Jahon | 14:45 / 20.03.2019
61787
6 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev yagona emas! Muddatidan oldin iste'foga chiqqan prezidentlar

Foto: AP Photo/Alastair Grant

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning prezidentlik muddati tugamay turib o‘z vakolatlarini topshirishi nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo bo‘yicha ham kutilmagan voqea bo‘ldi. Nazarboyev sobiq ittifoq davridan buyon uzluksiz davlat rahbari bo‘lib kelayotgan MDH doirasidagi so‘nggi prezident edi.

Ammo dunyo siyosati tarixida vakolatidan muddatidan oldin voz kechgan davlat rahbarlari talaygina qayd etilgan. Biz yangi tarix doirasidagi bir nechtasini sanab o‘tamiz.

Boris Yelsin. Rossiya. 1999 yil, 31 dekabr

Foto: Aleksandr Chumichev i Aleksandr Sensov/TASS

Faoliyatining so‘nggi yillarida Yelsin latifalar va karikaturalar qahramoniga aylanib qolgan, yoshi, sog‘ligi, aqliy salohiyati jihatdan davlat boshqaruvini eplay olmayotgandi. O‘sha paytlarda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasi agar shu kunlarda prezident saylovlari o‘tkazilsa, Yelsin 2-3 foizdan ortiq ovoz to‘play olmasligini ko‘rsatgan. Prezident chuqur iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan davlatda hech bo‘lmasa qahatchilik bo‘lmasligi uchun qisqa muddatda bir necha nafar bosh vazirni almashtirdi. Ulardan oxirgisi kim bo‘lganligini yaxshi bilasiz, albatta.

Boris Yelsin 1999 yilning 31 dekabrida, hamma yangi yilni kutayotgan bir paytda vakolatidan voz kechish uchun o‘zida kuch topa oldi va bu keyinchalik uning hayotidagi eng to‘g‘ri qaror deya baholandi.

Rossiya 2000 yilni, yangi erani nafaqat yangi islohotlar, balki kuch-quvvatga to‘la yangi rahbar – Vladimir Putin bilan kutib oldi. Tez orada bo‘lib o‘tgan saylovlarda Putin g‘alaba qozondi va prezident so‘zidan keyingi “v.b.” qo‘shimchasidan qutuldi.

Jyeykob Zuma. JAR. 2018 yil 14 fevral

Foto: AP Photo/Themba Hadebe

Afrika qit'asining eng rivojlangan davlatlaridan biri bo‘lgan JAR prezidentining ham o‘sha paytda kamida bir yillik muddati bor edi. Ammo korrupsiya bilan bog‘liq mojaroga aralashib qolgan prezident o‘z vakolatini muddatidan oldin topshirishga qaror qildi.

Hukmron partiya bo‘lgan “Afrika milliy kongressi”ning bosimiga dosh bera olmagan Jyeykob Zuma to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda “men tufayli partiyada ziddiyat bo‘lmasligi va qon to‘kilmasligi uchun o‘z vakolatimdan voz kechmoqdaman”- deya bayonot bergan.

Jorjo Napolitano. Italiya. 2015 yil 14 yanvar

Foto: Thomas Peter / Reuters

Faoliyati davomida davlatning asosiy boshqaruvchisi bo‘lgan besh nafar bosh vazirni almashtirishga ulgurgan Jorjo Napolitano jahon tarixidagi eng yoshi ulug‘ davlat rahbarlaridan biri edi. 1925 yilda tug‘ilgan Napolitano 2006 yildan boshlab 2015 yilga qadar Italiya prezidenti lavozimida o‘tirdi. Garchi bu lavozim davlat boshqaruvida asosiy bo‘lmasa-da, Napolitanoning jahon siyosatida obro‘si baland edi. Shunga qaramay, 90 yoshni qoralab qolgan Jorjo Napolitano o‘z vakolatidan muddatidan oldin voz kechishga qaror qildi va siyosat faxriylaridan biriga aylandi.

Kristian Vulf. Germaniya. 2012 yil 17 fevral

Foto: DPA

“Men fuqarolar ishonchini yo‘qotdim. Shu sababli o‘zimni bundan buyon prezidentlik lavozimni egallashga noloyiq hisoblayman. O‘z vaqtida xatolar qilganimni tan olaman, ammo biror marta qonunni buzmaganman. Men va oilam OAVda bizga qarshi tarqalgan xabarlardan chuqur iztirobdamiz. Iste'foga chiqaman va o‘rinbosarimga yo‘l ochaman”– degan edi Kristian Vulf to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda.

Xizmat vakolatlarini suiiste'mol qilishda ayblangan Germaniya prezidenti bundan xabar topgan muxbirlar bosimiga chiday olmadi. Uni hatto astoydil himoya qilgan kansler Angela Merkelning qo‘llab quvvatlashi ham qutqarib qola olmadi.

Vulfning aybi ko‘pchilik davlatlar uchun kulgili tuyuladi: Quyi Saksoniyada ishlab yurgan paytlarida u o‘zining tadbirkor do‘sti tomonidan taqdim etilgan juda qulay kreditdan foydalanib uy qurgani va Audi avtomobilini bir necha soatga ijaraga olganida juda kam haq to‘lagani ma'lum bo‘lgan. Bundan tashqari Vulf prezidentligidan oldin (!) xotini bilan sayohat qilib yurganida mehmonxonada tunashi uchun bir tadbirkor tomonidan pul to‘langani oshkor bo‘lib qolgan.

Orasio Kartes. Paragvay. 2018 yil 28 may

Foto: AP Photo/Jorge Saenz

Garchi bir necha oylik vakolatidan voz kechgan bo‘lsa-da, Orasio Kartes ham bu ro‘yxatga kira oldi. Uning bunday yo‘l tutishiga o‘ziga xos sabab bor edi. Gap shundaki, Paragvay prezidentlarining vakolatlari tugaganidan keyin ular senatorlik lavozimini umrbod egallashadi. Ammo bu lavozim senatda ovoz berish huquqini bermaydi. Orasio Kartes esa senatorlik o‘rnini to‘laqonli egallash uchun prezidentlik vakolatidan muddatidan oldin voz kechdi va senat uchun kurashga kirishdi.

Ko‘rinib turibdiki, muddatidan oldin iste'fo turli rahbarlar tomonidan turli davlatlarda amalga oshirilgan. Ammo Nursulton Nazarboyevning iste'fosi biror mojarosiz, hokimiyat boshqaruvida yutqazish xavfi bo‘lmagan holda, shuningdek hali salohiyatini yo‘qotmagan bir paytda yuz bergani bilan ahamiyatga molik.

Abror Zohidov.

Mavzuga oid