Jahon | 23:21 / 20.03.2019
104354
9 daqiqa o‘qiladi

Ketdi, lekin ketmadi: Nazarboyevning iste’fosi nimani anglatadi?

19 mart kuni Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev jonli efirda mamlakat aholisiga murojaat qilib, iste’foga chiqishini e’lon qildi. Qozog‘istonni qariyb 30 yil boshqargan Nazarboyevning ketgani ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi. Biroq Qozog‘istondagi siyosiy jarayonlarni sinchkovlik bilan kuzatib borganlar oxirgi yillardagi o‘zgarishlar sabab Nazarboyevning iste’fosini taxmin qilishlari mumkin edi.

Foto: Interfax

Nazarboyev Xavfsizlik kengashining qonuniy butun umrlik rahbariga aylanishi, fevralda bosh vazirning o‘zgarishi aslida iste’foning anonsi bo‘lgandek go‘yo. To‘g‘ri, Nazarboyev prezidentlikdan ketdi, lekin boshqaruvdan ham ketdimi? Unchalik uzoqqa emas.

Nazarboyev Xavfsizlik kengashi rahbari lavozimida qoldi. Bu lavozimda butun umr qolishi ham mumkin. Endilikda Birinchi prezident deb ataluvchi Nazarboyev kengash rahbarligida qolishiga ikki og‘iz gap bilan ta’rif berdi: “Sizlar bilan qolaman”.

Qozog‘istonlik siyosatchi Do‘sim Satpayevning fikricha, Nazarboyev mamlakat siyosatidagi nazoratni saqlab qoladi. U Nazarboyevning ketishi kutilgan holat bo‘lganini ta’kidladi. Ekspert Nazarboyev administratsiyasi fevraldayoq iste’fo uchun harakatni boshlaganini eslatdi. “O‘sha vaqtdan iste’fo haqida gapirish mumkin edi”, — deydi Satpayev. Uning ta’kidlashicha, Nazarboyev 2010 yilda o‘zining millat yetakchisi — Elboshi nomini qonuniylashtirib, bugungi voqealarga tayyorgarlikni boshlab yuborgan.

Foto: Vlast.kz

Qozog‘istonda prezidentlik saylovlari 2020 yilda bo‘lishi mo‘ljallangan. Ungacha mamlakatni Senat raisi Qosim-Jo‘mart To‘qayev boshqaradi. U bugun mamlakat prezidenti sifatida ishga kirishdi. Biroq To‘qayev Nazarboyevning o‘rinbosari degani emas. U shunchaki konstitutsiyaga ko‘ra, saylovgacha mamlakatni boshqarayotgan bo‘lishi katta ehtimol (darvoqe, To‘qayev o‘z vaqtida bosh vazir vazifasini bajaruvchi bo‘lib ham ishlagan). Satpayev saylovlar qiziqarli kechishini aytdi: “Saylovlar qiziqarli kechadi. Haqiqiy o‘rinbosarlar o‘shanda ko‘rinadi. Kim saylovlarda qatnashishi, kim unda qatnashmasligini yaqin orada bilib olamiz”, — deydi ekspert.

Nazarboyev ketgach, Xavfsizlik kengashi haqida ko‘p gapirilmoqda. U oxirgi yillarda kengashning vakolatlarini kengaytirdi. Bugun kengash mamlakat siyosatida hal qiluvchi tashkilot darajasiga ko‘tarilgan. Shu sabab Nazarboyevning kengash rahbarligida qolishi ko‘p narsani anglatadi.

“Nazarboyev Qozog‘istonni boshqarishda davom etadi. Yirik biznes guruhlar, mamlakatdagi katta siyosatchilar uning nazoratida qoladi. Asosiy hamkorlar, jumladan, Xitoy va Rossiya bilan hamkorlikda ham hal qiluvchi so‘zni Nazarboyev aytishda davom etadi. To‘qayev juda yaxshi o‘rinbosar. U Nazarboyevning ishonchli vakillaridan biri. Saylovlar qanchalik tez o‘tkazilsa, To‘qayevning prezidentlik lavozimida qolishi shuncha aniq bo‘ladi”, — deydi Britaniya PRISM siyosiy-konsultativ agentligi a’zosi Keyt Mallinson.

To‘qayev bugun o‘tkazilgan inauguratsiya marosimida nutq so‘zlar ekan Qozog‘istonda favqulodda o‘zgarishlar bo‘lmasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Uning nutqi asosan Nazarboyevni alqashdan iborat bo‘ldi. Yetmaganiga, mamlakat poytaxti Ostona shahrini Nursulton deb o‘zgartirishdek “olamshumul” taklifni o‘rtaga tashladi. Parlament bu taklifni ma’qullashga ham ulgurdi. Xullas, Nursulton Nazarboyev prezidentlikdan ketgani rost, lekin siyosatdan emas. Qo‘shimchasiga, u o‘zining mavqeyini hech qanday yo‘qotishsiz saqlab qoldi.

Shunchaki o‘xshashlik

Nazarboyevning iste’foga chiqish haqidagi qarorini Boris Yelsinning 1999 yildagi bayonotiga o‘xshatish mumkin. 1999 yil 31 dekabr kuni Rossiya prezidenti Boris Yelsin yangi yilning birinchi kunidan iste’foga chiqishini ma’lum qilgandi. Rossiya rahbari yangi yil oldidan iste’foga chiqqan bo‘lsa, Nazarboyev sharqona yangi yil Navro‘z oldidan ketishini e’lon qildi. Albatta, ikki iste’fo o‘rtasida farq katta. Chunki Yelsin salomatligi sabab hukumatdan chinakamiga ketgan va o‘rniga keladigan odamni aniq ko‘rsatgandi. Qozog‘istonda esa vaziyat butunlay boshqacha. Hammasi ancha xotirjam va xuddi shunday bo‘lishi kerakdek.

