Sport | 16:04 / 16.03.2019
9974
7 daqiqa o‘qiladi

«O‘FAni tanqid qilish niyatida emasdim». Kanchelskis vodiy derbisidan keyingi so‘zlari uchun uzr so‘radi

«Navbahor» bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis Superliganing 1-turidagi «Qo‘qon-1912»ga qarshi o‘yindan keyin O‘FA haqida bildirgan fikrlariga izoh berdi, deb xabar bermoqda PFL matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, 10 martdagi o‘yin Namangandagi stadion tayyor holatda bo‘lmagani tufayli Toshkentda bo‘lib o‘tgan va unda 1:1 hisobi qayd etilgandi. «Navbahor» bosh murabbiyi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida quyidagicha so‘z yuritgandi.

«Bugun stadionimiz tayyor bo‘lmagani sababli Toshkentda o‘ynashga majbur bo‘ldik. Biz rasman mezbon edik, lekin tezroq Namanganda o‘ynashni boshlasak, yaxshi bo‘lardi.

Biz mavsum boshlanishini intizorlik bilan kutdik. O‘zingiz ko‘rdingiz, har xil o‘zgarishlar qilishdi. To‘g‘risi, ular nima qilmoqchi bo‘lishayotganini umuman tushunmayapman. Endi 2-turni yana 20 kundan keyin o‘ynaymiz. Yuqorida aytganimdek, futbol federatsiyasidagilar nima qilmoqchi ekanliklarini tushunmayapman. Bunday g‘alati holatga birinchi marta to‘qnash kelyapman va bu menga erish tuyulmoqda. Lekin nima ham derdim, O‘zbekistonda yashayapmizmi, demak sizning qonunlaringiz bilan yashaymiz», – degandi Andrey Kanchelskis.

PFL xabarida aytilishicha, tashkilot rossiyalik mutaxassisning bu fikrlarini «bosiqlik bilan qabul qildi hamda ishni O‘FA qo‘mitalariga oshirishga shoshilmadi». Aksincha, liga vakillari Kanchelskis bilan bir necha kundan so‘ng bog‘lanib, mazkur masala yuzasidan izoh so‘ragan.

«Bilasizmi, 1-tur o‘yinini mezbon bo‘la turib, o‘z maydonimizda o‘tkazmaganimiz kayfiyatimizni biroz buzdi. Qolaversa, chempionatni g‘alaba bilan boshlamoqchi edik. Lekin yakunda durang o‘ynadik. Buning ortidan matbuot anjumani vaqtida kayfiyatim joyida emasdi. Hayajon sabab fikrlarimni biroz qo‘pol tarzda bayon etib yubordim. Aslida esa aynan kimnidir yoki O‘FAni tanqid qilish niyatida emas edim. Qizishib aytgan so‘zlarim uchun futbol jamoatchiligidan uzr so‘rayman», — degan Kanchelskis.

Ta'kidlanishicha, PFL o‘z maydonida ulkan o‘zgarishlar qilayotgan «Navbahor»ning mehnatlarini qadrlaydi. «Shuning uchun ham mazkur jamoaga o‘z uy uchrashuvlarini vaqtinchalik istalgan stadionda o‘tkazish imkoniyati taqdim etildi», – deyiladi xabarda.PFLning tushuntirishicha, «Navbahor» stadionining yangi ko‘rinishi qachon tayyor bo‘lishi ham, mazkur jamoa aynan qaysi stadionda o‘ynashni ixtiyor etishi ham O‘zPFL yoki O‘FAning qo‘lida emas.

«Bundan kelib chiqadiki, bosh murabbiy tomonidan bildirilgan keskin fikrlar ko‘proq jamoa rahbariyatiga tegishlidir», – deya qayd etilgan rasmiy bildirishda.

«Ayni paytda PFL barcha maydonlar ideal holatda bo‘lishini talab etmoqda va bu juda to‘g‘ri fikr. Ushbu tashabbusni to‘la qo‘llab-quvvatlayman. Yevropada, xususan, Angliyada faoliyat olib borgan kishi sifatida aytishim mumkinki, yaxshi holatdagi maydonda futbolchi ham rohatlanib to‘p suradi. Shuning uchun uy stadionimiz imkon qadar tez muddat ichida tayyor bo‘lishini hamda jamoamiz ishqibozlarini chiroyli g‘alabalar bilan xushnud etishini istayman», - deb fikrida davom etgan «Navbahor» bosh murabbiyi.

O‘zPFL Kanchelskis tomonidan bildirilgan mazkur fikrlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Shu bilan birga, tashkilot bir yil muqaddam Superliganing bir qator klublari aynan «Navbahor» stadioni masalasida qiyinchilikka duch kelgani, biroq PFL o‘yinlar namanganlik muxlislar ko‘z o‘ngida o‘tishini talab qilganini eslatib o‘tgan.

Xabarda aytilishicha, «klub rahbariyati bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, vaziyatni yaxshilash yo‘lidan yurayotgani yoqimli holat. Ta'mirlash ishlari yakuniga qadar esa klub mutasaddilari yevropalik murabbiyga holatni to‘liq tushuntirib berishlari kerak bo‘ladi».

PFLning qo‘shimcha qilishicha, tashkilot tomonidan maydoni ayni paytda uchrashuvlarni qabul qilishga tayyor bo‘lmagan jamoalarga stadion tanlash huquqi taqdim etilgan. Shu boisdan «Navbahor» — «Qo‘qon-1912» uchrashuvi Toshkentdagi TTYMI stadionida bo‘lib o‘tdi. Boisi, Namangandagi stadion ham, «Qo‘qon-1912» uy stadioni ham ayni damda yangi mavsumga to‘liq tayyor emas edi.

Eslatib o‘tamiz, namanganliklar o‘z uy uchrashuvini Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida o‘tkazish niyatida edilar. Yakunda esa «Navbahor» «Istiqlol» stadioni emas, balki TTYMI stadioni bilan kelisha oldi va natijada «lochinlar» ilk tur o‘yinini Toshkentda o‘tkazishdi.

PFLning ta'kidlashicha, «Navbahor» va «Istiqlol» stadioni o‘rtasidagi kelishuv nima sababdan amalga oshmagani yuzasidan ham «Navbahor» futbol klubi izoh berishi kerak, PFL emas.

«O‘zPFL Kanchelskis tomonidan hayajon sabab aytilgan fikrlarga keyinchalik tuzatish kiritildi, deb hisoblaydi. Shuningdek, ta'mirlash ishlari davom etayotgan bir qator stadionlarda ish yakuniga yetguniga qadar futbol muxlislari va OAV vakillaridan masalaga bosiqlik bilan yondoshishni so‘raydi.

Yana bir necha kunlardan so‘ng Superliganing bir qator stadionlarida ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Shu bilan birgalikda O‘FA hamda O‘zPFL asossiz tanqid qilingani holatida futbolchi yoki murabbiylar ishini Tartib-intizom hamda etika masalalari bo‘yicha javobgar qo‘mitalar ko‘rib chiqishini eslatib o‘tamiz», – deya yakunlanadi PFLning mazkur holatga nisbatan bildirgan munosabati.

Ma'lumot uchun, «Navbahor» 2-turda «Lokomotiv» (30 mart), 4-turda «Nasaf« (12 aprel) mehmoni bo‘ladi; 3-turni esa 6 aprel kuni o‘z maydonida «Bunyodkor»ga qarshi o‘tkazishi belgilangan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid