Jamiyat | 17:00 / 27.03.2019
26717
7 daqiqa o‘qiladi

«Hovuzga suv quyib ichib yotibmiz». Qumqo‘rg‘onliklar yashash sharoitlaridan norozi, hokim esa «sanoqli» fuqarolarning gapiga e'tibor bermoqchi emas

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqinda Namangan viloyatiga bo‘lgan tashrifi davomida kortejidan tushib xalq orasiga kirib bordi. Ular bilan yaqindan suhbatlashdi. O‘tgan vaqt davomida davlat mansabdor shaxslarga rahbar qanday ishlashi kerakligini tushuntirib kelmoqda. Xalq dardi bilan yonib, ularning muammolari ijobiy hal etilishida jonbozlik ko‘rsatishlarini talab qilmoqda. Lekin amalda-chi? Afsuski, ba'zi joylarda buning aksini ko‘rish mumkin.

Ijodiy jamoamiz bilan yaqinda Surxondaryo viloyatiga bordik. Qumqo‘rg‘on tumani «Do‘stlik» MFYda istiqomat qiluvchi kishilar bilan suhbatlashdik. Ularning yashash sharoiti bilan yaqindan tanishdik.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Hududda istiqomat qiluvchi fuqarolar dardga to‘lgan. Ularning yashash joylarini ko‘rib kishining rahmi keladi. Shu yerlarda kelajagimiz deb umid bildirayotgan yoshlar, tajribalarini ulashishga tayyor turgan nuroniy otaxon-onaxonlar, orzularga to‘la yosh oilalar yashayotganini ko‘rib, hayron qolasan kishi.

Binolar juda xarob holga kelib qolgan. Bir necha yillardan beri xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatiga to‘lov qilayotgan insonlar uyining tom qismigina talab darajasida xolos. Vertolyotdan qarasangiz hammasi joyida. Ularning ichiga kirib borsangiz-chi?! Umuman boshqa holat.

Bahor kelib havo isiganda boribmiz. Asfalt degan qurilish materialining o‘zi yo‘q. Yomg‘irdan keyin quyoshda qurib qotib qolgan loylar yonidan mashina o‘tsa atrofi changga bulg‘anadi. Yosh bolajonlar esa o‘yin maydonchalari yo‘qligidan changga to‘la maskanda o‘ynamoqda. Ma'lumotlarga qaraganda, elektr energiyasi tez-tez o‘chadi. Gaz ham yetarli miqdorda berilmaganidan aholi qishni zo‘rg‘a o‘tkazgan. Ichimlik suvi esa umuman yo‘q.

«Suv qo‘shni mahalladan olib kelinadi. Ularning qovoq-tumshug‘iga qarab turamiz. Ba'zida norozilik bildirishadi. Davlatdan talab qilinglar, deyishadi. Shirkat tashkil qilingandan beri o‘tgan vaqt davomida faqatgina binolarning tom qismi qayta ta'mirdan o‘tkazilgan, xolos. To‘lovlarni esa bir kun kechiksangiz Majburiy ijro byurosi xodimlari sug‘urib olib ketadi. Hovuzga suv quyib ichib yotibmiz. Hozir u ham yo‘q. Hali yoz kelmay shunday qiynalsak, ertaga yozda nima qilamiz? Surxondaryo eng issiq hudud.

Murojaat qilinmagan davlat tashkilotlari qolmadi. Murojaat qilsak, xatni yana tumanga qaytarishadi. Nima qilaylik axir? Biz ham insonmiz-ku? Davlat talablarini bajaryapmiz. Davlat ham sharoitlarimizni yaxshilab berishi kerak emasmi?», - deyishadi aholi vakillari.

Shundan so‘ng, izoh olish maqsadida tuman hokimiga yuzlandik. Tuman hokimi Normo‘min Choriyev fuqarolar noroziligi masalasida o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

«Fuqarolar norozi degan fikrga umuman qo‘shilmayman. Hamma fuqaro norozilik bildirsa, keyin fuqarolar norozi desa bo‘ladi. Bir-ikki fuqaroning gapi bilan baho berilmaydi.