Foto: Lenta.ru

Islohotlar uchun qulay pozitsiya

Oxirgi yillarda Qozog‘istonda ko‘plab namoyishlar o‘tkazildi. Aholi mamlakat o‘z imkoniyatlari darajasida xalqqa yordam bermayotganidan norozi bo‘ldi. Bu esa iqtisodiy islohotlarning zarurligini ko‘rsatib qo‘ydi. Nazarboyev fevralda hukumatni bejizga iste’foga chiqarmadi. Har qanday mamlakatda rahbarning o‘zgarishi odamlarda yaxshi o‘zgarishlar bo‘lishiga umid uyg‘otadi.

Foto: time.kz

Balki Nazarboyev islohotlarga chinakamiga kirishish uchun rahbarlikdan ketgandir. Chunki prezidentlik odamning juda ko‘p vaqtini olishi aniq. Har kuni o‘nlab uchrashuvlar, qo‘ng‘iroqlar odamning tinkasini quritishi hech gap emas. Byurokratik jarayonlardan ozod bo‘lgan odam esa ko‘proq vaqtini ishga sarflashi mumkin.

“Yo tavba...”

Nazarboyev ketgach ham siyosiy mavqeyini saqlab qolgani haqida gapiryapmiz, lekin nima bo‘lganida ham uning prezidentlikdan ketgani kutilmagan holat bo‘ldi. Elboshi tez-tez xalqqa murojaat qilishini aytar va boshlanishiga odamlar prezident ketishini e’lon qiladi, deb kutishdi. Lekin har safar “favqulodda chiqish” hukumatning navbatdagi rejalari haqida bo‘lib chiqavergach, odamlar keyingi murojaatlarga oddiy qaraydigan bo‘lib qolishdi. Masalan, kechagi chiqishda ham oddiy xalq prezident ketishi haqida e’lon qiladi, deb kutmagandi.

Mahalliy “Xabar24” telekanalida Nazarboyevning nutqi jonli efirda uzatildi. Rejissyorlar efir vaqtida ovozni o‘chirishmagan ekan Nazarboyev ketishini e’lon qilishi bilan efirda: “Yo-moyo!” (Yo tavba) degan so‘z eshitildi. Ha, bu xabar nafaqat Qozog‘iston, balki butun mintaqa uchun kutilmagan bo‘ldi.

Taxminiy o‘rinbosarlar

Nazarboyev ketgach uning o‘rinbosari kim bo‘lishi mumkinligi hamma uchun qiziq. Bu borada bir nechta nomzod muhokama qilinmoqda. Ulardan biri elbasining qizi Darig‘a Nazarboyeva. 55 yoshli Nazarboyeva Qozog‘iston senatining yangi raisi etib saylandi. Biroq uning prezidentlik saylovlarida nomzodini ilgari surishi u qadar haqiqatga yaqin emas. Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchilik Darig‘ani nomzodlar orasida sanamoqda.

Foto: inform.kz

Nazarboyevning o‘rinbosari deb ko‘pchilik Karim Masimovni qaramoqda. Bungacha ikki marta bosh vazir bo‘lib ishlagan va 3 yildan buyon Qozog‘iston xavfsizlik xizmatini boshqarib kelayotgan Masimov 18 mart kuni, ya’ni Nazarboyev ketishini e’lon qilishidan bir kun avval general-mayor darajasini olgani ham bejizga emasdir balki. Qozog‘iston siyosatida ham, harbiy organlarda ham salobatli o‘rniga ega bo‘lgan Masimov 2020 yilgi (balki oldinroqqa ham surilar) saylovlarda nomzodini qo‘ysa, shubhasiz asosiy da’vogarga aylanadi.

Foto: informburo.kz

Yaqinda mamlakat bosh vaziriga aylangan Asqar Mamin ham bunday katta lavozimga bejizga kelmagan. Mamlakatning rasman ikkinchi raqamli insoni prezidentlikka nomzodlar orasiga kirishi tabiiy. Birinchi raqamli inson bo‘lish uchun kimdadir ikkinchi raqamdagi insondan ham ko‘proq imkoniyat bo‘lishi mumkinmi?

Foto: sputniknews.kz

Va...

Qozog‘iston prezidentligiga yana bir nomzod bor. Bu Nursulton Nazarboyevning jiyani Samat Abish. 2000 yildan buyon Qozog‘iston xavfsizlik xizmatida ishlab kelayotgan 41 yoshli Samatni Nazarboyev juda yaxshi ko‘radi. Samat Elboshining 34 yoshda avtohalokatda halok bo‘lgan ukasi Sotiboldining farzandi. Yoshligidan Nazarboyevning qaramog‘ida katta bo‘lgan Samat mamlakatning mashhur insonlaridan. 2013 yilda Nazarboyev uni Vladimir Putinga tanishtirgani ham aytiladi.

Foto: sputniknews.kz

Xullas, 19 martdagi Nazarboyevning chiqishi qo‘shni respublikada voqealar rivojini tezlashtirib yubordi. Kuzatishda davom etamiz...

O‘tkir Jalolxonov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid