Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shovotdagi «O‘gay mahalla» holati murojaatdan bir yil o‘tib: «Ahvol o‘zgarmadi», «qayta tiklab berilmadi», «qachon o‘zgarishi ma'lum emas»
2018 yil mart oyida Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyati, Shovot tumani, Chig‘atoyqal'a qishlog‘i, «Guliston» mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriylaridan murojaat tushgan edi.
Xatda bolalar bog‘chasi ishlamayotgani, u ayanchli holatda ekani, mahalladagi kutubxona tugatib yuborilgani, ichimlik suvi tarmog‘i yo‘qligi, qishloq vrachlik punktiga ega emasligi, guzar tugul, hatto sartaroshxona yo‘qligi, masjid bo‘lishiga qaramay, unda ibodat qilishga ruxsat berilmagani ko‘rsatilgan edi.
Bu haqda saytda «O‘gay mahalla» yoxud shovotliklarni qiynayotgan ijtimoiy muammolar nomli maqola e'lon qilingan edi.
Oradan 1 yil o‘tgach, muammolarning qanday yechim topganini o‘rganish uchun yana bir bor Shovot tumaniga bordik.
Vayronaga aylanayotgan «Orzu» maktabgacha ta'lim muassasi – ahvol o‘zgarmagan
1985 yili mahallada «Orzu» maktabgacha ta'lim muassasasi (bolalar bog‘chasi) barpo qilingan. Unda shu mahalla bolalari ta'lim-tarbiya olgan, savodini chiqargan. 2015 yilda bog‘cha kapital ta'mirlash bahonasida yopilgan, ammo hozirgi kungacha hech qanday ta'mirlash ishlari bajarilmagan va qarovsiz ahvolda, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Murojaatchilar shu muassasa faoliyatini tiklab berishni iltimos qilishgan edi. Afsuski, bu borada ish joyidan jiddiy ravishda qo‘zg‘almagan.

2019 yil mart oyi holatiga bog‘cha binosini qayta ta'mirlash masalasi kun tartibida yo‘q. U «Obod qishloq» yoki investitsiya dasturiga kiritilmagan. 2020 yilgi dasturga kiritilish masalasi ham mavhumligicha qolmoqda.
«Bu bog‘chani ta'mirlash ishlarini 2019–2021 yilgi dasturlarga kiritish uchun taklif berganmiz, ammo qachon kiritilishi ma'lum emas. Yaqinda uning 3 milliard so‘mlik yangi loyihasi tayyorlandi. Agar dasturga kiritilsa, 125-140 o‘rinli bog‘cha sifatida faoliyatini boshlashi mumkin», - deb ma'lumot berdi Maktabgacha ta'lim bo‘limi ekspluatatsiya xizmati boshlig‘i Shavkat Navro‘zov.

Ayni paytda, mahalla bolalari boshqa hududlardagi, 4-5 km uzoqlikdagi bog‘chalarga borishga majbur. Bu juda uzoq va noqulay. Bunday xarajatlarni faqat shaxsiy transporti bor va o‘ziga to‘q oilalargina ko‘tara oladi, ular esa ozchilik. «Orzu» bolalar bog‘chasi tobora nurab, xarobaga aylanib bormoqda.
Ichimlik suvi ta'minoti muammosi – qisman hal qilindi
«Guliston» mahallasi aholisi ichimlik suvi tarmog‘iga ulab berish haqida murojaat qilishgan edi.
Bu muammo qisman hal qilingan – Shovot tumani hokimligi va prokuraturasi tomonidan mahalla aholisiga tozalangan ichimlik suvi tarqatish shoxobchasi qurib berilgan. Hozirgi vaqtda aholi zamonaviy uskunalarda tozalangan sifatli suvni iste'mol qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Bundan tashqari, haftada bir marta ularga suv tashuvchi avtomashinalarda ichimlik suvi tarqatilmoqda.

«Shu paytgacha investitsiya dasturi bo‘yicha mahallalarni ichimlik suvi tarmog‘iga ulash amalga oshirilayotgan edi. Bu yildan boshlab, faqat «Obod qishloq» dasturiga tushgan hududlargina tarmoqqa ulanadigan bo‘ldi. «Chig‘atoyqal'a» qishlog‘i esa bu dasturga kiritilmagan. 2020 yilda bu qishloqni dasturga kiritish uchun taklif beramiz», - deb ma'lumot berdi qurilish ishlari bo‘yicha mutaxassis Muhammad Ishchanov.
Qishloq vrachlik punkti – qayta tiklab berilmaydi
«Guliston» mahallasida mavjud bo‘lgan tibbiyot punkti bir necha yillar oldin tugatib yuborilgan edi. Uni qayta tiklash masalasi ham kun tartibida yo‘q. Hozirgi paytda, mahalla aholisi 3-4 km masofa uzoqlikdagi «Bo‘ston» qishloq vrachlik punkti (QVP) xizmatidan foydalanmoqda. Unda 2 nafar umumiy amaliyot shifokori va 6 patronaj hamshira ishlayapti.
Mahalla guzari – qachon qurilishi ma'lum emas
Murojaatda «Guliston» mahallasida guzar tugul, sartaroshxona ham yo‘qligi aytilgan edi. Bu muammoni hal qilish uchun ish bir qadam ham oldinga siljimagani, guzarni barpo qilish uchun hech qanday chora ko‘rilmagani ma'lum bo‘ldi.
«Mahalla guzari qurish bo‘yicha bir tadbirkor murojaat qilgan. Bu masalani o‘rganamiz, agar bo‘sh yer bo‘lsa, elektron auksionga qo‘yib beramiz. Talabgorlar unda qatnashib, yutib olishi va ish boshlashi mumkin», - deb ma'lumot berdi qurilish ishlari bo‘yicha mutaxassis Muhammad Ishchanov.
Kutubxona – tiklab berilmadi
«Guliston» mahallasida 3-4 ming kitob fondiga ega mo‘'jaz kutubxona mavjud bo‘lgan. Keyinchalik u tugatib yuborilgan, binosi mahalla idorasiga aylantirilgan. Murojaatchilar uni tiklab berishni, kitoblarni orqaga qaytarishni so‘ragan edi. Hatto, sobiq kutubxona xonalarini o‘z hisobidan ta'mirlab, tayyor holatga keltirib qo‘yishgan edi. Afsuski, bu muammoni hal qilish bo‘yicha ham hech qanday chora ko‘rilmagan.
Masjid – ibodat qilishga ruxsat yo‘q
«Guliston» mahallasida masjid bor. Xiva xoni davrida barpo qilingan mo‘'jazgina masjid keyinchalik abgor ahvolga kelib qolgan edi. Mahalla aholisi uni hashar va xayriya yo‘li bilan ta'mirlab, tiklab olgan va ibodat qilishga ruxsat berilishini so‘ragan edi. Tegishli tashkilotlar tomonidan bu masala o‘rganib chiqilgan, uning devorlari loydan qurilgani va xavfsizlik talablariga javob bermasligi bois, ommaviy tadbirlar o‘tkazish, xususan jamoat bilan namoz o‘qish uchun ruxsat berilmadi.
«Guliston» mahallasidagi ijtimoiy muammolar haqida fuqarolar bir necha yillardan beri Xorazm viloyati hokimligi va Shovot tumani hokimligiga murojaat qilib kelishmoqda. Ammo, afsuski ular o‘z yechimini topmayapti. Odamlar o‘ziga yer, arzon kredit, uy-joy va boshqa narsalarni so‘rayotgani yo‘q, balki farzandlarining bog‘chaga borishi, ilmli, ma'rifatli bo‘lishi, kutubxona ochilib, undan kitob olib o‘qishi, malakali tibbiy yordam olishi, bolalarining sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishini istamoqdalar, o‘z manfaatini uchun emas, balki kelajak avlod manfaati uchun jon kuydirishyapti. Muammolarning ba'zilarini bartaraf qilish uchun, hatto o‘z kuchi va mablag‘ini sarflashga ham tayyor turishibdi. Biroq, ularga peshvoz chiqadigan rahbarlar topilmayotgani achinarli...
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
12:33 / 02.05.2025
«Bunda xorijiy turist u yoqda tursin, mahalliy sayyoh ham boshqa davlatga borishni afzal ko‘radi» - prezident chiptalar narxi haqida
15:41 / 01.05.2025
Prezident Al-Xorazmiy shaharchasining qurilishini ko‘zdan kechirdi
20:24 / 02.04.2025
Xorazmda pulini ko‘paytirib berishni aytib, mingdan ortiq odamni chuv tushirgan shaxs ushlandi
16:38 / 18.03.2025