Sport | 11:50 / 23.03.2019
22066
2 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2020 saralashida fransiyalik hakamning qo‘pol xatosi Qoratog‘ni uch ochkodan ayirdi

Yevro-2020 saralashi doirasidagi Bolgariya–Qoratog‘ (1:1) o‘yinida hakamlar qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishdi.

Sofiyadagi o‘yinning oxirgi 10 daqiqaligi boshlangan vaqtda hisob mehmonlar foydasiga 0:1 bo‘lib turgandi. Fransiyalik referi Ruddi Byuke qoratog‘liqlar futbolchisi Vladimir Yovovich jarima maydoni ichida raqib a'zosi Stanislav Kostovni turtib yiqitdi deb hisobladi va penalti belgiladi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilganiga 2 daqiqa bo‘lgan Yovovich hakamning qaroriga nisbatan e'tirozi uchun sariq kartochka oldi.

Vaholanki ushbu vaziyatda qoidabuzarlik (agar u bor bo‘lsa) jarima maydoni chizig‘i ustida ham emas, undan tashqarida sodir bo‘lgandi. Bosh hakamning bu qarorini yon chiziq assistenti ham to‘g‘rilamadi. Oqibatda Todor Nedelev penaltidan gol urib, buni katta xursandchilik bilan nishonladi.

«A» guruhining ikkinchi o‘yinida Angliya Chexiyani 5:0 hisobida mag‘lub etdi va peshqadamga aylandi. 25 mart kuni inglizlar Qoratog‘ mehmoni bo‘lishadi, Bolgariya esa saralashda debyut qiladigan Kosovo maydoniga safar uyushtiradi. 

 

Mavzuga oid