Bunday holat yuzaga kelganining asosiy sababi kanalizatsiya tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Qumqo‘rg‘on tumani uchun bu katta ish. Kanalizatsiya quvurlari yo‘ldan o‘tkaziladi. Kanalizatsiya mazkur mahalla hududidan o‘tdi. Ishlar hali davom etmoqda.

Ko‘p qavatli uylar bor joyda kanalizatsiya o‘tkazilmasa, muammolar o‘z yechimini topmaydi. Qachonki, markazlashgan kanalizatsiya tizimi ishlab ketsa, hammasi joyiga tushadi.

Prezidentimizga rahmat aytishimiz kerak. Dasturga kiritilib katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu ishlar tugagach asfaltlash ishlari boshlanadi. Mana havo isimoqda, asfaltlash ishlarini hademay boshlaymiz. Hududni asfaltlab beramiz. Barcha ko‘p qavatli uylar bu kanalizatsiyadan foydalana oladi.

Ichimlik suvi masalasi Qumqo‘rg‘on tumanida doim muammo bo‘lib kelgan. Chunki yer osti suvimiz yo‘q. Manbasi yo‘q. Suv ombori suvidan oqilona foydalanishimiz kerak. 24 soat suv bera olmaymiz. Lekin, vaqti-vaqti bilan suv berib turilibdi», - deydi hokim.

tuman hokimi Normo‘min Choriyev

Tuman hokimi muammolarga yetarli bo‘lmagan sabablarni keltirmoqda. O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida yer osti suvlari mavjud. Faqatgina tuman mutasaddilari asosiy yillik rejaga bu muammoni kirgizib, budjetdan pul ajratilishini so‘rashi lozim. Tuman hokimi ushbu mahallaga borganmi yoki yo‘q, hali bunisi aniq emas. Lekin biz maydonda kanalizatsiya trubalari o‘tkazilayotganiga guvoh bo‘lmadik. Tekis maydon. Binolarning tom qismidan boshqa joylari bir ahvolda. Muammo haqida aytilsa, ba'zi hokimlar sabab ko‘rsatadi, xolos. Yechim berish yoki chora ko‘rishni ikkinchi darajali masala deb bilishadi.

Yodingizda bo‘lsa, 2017 yilning 9 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektorda quyidagi fikrlarni bildirgan edi: «Biz xalqdan uzilib, yolg‘on raqamlarga mahliyo bo‘lib, odamlarning dardi va tashvishini unutib, oyog‘imiz yerdan uzilib, o‘zimizni ham, xalqni ham aldab shu ko‘yga tushmadikmi?!

Hali ham biz o‘z xalqimiz bardosh bergani, chidagani uchun bosh egib sajda qilishimiz kerak. Mana bugun nima uchun ushbu yig‘ilishga to‘plandik. Ishimizni mutlaqo yangi tizim asosida tashkil qilmoqchimiz. Mana shuni ko‘rgan vijdoni bor rahbar o‘ziga haqqim bormi bu dargohda, bu yerda o‘tirishga deb savol beradi».

O‘tgan vaqt davomida bu siyosat mohiyatini tushunib yetmagan amaldorlar hali ham mavjud. Prezident xalq bilan birga bo‘l va ularning dard-u tashvishi bilan yasha, demoqda. Muammolarga yechim topish kerakligini uqtirmoqda. Nega bu siyosat mazmuni ba'zi amaldorlar tomonidan chuqur anglab yetilmaydi? Nega aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qilishmaydi? Xalq soliqlarni to‘laydi, qachonki davlat ijtimoiy ahvolni yaxshilashga xizmat qilsa. Agar mansabdorlar yechim topish o‘rniga bahona qilishda davom etsa, odamlar ulardan rozi bo‘lmaydi.

O‘ylaymizki, Surxondaryo viloyat rahbarlari ham bu muammo bilan jiddiy shug‘ullanishadi va o‘z ijobiy yechimlarini berishadi. Yordam bermoqchimizmi, shunchaki ularning o‘ziga o‘zimizni qo‘yib ko‘raylik. Ularning holatini his qila olsak, ko‘mak bera olamiz, deb o‘ylaymiz.

Kun.uz muxbiri Zafarbek Solijonov,
tasvirchi Sherzodbek Egamberdiyev

Mavzuga oid