Jamiyat | 10:45 / 19.03.2019
6957
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiy shahri hokimligi tanqidiy maqolaga munosabat bildirdi – mahallalardagi kanalizatsiya muammosi bartaraf etiladi

Kun.uz saytida shu yilning 10 mart kuni «Navoiy shahrida kanalizatsiya tarmog‘i ishdan chiqqan. «Suvoqova»da esa texnika yo‘q» sarlavhasi ostida tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Unda Navoiy shahridagi «Guliston» va «Istiqlol» mahallalaridagi ishdan chiqqan kanalizatsiya tizimi va aholining bu boradagi muammolari yoritilgandi.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu mahallalarda ikki-uch yildan buyon kanalizatsiya quvuri ustida qurilish ishlari olib borilmoqda. Sababi, kanalizatsiya quvuri o‘tgan yerdan Navoiy shahar hokimligi tomonidan uy-joy qurilishiga ruxsat berilgan. Bu esa quvurlar ishdan chiqishiga olib kelgan. Surishtiruv davomida ushbu mahallalarda istiqomat qilayotgan 4 mingdan ziyod aholi bundan aziyat chekayotgani, hovlilardagi kanalizatsiya quduqlari to‘lib ketgani ma'lum bo‘lgandi.

Mazkur holat yuzasidan Kun.uz tahririyatiga Navoiy shahar hokimi M.Bazarov tomonidan imzolangan xat kelib tushdi va mahallalarda kanalizatsiya muammosini bartaraf etish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan ma'lumot taqdim etildi.

«Navoiy shahridagi «Guliston» va «Istiqlol» mahallalari hududida 1980-1990 yillarda qurilgan 5,2 km uzunlikdagi kanalizatsiya tarmoqlarining 400 metr qismi ta'mirtalab holga kelib qolgan.

Har yili may-iyun oylarida shakllantiriladigan va «Toza suv» jamg‘armasi hisobidan qurilishi rejalashtirilgan obektlar ro‘yxatiga ushbu hududning oqova suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlari kiritilgan bo‘lib, mablag‘ yetishmasligi sababli 2018 yilda amalga oshirilmay qolgan.

2018 yil davomida aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib, Navoiy shahridagi muhandislik tarmoqlarini rivojlantirish yo‘nalishida belgilangan rejalar asosida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, birgina oqova suv tarmoqlari bo‘yicha Navoiy shahrining bosh rejasiga asosan yangidan tashkil etilayotgan 18-kichik tumani hududiga 2018 yilda ko‘p qavatli turar-joy binolarga boruvchi 11 km kanalizatsiya tarmoqlari qurilishi boshlangan bo‘lib, joriy yilda ham davom ettirildi.

Bundan tashqari, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 2018 yilda 18A-kichik tumani hududida «O‘zshaharqurilishinvest» IK MChJ tomonidan qurilishi olib borilgan 420 xonadondan iborat 10ta 7 qavatli uy-joylar uchun 0,8 km uzunlikdagi oqova suv tarmoqlari qurildi.

Shu bilan birga, ushbu tarmoqdan shaharning «Guliston» MFY hududiga 1 km. yangi oqova suv tarmoqlari tortildi.

Dasturga kiritilmay qolgan «Guliston» va «Istiqlol» mahallalari hududidagi 0,4 km uzunlikdagi oqova suv quvurlarini almashtirish ishlari esa shahar hokimligi tomonidan joriy yilning 1-yarim yilligida amalga oshirilishi belgilab olindi», – deyiladi Navoiy shahar hokimi nomidan taqdim etilgan ma'lumotda.

Kanalizatsiya masalasi shahar va tumanlarda eng muhim tarmoq va shu bilan birga, eng muammoli holatlardan biri hisoblanadi. Kanalizatsiya tarmog‘ini qurish ko‘p mablag‘ va xarajat talab etadi. Shu bois, kanalizatsiya tizimini joylarda amalga oshirish katta muammo bo‘lib turganda, bori ham butunlay ishdan chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.

Kun.uz Navoiy shahar hokimligi tomonidan «Guliston» va «Istiqlol» mahallalaridagi kanalizatsiya tarmog‘idagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar faqat qog‘ozda qolib ketmasligiga ishonch bildiradi va voqealar rivojini kuzatib boradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ғолиб Абдусаломов
Tayyorlagan Ғолиб Абдусаломов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid