotiryapmiz. To‘g‘ri, bu stadion bilan bog‘liq ko‘p xotiralar bor, lekin bu yerda barcha talablarga javob beradigan yangi stadion qurishni zamon talab qilmoqda. Qatar, Saudiya, BAA klublarining sharoitlarini ko‘rgansiz. Biz ham ular kabi qulayliklarga ega bo‘lishimiz kerak. Yangi stadionning qurilishi bizga qanchaga tushishini aniq ayta olmayman, lekin taxminan 100 million dollardan ko‘proq pul ketadi. Alisher Usmonovning bizga investitsiya kiritgani rost. Umid qilamanki, bu kelajakda ham davom etadi.

«Chempionlar Ligasida guruhdan chiqish vazifasi qo‘yilgan»

«Paxtakor» bosh direktori jamoa oldiga Chempionlar Ligasida kamida guruhdan chiqish vazifasi qo‘yilganini aytdi. Uning aytishicha, hozirgi jamoa finalgacha bora oladi.

– Klub rahbariyati albatta, futbolchilarga vazifa qo‘ygan. Chempionlar Ligasida kamida guruhdan chiqishimiz kerak. Buni uddalashimizga ishonaman. Guruh bosqichiga chiqish uchun o‘tkazilgan ikkita saralash o‘yini biz uchun foydali bo‘ldi. Bu o‘yinlarda yigitlar haqiqiy jangchi ekanliklarini ko‘rsatib berishdi. Toshkentga kelgan iroqliklar jamoasi («Eyr Fors») jiddiy raqib edi. Mehmondagi o‘yinimiz ham (BAAda «An-Nasr»ga qarshi) oson bo‘lmadi. Erondagi «Persepolis»ga qarshi o‘yinni o‘zingiz ko‘rdingiz, o‘yin juda og‘ir kechdi. OChLda imkon qadar uzoqroqqa borishni xohlaymiz. Bugungi futbolchilar finalgacha bora oladi deb o‘ylayman.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

 

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid