Jamiyat | 17:00 / 26.03.2019
56411
8 daqiqa o‘qiladi

«Sud qarorini bajarishimiz ham, bajarmasligimiz ham mumkin». Surxondaryoda hokim va fermerlar orasidagi nizo

Kun.uz tahririyatiga Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritayotgan «Do‘san bobo» fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Abdunazar Safarov va «Jasurbek yangi xirmon» fermer xo‘jaligi boshlig‘i Risolat Lakayeva murojaat qildi. Murojaatda fermerlar tuman hokimidan qattiq noroziliklarini ifodalashgandi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Avvaliga «Jasurbek yangi xirmon» fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi vaziyatni atroflicha bayon qildi. Uning aytishicha, fermerlikka qarashli 71,6 gektar yer maydoni atrofida tut daraxtlari bo‘lgan. Tuman hokimi hech qanday tendersiz uning yerini boshqa fermerga berib yuborgan. Keyin kechasi unga qarashli yerdagi 162 tup daraxt qo‘porib tashlangan. Murojaat qilmagan tashkiloti qolmagan. Tuman hokimiyatiga murojaat qilsa, undan tezroq yerni topshirishi lozimligini talab qilishgan. Tuman hokimligi tomonidan doimiy bosim bo‘layotgani va hatto tut daraxtlari kesilmagan deb tilxat yozib berishini ham so‘rashgan.

Keyin «Do‘san bobo» fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Abdunazar Safarovning murojaatini tingladik. Ma'lumotlarga ko‘ra, fermer xo‘jaligiga tuman yer zaxirasidan tender asosida 76,9 gektar yer maydoni ajratilgan. Tumandagi 406-konturdan noqonuniy egallangan 7 gektar yer maydoni ham tuman zaxirasiga olinishida fermerlik tashabbus ko‘rsatgan.

Abdunazar Safarov

Lekin tuman rahbarligiga Ziyodulla Davlatov kelgach, ushbu fermer xo‘jaligi hududida ham tegishli tekshirish ishlari boshlangan. Uning ishtirokisiz kamchiliklar yuzasidan dalolatnoma tuzilgan. Dalolatnoma asosida fermer xo‘jaligi rahbari Xurram Safarovga tuman hokimligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomasini 2018 yil 3 iyul kuniga qadar o‘z xohishi bilan bekor qilishi lozimligi va aks holda iqtisodiy sudga da'vo arizasi kiritilishi ta'kidlangan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilishi esa so‘ralmagan.

2018 yilning 7 avgust kuni Qo‘mqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi fermer xo‘jaligi ishtirokisiz ishni ko‘rib chiqqan. Ish hokimiyat foydasiga hal bo‘lgan. Xo‘jalik va tuman hokimligi o‘rtasida tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasi bekor qilingan.

Oradan vaqt o‘tgach, fermer xo‘jaligi Surxondaryo viloyat iqtisodiy sudiga kassatsiya instansiyasiga da'vo arizasi beradi. Surxondaryo viloyat iqtisodiy sudi birinchi instansiya sudi qarorini bekor qiladi. Hokimiyat da'vo arizasini ko‘rmasdan qoldiradi. Bu orada esa hokim yerni boshqa fermerga berib yuboradi.

«Tuman hokimi faoliyatimizga doim to‘sqinlik qilib keldi. Tumandagi banklardan hosil uchun ishlatishimiz kerak bo‘lgan kredit olishda ham qiynaldik. Bosh prokuratura aralashuvi bilangina ishimiz ijobiy hal etildi. Maqsadi nimaligini tushunmadik. O‘zlaricha kelib bizning ishtirokimizsiz tekshiruvlar o‘tkazadi. Yerimizni sug‘orishimizga ham to‘sqinlik qiladi. Biz kimga murojaat qilaylik axir?», - deydi «Do‘san bobo» fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Abdunazar Safarov.

Shundan so‘ng, o‘sha vaqtda fermer xo‘jaligida sug‘orish ishlari bilan shug‘ullangan ishchilar Xoliqov Faxriddin va Abdumajid Mingnorovdan o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan voqealar tafsilotini so‘radik. Tushuntirishlaricha, o‘tgan yili paxtaga sug‘orish mavsumida ishchilar tomonidan suv ochilgan. Lekin «Umid» ismli mirob ishchilar yo‘q bo‘lgan vaqtda suv yo‘lini yopib qo‘ygan. Orada tortishuv bo‘lgan. Shunda «Umid» ismli mirob tuman hokimiga qo‘ng‘iroq qilgan. Hokim esa Xoliqov Faxriddin va Abdumajid Mingnorovga u yerdan ketishi, bunga aralashmasligi va o‘z ishlarini davom ettirishi kerakligini tushuntirgan. Ular indamay sug‘orish ishlarini yakunlamay chiqib ketishga majbur bo‘lishgan.

Xoliqov Faxriddin

«Paxtaga suv o‘z vaqtida berilmadi va bu ta'sir qilib hosil ham yaxshi bo‘lmadi. Berilishi kerak vaqtda suv berilmasa shunday bo‘ladi», - deydi o‘sha vaqtda fermer xo‘jaligida ishlagan ishchilar.

Nihoyat tuman hokimiyatiga ham izoh olish uchun bordik. Taxminan soat 16:15lar edi. Kamerani yoqib hokimlik binosi hududiga kirdik. Hokimning xonasi berk ekan. Yordamchisi chiqdi va tuman hokimiga qo‘ng‘iroq qildi. Birozdan keyin hokim o‘z eshigini ochib, bizni qarshi oldi. Yuqoridagi murojaatlarga quyidagicha tushuntirishlarini berib o‘tdi.

«Do‘san bobo» fermer xo‘jaligi sudga berib sudda yutgan bo‘lsa, qonuniy ko‘rib chiqamiz. Sud qarori bizga hali yetib kelmadi. Sud qarori nima degan bo‘lsa ko‘rib chiqamiz. Yerdan foydalanayotgan fermer tomonidan sarflangan mablag‘ masalasida nizo kelib chiqsa, o‘zlari hal qilishadi.

Tutlari kesilgan fermer masalasi bo‘yicha gapiradigan bo‘lsam, uning tutzori buzilmagan. Surxondaryo viloyat ekologiya boshqarmasidan mas'ullar kelib qonuniy ko‘rib ketgan. Kim nima qilgan bo‘lsa, qonuniy chorasini ko‘rgan. Hech kim olib qo‘ygani yo‘q. Qarzlari bor. Hosilning rejasini ham bajarmagan.

Suv masalasi bo‘yicha gapim – tuhmat bu! Suv katta kanaldan beriladi. Suvning yo‘lini berkitib qo‘yishga vakolatim ham, kuchim ham yetmaydi. Guvohlar marhamat kelsin, gaplashamiz.

Sud qarorini ko‘rib chiqamiz. Bajarishimiz ham, bajarmasligimiz ham mumkin. Qonunda bajar degan bo‘lsa, sud qarorini bajaramiz. Bo‘lmasa, Oliy sudga beramiz», - deydi tuman hokimi Ziyodulla Davlatov.

tuman hokimi Ziyodulla Davlatov

Lekin hokim sud qarorini bajarish haqida o‘ylagani ham yo‘q. Ko‘rib chiqamiz degan gapni aytmoqda, xolos. Sud qarorlari muddati kelgach, ijroga qaratish lozimligini Ziyodulla Davlatov bilmaydimi? Nega ikkilanmoqda? Chunki, yer shoshma-shosharlik bilan boshqa fermerga berib yuborilgan. U esa yerga ozmi-ko‘pmi 2019 yil hosili uchun mablag‘ sarflagan. Fermerning yeri olib qo‘yilsa, nizo boshlanishi aniq.

Yodingizda bo‘lsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida «Tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lish davlat siyosatiga xiyonat qilish demakdir» deya ta'kidlangan edi. Iqtisodiyotda fermerlikka ham tadbirkorlikning bir yo‘nalishi sifatida qaraladi. Mansabdor shaxslar ularga sharoit yaratib berishi kerak. Bu davlat rahbarining talabi. Yordam berish qo‘lidan kelmasa, unga to‘siq ham bo‘lmasligi zarur. Davlat rahbarining talabini bajarmasa, o‘sha mansabdor shaxs joyini bo‘shatib qo‘yishi lozim.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Surxondaryo viloyat hokimligi va boshqa tegishli davlat tashkilotlaridan mavjud muammolar bartaraf qilinishida va aybdor shaxslar o‘z jazosini olishida tashabbus ko‘rsatishlarini kutib qolamiz.

Kun.uz muxbiri Zafarbek Solijonov,
tasvirchi Sherzodbek Egamberdiyev

Mavzuga oid