Light | 23:43 / 21.03.2019
17662
2 daqiqa o‘qiladi

19 yoshli qiz xitoylik bolalarga ism tanlash ortidan mo‘maygina pul ishlab topdi

Angliyalik 19 yoshli Bo Jyessap Xitoyga safari vaqtida tug‘ilgan g‘oya evaziga mo‘maygina pul ishlab topmoqda.

Bo Xitoyga otasi bilan borganda 16 yoshda bo‘lgan. U yerda otasining do‘stlari qizdan farzandlariga ism topib berishni so‘rashgan. Bo bu jiddiy ish ekanligini bilardi, biroq yo‘q deya olmagan.

Gap shundaki, Xitoyda ko‘plab oilalar farzandlarining inglizchada ikkinchi ismi bo‘lishini istashadi. Ularning fikricha, inglizchadagi ism farzandlariga xorijda ishga yoki universitetga o‘qishga kirishda yordam beradi. Biroq Xitoyda internetga kirishga cheklov borligi sababli ota-onalar farzandlariga inglizchada biror ism tanlash uchun ingliz tilidagi saytlarga ko‘pincha kira olishmaydi. 

“Men maktabda o‘qiganimda, ko‘plab xitoylik qizlarda inglizcha ismlar bo‘lardi. Biroq ba'zi ismlar juda g‘alati edi, misol uchun, Popkorn. Shu tufayli ular mazax qilinardilar. Shu jihatdan, bolaga ism berish nafaqat sharafli ish, balki katta mas'uliyatdir”, deb aytgan qiz.

Bo safardan keyin bunday ota-onalarga yordam berishga qaror qilgan. Qiz bir nechta tavsiflardan kelib chiqib mos ismni tanlash mumkin bo‘lgan saytga asos solgan. Bunda ota-onalar dastlab bola jinsini, so‘ngra farzandlarida ko‘rishni istaydigan sifatlarni tanlashadi. Bo shu yo‘l bilan bir necha yil davomida 670 mingdan ko‘proq bolaga ism tanlashda yordam bergan. Bu esa yosh tadbirkorga nafaqat zavq bag‘ishlaydi, balki 260 ming funt sterlingdan ko‘proq foyda keltirgan.

Mavzuga oid