Jahon | 17:30 / 23.03.2019
110743
8 daqiqa o‘qiladi

Millat yetakchisi, tinchlik asoschisi va orqatog‘: Markaziy Osiyodagi prezidentlar qanday titullarga ega?

Markaziy Osiyodagi ayrim davlatlar rahbarlari nafaqat prezident, shuningdek, millat yetakchisi, xalq qahramoni, tinchlik asoschisi va orqatog‘ hamdir.

Qozog‘iston

2000 yilda Qozog‘istonda «Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti — millat yetakchisi haqida»gi qonun qabul qilingan.

Qonunga ko‘ra, qozoq davlatchiligining yaratilishi boshida turgan va suveren Qozog‘istonning demokratik, dunyoviy, huquqiy va ijtimoiy davlat sifatida ravnaq topishiga hissa qo‘shgan Qozog‘istonning birinchi prezidenti elboshi sanaladi.

Bundan tashqari, birinchi prezident — elboshi o‘z statusiga ko‘ra «Xalyq qaһarmany» (xalq qahramoni) unvoniga ega va unga alohida bildiruv belgisi — oltin yulduz va «Otan» ordeni topshirilgan.

Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti — elboshiga uning tarixiy missiyasi sharofati bilan quyidagi huquqlar berilgan:

  • Qozog‘iston xalqiga, davlat organlariga va mansabdor shaxslarga davlat qurilishining o‘ta muhim masalalari, ichki va tashqi siyosat hamda mamlakat xavfsizligi bo‘yicha tashabbus bilan murojaat qilish — bu murojaat tegishli davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi;
  • Mamlakat uchun muhim masalalar muhokamasi chog‘ida parlament va uning palatalari, hukumat yig‘ilishlarida chiqish qilish; Qozog‘iston xalqi assambleyasiga boshchilik qilish; Xavfsizlik Kengashiga boshchilik qilish; Konstitutsiyaviy Kengash tarkibiga kirish.

Qiziq fakt: davlatning tashqi va ichki siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ishlab chiqiladigan tashabbuslar birinchi prezident — elboshi bilan maslahatlashiladi.

«Birinchi prezident — elboshi tomonidan prezidentlik vakolatlari ijro etilayotgan davrda u tomonidan fond, shaxsiy kutubxona va birinchi prezident — elboshining shaxsiy arxivi tuziladi. Birinchi prezident — elboshining shaxsiy kutubxonasi va shaxsiy arxivi millat boyligi hisoblanadi va davlat mulki hisobida bo‘ladi», — deyiladi qonunda.

Darvoqe, Nazarboyev endi birinchi prezident — elboshining kutubxonasida ishlaydi. Birinchi prezidentning kutubxonasi Nazarboyevning farmoni bilan prezidentning shaxsiy kutubxonasi va shaxsiy arxivining faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash, Qozog‘istonning oyoqqa turishi va rivojlanishi tarixini o‘rganish, shuningdek, birinchi prezident g‘oyalari va tashabbuslarini mamlakat ichida va xorijda ilgari surish maqsadida 2014 yilning 13 martida tuzilgandi.

Prezident kutubxonasi haqidagi batafsil ma'lumotni bu yerdan o‘qishingiz mumkin.

Tojikiston

2015 yilda Tojikistonda ham «Tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi haqida»gi qonun qabul qilingan.

Mazkur qonunga ko‘ra, tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi sifatida Tojikiston xalqi oldidagi ulkan va mislsiz xizmatlari uchun prezident Imomali Rahmon munosib deb topilgan.

Qonunda yozilishicha, tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi Tojikiston davlati va xalqi oldidagi o‘zining misli ko‘rilmagan tarixiy xizmatlari uchun umrbod quyidagi imtiyozlarga ega:

  • Tojikiston xalqiga, davlat organlariga va mansabdor shaxslarga davlat qurilishi, mamlakat xavfsizligi, ichki va tashqi siyosatga oid muhim masalalar yuzasidan murojaat qilish va bu murojaatlar davlat organlari hamda mansabdor shaxslar tomonidan ko‘rib chiqilishi majburiy;
  • Ko‘rilayotgan masalalar bo‘yicha parlamentning Milliy majlis (Senat) va Namoyandalar majlisi (qonunchilik palatasi) qo‘shma yig‘ilishlari, hukumat yig‘ilishlari va Xavfsizlik kengashi yig‘ilishlarida qatnashish va chiqish qilish;
  • Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tanglik yuzaga kelgan holatlarda maslahat va tavsiyalar berish, ularni hal qilishda yordam berish.

