Sport | 18:24 / 16.03.2019
7250
4 daqiqa o‘qiladi

Aleksandr Yakushev: "Humo Arena'ning qurilishi butun jahon sporti rivoji yo‘lida xizmat qiladi"

"Humo Arena" muz saroyining qurilishi jahon sporti va, xususan, xokkey hamda figurali uchish rivojiga hissa qo‘shadi. Shunday bo‘lsa-da, bu faqat boshlanishi, bundan keyin O‘zbekistonda muz maydonlarini ko‘paytirish kerak. Kun.uz muxbiri xokkey bo‘yicha ikki karra Olimpiya chempioni (1972, 1976), yetti karra jahon va Yevropa chempioni Aleksandr Yakushevning so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

"Xokkey sport turining katta yoshli vakili sifatida o‘zbekistonliklarni bunday ajoyib muz saroyining ochilishi bilan tabriklayman. Zero "Humo Arena"ning ochilishi nafaqat o‘zbek sporti, jumladan, xokkey va figurali uchish sport turlarining rivojlanishiga, balki butun jahon sporti, xokkeyi uchun foyda keltiradi, chunki bunday darajadagi har bir arena sport rivoji uchun kuchli turtki beradi", - dedi u.

Aleksandr Yakushevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu arenaning qurilishi O‘zbekistonda xokkeyni rivojlantirish uchun juda yaxshi zamin yaratadi, asosiysi - kelgusida bunday va bundan kichikroq muz inshootlarini ko‘paytirish.

"Humo Arena sport kompleksi juda zo‘r, albatta, lekin bundan keyin aynan mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan kichikroq muz maydonlarini ko‘paytirish kerak bo‘ladi. Misol uchun, Moskvada qancha muz maydoni qurmaylik, baribir ularning kamligi seziladi. Shunday ekan, birgina muz saroyi bilan qutulmaysiz, hali mashg‘ulotlar o‘tkaziluvchi ko‘p muz maydonlarini tashkil qilishingiz kerak bo‘ladi", - deydi Yakushev.

Shu o‘rinda xokkey afsonasi O‘zbekistonda xokkeyni rivojlantirish uchun tajriba borligini qayd etib, "Binokor" jamoasini tilga oldi.

"Xokkeyga kelsak, yuqorida aytganimdek uning rivoji uchun zamin yaratildi, tajriba bor - sovet davrida O‘zbekistonda "Binokor" jamoasi bo‘lgan, sovet xokkeyining birinchi ligasida o‘ynagan. Humo Arena'ning qurilishi O‘zbekistonda xokkeyni rivojlantirish, uning bazasida xokkey jamoalarini shakllantirish, kelgusida bu jamoalarning KXL ili AXLda o‘ynashi uchun zamin yasaydi", - ta'kidladi u.

Ta'kidlash joizki, Aleksandr Yakushev 15 mart kuni bo‘lib o‘tgan "Humo Arena" ochilish marosimida ishtirok etib, xokkey afsonasi Pavel Bure, Vitaliy Proxorov, Alisher Azimov va Bahodir G‘ofurovlar bilan birga O‘zbekistonning yoshlar jamoasiga qarshi ramziy o‘yinda ishtirok etdi. O‘yinda 2:2 hisobi qayd etildi.

Ma'lumot uchun: Aleksandr Yakushev - ikki karra Olimpiya chempioni (1972, 1976), yetti karra jahon va Yevropa chempioni (1967, 1969, 1970, 1973-75, 1979). 1975 yilda u eng yaxshi hujumchi sifatida e'tirof etilgan. 1974 va 1975 yillarda jahon chempionatining ramziy terma jamoasi safiga qo‘shilgan. Olimpiya o‘yinlari, jahon va Yevropa chempionatlarida 90 match o‘ynab, 64 shaybani darvozaga kiritgan. SSSR terma jamoasida jami 146 shayba kiritgan. SSSRning uch karra chempioni (1967, 1969, 1976). 1970 va 1971 yillarda SSSR Kubogi egasi. Uch marotaba SSSR chempionatining eng yaxshi snayperi deb tan olingan (1968/1969, 1973/1974, 1975/1976). 1965, 1967-1971, 1973-1977, 1979 yillarda SSSRning eng yaxshi xokkeychilari ro‘yxatiga kiritilgan. Vsevolod Bobrov Klubi a'zosi. 2003 yilda Xalqaro xokkey federatsiyasining Shon-sharaflar zaliga kiritilgan. 2018 yilda Xokkey shon-shuhrati zaliga kiritilgan.

235234235234.jpg
MMAL5096.JPG
MMAL5595.JPG
MMAL5695.JPG
235234235.jpg

Mavzuga oid