O‘zbekiston | 14:41 / 18.03.2019
4324
4 daqiqa o‘qiladi

Ritu Beri brendi asoschisi O‘zbekistonning Hindistondagi madaniyat turizmi elchisi etib tayinlandi

Foto: O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi

Taniqli hind dizayneri, shaxsiy brend asoschisi Ritu Beri O‘zbekistonning Hindistondagi madaniyat turizmi elchisi etib tayinlandi. Bu haqida Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan "O‘zbek musiqa va modasi festivali" doirasida ma'lum qilindi. O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari Kun.uz'ga shu haqida xabar berishdi.

Ritu Berini Hindistonda ko‘pincha "Moda malikasi", "Hindiston modasi birinichi xonimi" deya e'tirof etishadi. U Parijda o‘z kolleksiyasini namoyish qilgan birinchi hind dizayneri hisoblanadi.

Foto: O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi

Jahonga mashhur kino yulduzlari Nikol Kidman, Letitsiya Kasta, Madxuri Diksit kabilar Ritu Berining liboslarida namoyon bo‘lishadi.

Ritu Beri shuningdek kreativlik va innovatsiyalar targ‘iboti bilan shug‘ullanuvchi The Luxury League notijorat tashkilotining asoschisi ham hisoblanadi.

Dehlida o‘tgan o‘zbek musiqasi va modasi festivalida Ritu Beri o‘z liboslar kolleksiyasi bilan ishtirok etdi. Liboslar tadbir uchun maxsus ishlangan bo‘lib, ularda o‘zbek ikatining yorqin an'anaviy elementlari mavjud.

Tadbir doirasida O‘zbekistonning Hindistondagi favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev Ritu Beruni O‘zbekistonning Hindistondagi madaniyat turizmi elchisi etib tayinlanishi haqida e'lon qildi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining rasmiy sertifikati va esdalik sovg‘asini dizaynerga topshirildi.

Foto: O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi

Ritu Beri O‘zbekiston tomonga bunday yuksak ishonch uchun katta minnatdorchilik bildirdi. Shu o‘rinda u o‘zining O‘zbekistonga qilgan safarini yodga olib, mamlakatning turizm va madaniyat sohasidagi noyob salohiyati haqida so‘zladi. Dizayner Hindistonda O‘zbekistonning madaniy va turistik salohiyatini targ‘ib qilish uchun astoydil harakat qilishini ta'kidladi.

Beri o‘zbek madaniy-tarixiy merosiga juda qiziqishini alohida qayd etib, O‘zbekiston va Hindistonning madaniy yaqinligi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishini ta'kidladi. U shuningdek bugungi kunda O‘zbekiston hind oilalari uchun eng mashhur turistik yo‘nalishlardan biri hisoblanishini aytib, barchani O‘zbekistonga sayohat qilishga chorladi.

Foto: O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi

"O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga bunday yuksak ishonch va meni madaniyat turizmi elchisi etib tayinlaganliklari uchun ulkan minnatdorchiligimni bildiraman. Mamlakatingizning madaniy va turistik salohiyatini targ‘ib qilish uchun bor kuchimni ishga solaman. Shuni alohida ta'kidlashni istardimki, O‘zbekiston va Hindistonni madaniyat va san'at umumiyligi bog‘lab turadi. Mamlakatlarimiz azaldan yaqin do‘stona munosabatlarda bo‘lgan. Festival tashkilotchilari qatorida qatnashish men uchun katta sharaf, bunday madaniy tadbirlarning o‘tkazilishi O‘zbekiston va Hindistonning yanada yaqinlashuvi uchun turtki beradi", - dedi Ritu Beri.

 

Mavzuga oid