O‘zbekiston | 12:45 / 21.03.2019
8564
8 daqiqa o‘qiladi

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi xodimlarini rag‘batlantirishning samarali tizimi joriy etiladi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi xodimlari mehnatini rag‘batlantirishning samarali tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar xodimlariga mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanishi mumkin.

Nizomga ko‘ra, u quyidagi xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibini belgilaydi:

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmalari, “O‘zyo‘lko‘kalamzorlashtirish” unitar korxonasi va Respublika yo‘l jamg‘armasi;

Qo‘mita tarkibidagi yo‘llardan muntazam foydalanish unitar korxonalari, tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonalari, ko‘priklardan foydalanish unitar korxonalari, “O‘zyo‘lko‘kalamzorlashtirish” unitar korxonasi tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xududiy korxonalari, “Do‘rmonavtoyo‘l” va “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonalari, “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish Direksiyasi” davlat unitar korxonasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmalari tarkibidagi “Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonalari xodimlari.

Qo‘mita va xududiy boshqarma xodimlarini mukofotlash va ularga moddiy yordam ko‘rsatish quyidagi mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi:

a) budjet mablag‘lari hisobiga:

bir yilda ikki oylik ish haqi fondi miqdoridagi mukofotlar;

bir yilda bir oylik ish haqi fondi miqdoridagi moddiy yordam to‘lovlari;

qonunchilikda belgilangan miqdor va tartibda davlat xizmatchilarining lavozim maoshiga mehnatni rag‘batlantirish koeffisenti;

maxsus moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga mehnatga haq to‘lash fondidan 15 foiz miqdorida xodimlar mehnatini moddiy rag‘batlantirish;

davlat mukofotlari, faxriy yorliqlar bilan taqdirlanganligi uchun qonunchilikda belgilangan miqdor va tartibda rag‘batlantirish.

b) O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi faoliyatini rivojlantirish va qo‘lab-quvvatlash jamg‘armasi, budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasi, budjetdan tashqari jamg‘armalar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga:

xodimning umumiy ish staji davomiyligidan kelib chiqib, xizmat muddati uchun lavozim maoshiga har oylik ustamalar;

bayram sanalariga mukofatlash;

xizmat vazifalarini sidqidildan va samarali bajarganlik uchun yuqori malakali xodimlarning lavozim maoshlariga ustamalar;

oy, chorak va yil yakunlari bo‘yicha mukofotlar;

xodimning nafaqaga chiqishi munosabati bilan qimmatbaho sovg‘alar yoki pul mablag‘lari bilan taqdirlash;

xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilish maqsadida ularning sog‘ligini tiklash, ovqatlanish va transport xarajatlarini qoplash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish va boshqalar.

Xo‘jalik hisobidagi korxonalar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash lavozim maoshlariga qo‘shimchalar va ustamalar, shuningdek, mukofotlar va boshqa barcha turdagi ijtimoiy to‘lovlar avtomobil yo‘llarini saqlash xarajatlariga ajratilgan mablag‘lar hisobidan korxona rahbarlari tomonidan jamoa shartnomalarida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilgan boshqa lokal hujjatlar asosida amalga oshiriladi.

Mukofotlash korxona bo‘yicha belgilangan asosiy ko‘rsatkichlar bajarilganda, shuningdek, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga, xarajatlarni kamaytirishga va ishlab chiqarishning ichki zaxiralaridan foydalanishga yo‘naltirilgan tadbirlar o‘z vaqtida bajarilganda hamda kutilayotgan samaraga erishilganda hisobot davridagi ishlarning natijalari bo‘yicha amalga oshiriladi.

Mukofotlashning aniq ko‘rsatkichlari tegishli tashkilotlar rahbarlari tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishgan holda belgilanadi.

Mukofotlash va ularga belgilanadigan qo‘shimcha va ustama to‘lovlar miqdorlari tegishli tashkilotlarning rahbarlari tomonidan korxonaning moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Davlat mukofotlari, faxriy yorliqlar bilan taqdirlanganligi uchun qonunchilikda belgilangan miqdor va tartibda rag‘batlantirish.

Qo‘mita, xududiy boshqarma va xo‘jalik hisobidagi korxonalarning xodimlariga mehnat to‘g‘risidagi qonunlarga muvofiq Avtomobil yo‘llari sohasida, davlat va boshqa xo‘jalik boshqaruv organlarida uzoq muddat ishlaganlik uchun lavozim maoshiga foiz miqdorida har oyda quyidagi miqdorlarda ustamalar to‘lanadi:

Bayram sanalarida - Yangi yil, Xotin-qizlar kuni, Navro‘z bayrami, Xotira va qadrlash kuni, Mustaqillik kuni, O‘qituvchi va murabbiylar kuni, Konstitutsiya kuni, “Ro‘za hayit” (Iyd al-Fitr) va “Qurbon hayit” (Iyd al-Adha) hamda kasb bayramida xodimlar oylik lavozim maoshining barobari miqdorida rag‘batlantiriladi.

Xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilish va ularning mehnati samaradorligini oshirish maqsadida:

har oyda transport va ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun eng kam oylik ish haqining uch barobarigacha;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun xodimlarga bir yilda bir marotaba eng kam oylik ish haqining o‘n barobarigacha bo‘lgan miqdorda to‘lovlar amalga oshiriladi.

Mukofotlarning aniq miqdorlarini belgilash uchun xodimlarini mukofotlash tartibini belgilash komissiyasi tashkil etiladi.

Komissiya qarori ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi va tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Qo‘mita, xududiy boshqarma va xo‘jalik hisobidagi korxona rahbarlari va bosh buxgalterlari xodimlar mehnatini normalash va hisobga olishning tashkil etilishi, lavozim maoshlari va tarif stavkalarining to‘g‘ri belgilanganligi, ushbu Nizomda nazarda tutilgan qo‘shimchalar, ustamalar va mukofotlar to‘g‘ri hisoblab chiqilganligi, mablahlardan maqsadli va oqilona foydalanganligi uchun shaxsan javobgardir.

Qo‘shimcha va ustama to‘lovlar hamda mukofotlash miqdorining to‘g‘ri belgilanishi yuzasidan komissiya raisi va uning a'zolari mas'uldirlar.

Qo‘mita, xududiy boshqarma va xo‘jalik hisobidagi korxonani moliyalashtirish qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq hamda xo‘jalik hisobidagi korxonalarning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, tegishli miqdor va manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid