Jamiyat | 21:30 / 18.03.2019
13088
6 daqiqa o‘qiladi

Yangiobodlik o‘qituvchilarning «So‘g‘diyona» futbol klubiga noqonuniy o‘tkazilgan pullari qaytarildi

O‘tgan yilning kuzida Jizzax viloyatida o‘qituvchilardan mahalliy «So‘g‘diyona» futbol klubining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 272,15 mln. so‘m miqdorida mablag‘ yig‘ilgani aniqlangandi. Shundan so‘ng, Xalq ta'limi vazirligining rasmiy saytida vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati aralashuvi bilan o‘qituvchilar tomonidan «So‘g‘diyona» klubiga «xayriya» qilingan mablag‘lar qaytarilayotgani ma'lum qilindi.

Ammo mart oyi boshida Jizzax viloyatining Yangiobod tumanidagi bir guruh o‘qituvchilar 5 oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, «So‘g‘diyona» klubiga o‘tkazilgan pullar haliyam qaytarilmaganini va bu haqda ular bir necha bor mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilishgani befoyda bo‘lganini aytishdi.

Shundan so‘ng, Kun.uz saytida «O‘raga sichqon tushdi, guldur-gup» yoki jizzaxlik o‘qituvchilarning «So‘g‘diyona»ga o‘tkazilgan pullari qayerga yo‘qoldi?» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilindi.

Voqea tarixi — 2018 yilning 2 noyabrida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyevning «So‘g‘diyona» professional futbol klubining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash to‘g‘risida»gi 360-F sonli farmoyishi bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, 3–4 noyabr kunlari umumxalq hashari tashkil etilib, hashar doirasida turli tashkilotlar xodimlari, jumladan, maktab o‘qituvchilarining ham bir kunlik ish haqi miqdoridagi mablag‘lari «So‘g‘diyona» klubi hisob raqamiga ixtiyoriy ravishda o‘tkazilishi belgilangandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga zid ravishda qabul qilingan mazkur farmoyish oradan ko‘p o‘tmay, Jizzax viloyat hokimning 2018 yil 10 noyabrdagi 369-F-sonli farmoyishi bilan bekor qilingan.

Shundan so‘ng, Xalq ta'limi vazirligi «So‘g‘diyona» futbol klubi hisob raqamiga noqonuniy o‘tkazilgan pul mablag‘larini qaytarish choralari ko‘rilgani, barcha o‘qituvchilarga oylik maoshidan ushlab qolingan bir kunlik ish haqlari qaytarilayotgani haqida ma'lum qiladi.

Yangiobodlik o‘qituvchilarning noqonuniy ushlab qolingan jami 21 million 600 ming so‘mdan ziyodroq oylik maoshlari hanuzgacha qaytarilmayotgani ma'lum bo‘lgach, tahririyat jurnalistik tekshiruv o‘tkazgan edi. 

Kun.uz’ning Jizzax viloyatidagi muxbiri xabar qilishicha, yuqorida ta'kidlab o‘tilgan maqola saytda e'lon qilingach, oradan uch kun o‘tib, yangiobodlik o‘qituvchilarning muammosi ijobiy hal bo‘lgan.

Jumladan, Jizzax viloyat hokimi o‘rinbosari B.To‘xtamishevning Kun.uz saytiga yo‘llagan xatida mazkur masala yuzasidan ishchi guruhi tuzilib, pullar Yangiobod tuman xalq ta'limi bo‘limiga to‘liq qaytarilgani ma'lum qilingan.

Ilova sifatida «So‘g‘diyona» futbol klubining hamda Jizzax viloyat xalq ta'limi boshqarmasining mazkur masalani hal qilish yuzasidan viloyat hokimligiga yo‘llagan xatlari keltirilgan

«Yangiobod tumani xalq ta'limi bo‘limiga qarashli 10ta umumiy o‘rta ta'lim maktabidan Jizzax viloyati hokimining 2018 yil 2 noyabrdagi 360-F sonli farmoyishiga asosan jami 21 mln 600 ming so‘m pul mablag‘i «So‘g‘diyona» futbol jamoasi hisob raqamiga o‘tkazib berilgan edi. Lekin viloyat hokimining o‘sha farmoyishi ma'lum bir mudat o‘tgach, bekor qilinishiga qaramay, «So‘g‘diyona» futbol klub rahbariyatiga bir necha bor murojaat qilishimizga qaramay, mazkur mablag‘ egalariga qaytarilmadi.

Maqola e'lon qilingandan so‘ng mazkur mablag‘ ikki kun ichida tuman xalq bo‘limiga qarashli 10ta umumiy o‘rta ta'lim maktablarining hisob raqamlariga qaytarilgan. Pullar bankdan naqd pul shaklida olinib, bir kunlik ish haqlarini o‘tkazgan barcha ishchi-xodimlarga tarqatib berilgan. To‘lov qaydnomalarini shakllantirib, uni o‘qituvchilarning imzolari bilan tasdiqlatib oldik. O‘qituvchi-pedagoglarning taqdiriga befarq bo‘lmay, pul mablag‘lari qaytarilishida o‘z hissasini qo‘shgan barcha mas'ullarga va Kun.uz saytiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz», degan Yangiobod tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Ibodulla Rahimov.

Kun.uz’ga Yangiobod tumanidagi maktablarning barchasida ish haqi futbol klubiga o‘tkazilgan o‘qituvchilarga pullar qaytarib berilgani haqidagi vedomostlar ham taqdim qilingan.

«To‘g‘risi, mablag‘larimiz qaytarilishiga umid ham qilmay qo‘ygan edik. Biz o‘qituvchilarning talabi qondirilganidan xursand bo‘ldik», — deydi murojaatchilardan biri.

Ha, ko‘pchilikni qiynab kelayotgan masala ijobiy hal bo‘ldi. Asabbuzarliklar va ovoragarchiliklarga chek qo‘yildi. Lekin, bu muammo maqola e'lon qilinguncha ham hal qilinishi mumkin edi...

Mavzuga oid