Sport | 19:30 / 23.03.2019
16246
3 daqiqa o‘qiladi

Mahmud G‘oipov navbatdagi jangida mag‘lub bo‘ldi

23 mart kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida RCC Boxing Promotions promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan professional boks kechasida o‘zbekistonlik Mahmud G‘oipov rossiyalik Vazir Timoyanga qarshi ringga chiqdi.

6 raundga mo‘ljallangan jangda o‘zbekistonlik sportchi bo‘ydor raqibiga qarshi yaqin masofada jang olib borishga harakat qildi. Uning faolligi va zarbalari ish berdi va raqib ochila boshladi, jang qisqa masofalarda kecha boshladi. Ammo G‘oipov klinch vaziyatida Timoyanning boshiga zarba berib yubordi, natijada hakamlar undan ochko olib tashlashdi.

Jangning qolgan qismida yo‘qotilgan ochko o‘rnini qoplashga uringan G‘oipov oldinga bordi, ammo ikki bokschining ham zarbalari bu kechada nokdaun yoki nokautga olib kelmadi. Oltinchi raundda esa o‘zbekistonlik bokschining zarbasi raqibning beldan pastki qismiga tegdi va u yana jazolandi.

Yakunda hakamlar bir ovozdan Vazir Tamoyanni g‘olib deb e'lon qilishdi. Jangdan keyin bergan intervyusida rossiyalik bokschi bu jang o‘zi uchun juda og‘ir kechganini tan oldi.

«Jang qiyin kechdi. Jang haqida 4 kun oldin bilgandim, oxirgi 4 kunda vazn tashlash jarayoni og‘ir kechdi. Uni nokaut qila olmasligimni bilardim, shu sababli 6 raundlik jangga tayyorlandim. Mahmud yaxshi pressing qildi, bunday raqiblarni hurmat qilaman. To‘g‘risini aytsam, hakamlar g‘olibni e'lon qilishidan avval yutqazdim deb o‘ylayotgandim. Tashkilotchilarga halol hakamlik uchun rahmat», deydi bokschi.

Havaskor boksda 69 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etgan Mahmud G‘oipov 2016 yilning fevralida Bolgariyadagi xalqaro turnirda g‘olib bo‘lgan, 2016-2018 yillarda «Uzbek Tigers» jamoasi safida musobaqalarda qatnashgan.

Mahmud G‘oipov professional boksdagi faoliyatini 2018 yilning noyabrida boshlagandi va shu vaqtgacha ikki jang o‘tkazib, ikkisida ham g‘alaba qozongandi.

Qayd etish kerakki, Mahmud G‘oipov avvaliga 23 mart kuni Zurab Chaniyev (4-2-1) bilan jang qilishi ma'lum qilingandi, ammo 19 mart kuni raqib o‘zgargandi.

Mavzuga oid