E'tibor qiling, tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi daxlsizlik huquqiga ega. U Oliy Kengash raisi, prezidentlik va tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi vakolatlarini bajarish chog‘idagi harakatlari uchun javobgarlikka tortilmaydi.

«Tojikiston Respublikasi prezidenti vakolatlarini bajarish davrida  tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi tomonidan muzey, kutubxona va tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi arxivi yaratiladi», — deyiladi qonunda.

Turkmaniston

Rasman ikkita titul — millat yetakchisi va orqatog‘ titullariga ega Berdimuhamedovning allaqachon juda ko‘plab mukofot va unvonlari ham bor.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, u jahonning bir qator universitetlari va akademiyalarining faxriy doktori va akademigi unvonlarini olgan, Turkmaniston iqtisodiyot fanlari doktori, Fanlar akademiyasi akademigi unvonini qo‘lga kiritgan. Turli davrlarda Turkmaniston va jahonning boshqa davlatlarining ko‘plab eng oliy ordenlari va medallariga sazovor bo‘lgan.

2011 yilning 25 oktyabrida mamlakat mustaqilligining 20 yilligi nishonlanayotganda Berdimuhammedovga Turkmaniston qahramoni unvoni va «Oltin oy» oltin medali taqdim etilgan. 2009 yilning iyunida Ashxobodda Berdimuhammedov muzeyi ochilgan. 2015 yilning iyunida esa shahar markazidagi yangi istirohat bog‘iga «Orqatog‘» nomi berilgan.

Lekin Turkmanistonda hozircha «Millat yetakchisi haqida» yoki «Orqatog‘ haqida»gi qonunlar qabul qilinmagan.

O‘zbekiston

1994 yilda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov «O‘zbekiston Qahramoni» unvoniga sazovor bo‘lgan. U shuningdek «Mustaqillik» (1996) va «Amir Temur» (1997) ordenlari bilan ham mukofotlangan.

O‘z chiqishlaridan birida Islom Karimov shunday degan:

«Biz noyob va takrorlanmas tabiatiga, mehnatkash va saxiy xalqiga ega ajoyib mamlakatda yashayapmiz. Har kimga ham bunday mamlakatda tug‘ilish va yashash baxti nasib qilavermaydi. Bunday baxtga munosib bo‘lish, Vataniga, xalqiga sadoqat bilan xizmat qilish barchamiz uchun chindan ham oliy baxt hisoblanadi. Hayotimning butun mazmunini men buyuk xalqimga uning baxti va ravnaqi yo‘lida fidokorona va sidqidildan xizmat qilishda deb bilaman».

Nima bo‘lganda ham, o‘zbekistonliklar so‘nggi yillarda millat yetakchisi, orqatog‘, tinchlik va milliy birlik asoschisi — millat peshvosi haqida eshitishmagan. Davlat rahbari konstitutsiya bo‘yicha oddiygina — prezident deb ataladi.

Qirg‘iziston

2017 yilning 24 noyabrida Qirg‘iziston prezidenti lavozimini 2017 yilgi saylovlarda g‘alaba qozongan Sooranbay Jeenbekov egallagan. Amaldagi prezidentning vakolatlari 2023 yilning 24 noyabrida tugaydi.

Shu kungacha mustaqil Qirg‘iziston tarixida mamlakat prezidenti sifatida besh kishi ishlagan (ikki kungina prezident vazifasini bajaruvchi Ishenbay Qadirbekov hisobga olinmasa).

Qirg‘izistonning zamonaviy tarixida millat yetakchiligiga biror bir shama ham bo‘lmagan.

Ulug‘bek Akbarov

Mavzuga oid