Sport | 09:14 / 21.03.2019
17159
2 daqiqa o‘qiladi

Ronaldu AQShda hibsga olinishi ehtimoli tufayli «Yuventus» yozgi turnesini Osiyoga ko‘chiradi

Foto: AFP/Getty Images

«Yuventus» mavsumoldi turnesini AQShda emas, Osiyoda o‘tkazadi, deb xabar bermoqda The New York Times.

Nashr ma'lumotiga ko‘ra, Xalqaro chempionlar kubogi tashkilotchilari bu yilgi musobaqa ishtirokchilari safiga «byankoneri»ni kiritmaslikka qaror qilishgan, bunga jamoa hujumchisi Krishtianu Ronaldu ustidan AQShda sentyabrdan buyon tergov ketayotgani sabab bo‘lgan. Tashkilotchilar portugaliyalik yulduz Qo‘shma Shtatlar hududiga kirgan taqdirda ehtiyot chorasi sifatida hibsga olinishi ehtimoli yo‘q emas, deb hisoblashmoqda.

Turin klubi ko‘p yillardan buyon «Relevant Spors» kompaniyasi tomonidan tashkil etib kelinadigan Xalqaro chempionlar kubogida ishtirok etib keladi. Ammo bu yil klub Xitoy va Singapurda yig‘in o‘tkazishi, ularda «Tottenhem» va «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushishi kutilmoqda.

Qayd etish kerak, XChK rasmiy saytida 6 mart kuni chiqqan xabarda «Yuventus» shu yil yozda turnirda ishtirok etishi tasdiqlangan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil kuzida amerikalik model Ketrin Mayorga Ronaldu ustidan da'vo bilan chiqqan va Krishtianu 2009 yil iyunida unga nisbatan zo‘ravonlik qilganini arz qilgandi. Hujumchi bu ayblovlarni butkul rad etib, model shu yo‘l bilan ommaga tanilishni istayotganini aytib keladi. «Huquqshunoslarimning ishonchi komil, shu jumladan, o‘zimning ham. Haqiqat, albatta, yuzaga chiqadi», - degandi u.

Bir oy oldin EA Spors kompaniyasi hech qanday izohlarsiz Ronalduni FIFA19 muqovasidan olib tashlagan edi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid