Jamiyat | 19:35 / 18.03.2019
14808
5 daqiqa o‘qiladi

“Ko‘ngil ko‘zi” – ko‘zi ojizlar uchun ulkan imkoniyatlar

Bugun, 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan “Kongil kozi” loyihasi taqdimotiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida diplomatik korpus, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari, vazirliklar, idoralar, imkoniyati cheklangan, jumladan ko‘rishda muammosi bo‘lgan insonlar bilan ishlashga ixtisoslashgan davlat va jamoatchilik tashkilotlari vakillari, shuningdek, ko‘zi ojizlar maxsus maktab-internati o‘quvchilari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirda agentlik direktori vazifasini bajaruvchi Komiljon Allamjonov so‘zga chiqib, O‘zbekistonda nogironligi mavjud insonlarning ijtimoiy himoyasini kafolatlovchi qator me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligini ta'kidlab o‘tdi.

Imkoniyati cheklangan insonlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy moslashuvi va reabilitatsiyasiga ko‘mak berishga qaratilgan davlat va jamoat tuzilmalari faoliyat yuritmoqda. Nogironligi mavjud insonlar uchun maxsus maktab-internatlari tashkil etilgan. Ulardan 12 tasida 3 ming nafardan ortiq ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar tahsil oladi. Bunday maktablarning faoliyat yuritishi nogironlarning tarbiyasi, umumta'lim va kasb-hunarga o‘rgatish, keyinchalik esa ularning ishga joylashishiga ko‘mak beradi.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalariga abituriyentlar qabulining umumiy sonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda foizli kvotalar kiritilmoqda. Bu esa ularning oliy ma'lumotga ega bo‘lishini ta'minlab, jamiyatga moslashish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Maxsus qarorga muvofiq “Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi” korxonasining matbaa uskunalarini modernizatsiya qilish, binolari va ishlab chiqarish xonalarini ta'mirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan “Ko`ngil ko`zi» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning tasdiqlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, bu bosmaxona moddiy-texnik bazasi eskirgan, binosi 1967 yilda qurilgan. Undagi uskunalar o‘tgan asrning 60-80-yillaridan beri ishlab kelmoqda. Imkoniyatlar cheklangani bois maxsus alifbodagi 48 turdagi darsliklarga ehtiyoj bo‘lgani holda 18 tur darsliklargina chop etilmoqda.

Yaqin kelajakda Agentlik ushbu loyiha doirasida nafaqat barcha maxsus maktab-internatlarni zarur o‘quv kitoblari bilan ta'minlashni, balki o‘quv materiallarni tushunarli va oson ko‘rinishda yetkazib bera oladigan “O‘rgatuvchi adabiyot”, A. Navoiy, A. Qodiriy, Cho‘lpon, Jomiy kabi adiblarning mashhur asarlarini o‘zida jamlagan “O‘zbek adabiyoti durdonalari” turkum audiokitoblarini nashr etishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.

Taqdimot yakunida mavzu doirasida bahs va munozaralar bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar “Ko`ngil ko`zi” loyihasini amalga oshirishda Agentlik bilan hamkorlik o‘rnatish borasida o‘z qiziqishlarini bildirishdi.

Navro‘z bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan maxsus maktab-internat o‘quvchilariga sovg‘alar topshirildi. Bolalarga audio-ertaklarni o‘zida jamlagan kolonkalar hamda Brayl shriftida chop etilgan o‘zbek ertaklari to‘plami taqdim etildi.

Shuningdek, Xalq ta'limi vazirligi vakillari e'tibori yana bir masalaga qaratildi: ko‘zi ojiz bolalar o‘rtasida faqat ikki fan – ona tili hamda matematikadan olimpiadalar o‘tkazib kelinmoqda, holbuki oddiy maktablarda 17 fandan olimpiadalar bo‘lib o‘tadi.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz vakilining “Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi” korxonasini modernizatsiyalash doirasida yetakchi saytlarda maxsus xayriya aksiyalari o‘tkazish hamda saxiy insonlarga o‘z saxovatlarini amalga oshirish borasida imkoniyat yaratish taklifi ko‘pchilik tomonidan qo‘llab quvvatlandi.

Mavzuga oid