Nursulton Nazarboyev iste'foga chiqdi
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘z vakolatlarini topshirdi. Bu haqda u 19 mart kuni televideniye orqali millatga maxsus murojaatida e'lon qildi.
«Men prezident sifatidagi o‘z vakolatlarimni tugatishga qaror qildim. Bu yil eng oliy lavozimni egallab turganimga 30 yil to‘ladi. Xalq menga mustaqil Qozog‘istonning birinchi prezidenti bo‘lish imkoniyatini berdi», — dedi Nursulton Nazarboyev jonli efirga namoyish etilgan murojaatida.
Endi saylovgacha Qozog‘iston Prezidenti vazifasini Parlament Senati spikeri Qosim-Jomart Tokayev bajarib turadi. Nursulton Nazarboyev o‘z murojaatida Tokayevga yuksak ishonch bildirishini ta'kidlab o‘tgan.
20 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:00da, Kasim-Jomart Tokayev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi sifatida Parlament palatalarining umumiy majlisida qasamyod qabul qiladi.
Navbatdagi prezidentlik saylovi 2020 yilning bahorida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Ammo endi mamlakatda muddatidan avvalgi saylovlar o‘tkazilishi kutilmoqda.
Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashiga raislik qiladi. U umrining oxiriga qadar shu lavozimda qolishi mumkin. Bu haqdagi tegishli qonun loyihasi Qozog‘iston parlamenti tomonidan 2018 yil may oyida qabul qilingandi.
U shuningdek, «Nur-atan» partiyasi rahbari, mamlakat konstitutsiyaviy kengashi a'zosi hisoblanadi.
Shu tariqa, mustaqil Qozog‘iston tarixida ilk marta prezident o‘zgaradi. Nursulton Nazarboyev 1990 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelmoqda.
U 2015 yilda muddatidan avvalgi saylovda g‘alaba qozonib, beshinchi marta prezidentlikka saylangandi. Oxirgi saylovda u saylovchilarning 97,75 foizi ovozini olgan.
Shu yilning iyulida Nazarboyev 79 yoshga to‘ladi.
Fevral oyi oxirida Qozog‘iston tarixida birinchi marta prezident Nursulton Nazarboyev bosh vazir, hukumat a'zolari, shuningdek, viloyatlar hokimlarini egallab turgan lavozimlaridan chetlashtirgandi. Elboshi o‘z murojaatida hukumatning ish faoliyatini keskin tanqid ostiga olgan, oxirgi vaqtlarda yuz berayotgan iqtisodiy turg‘unlik, ishsizlik, inflatsiya holatlari tilga olingandi.
Mavzuga oid
22:16 / 27.09.2024
To‘qayev korteji marshrutidan o‘q otish qurollari topildi
20:17 / 27.09.2024
Qozog‘istonda o‘zining ichki organlarini qariyb 19 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
14:00 / 27.09.2024
O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasini demarkatsiya qilish shartnomasi BMTga topshirildi
19:18 / 25.09.2024