Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Biz fermerlar «yetimmiz» go‘yo». Respublika bo‘ylab arzon go‘sht sotgan chorvadorlar dardi
Davlat bozor munosabatlariga maksimal darajada aralashmasligi kerak. Tarix Argentinadagi go‘sht inqiroziga guvoh, bu ko‘pchilikka saboq bo‘lgandi. O‘zbekistonda go‘sht mahsulotlari, chorvachilikka e'tibor qay darajada? Go‘shtning roli turmush tarzimizda qanchalik ahamiyatga ega?
Go‘sht avvalo inson organizmi uchun zarur bo‘lgan oqsil, temir moddasi va aminokislotalarga boy mahsulotdir. Har bir inson kuniga o‘rtacha 200 gramm miqdorida go‘sht iste'mol qilishi foydalidir. Agar go‘sht narxi qimmatlashsa va mahsulot tanqisligi yuzaga kelsa nima bo‘ladi? Buni hisoblab ko‘rish har kimning o‘z tasavvur doirasiga bog‘liq. Kun.uz tahririyatiga kelgan navbatdagi murojaat respublikadagi yuzlab chorvador fermerlarning dardi ekan.
«Kim senga sot degan, o‘shanga bor»
«Men Begzod Berdiyev Qashqadaryodagi «Boyqo‘rg‘on pahlavoni» fermer xo‘jaligi rahbariman. Biz bir necha yillardan beri, poytaxtimizdagi bozorlarda arzonlashtirilgan narxlarda go‘sht sotib kelamiz. Shu kunga qadar Chorsu bozorida arzonlashtirilgan narxda 28 ming so‘mdan go‘sht sotib keldim. 2018 yilga qadar 10 tonnagacha go‘sht sotganman. Bunday arzon narxda go‘sht sotishdan maqsad – Vazirlar Mahkamasining yig‘ilish bayoniga ko‘ra, har bir kilogramm sotilgan go‘sht uchun imtiyozli narxda 15 kilogramm sheluxa, 15 kilogramm shrot berilishi kerak edi. Biz shunga ishongan holda, 10 tonnagacha go‘sht sotganmiz. Bizning asosiy faoliyatimiz chorvachilikdir. Shu kungacha bizga berilishi kerak mahsulotlardan 1 kilogramm ham olmadik. Bu bo‘yicha murojaat qilib «O‘zdonmahsulot»ga ham bordik. Ular:"Sizlarga mahsulot ajratib beradigan odamga boringlar",-deb aytishdi. Keyin Vazirlar Mahkamasidagi Akmal Toshev degan odamga borsak: «Kim senlarga sot degan bo‘lsa, o‘shanga boringlar»,-deb aytdi. Axir, 2018 yil 14 sentyabrda Bosh vazir tasdiqlagan hujjatga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari Mirzayev, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Veterinariya qo‘mitasi rahbari Norqobilov imzo chekkan deb aytdik. «O‘sha odamlarga boringlar» deyishdi-da, bizni haydab chiqarishdi. Oxir-oqibat chorvalarimiz och qolmoqda. Shaxsan o‘zim 120 million so‘m zararga kirdim. Menga deyarli 400 tonna yem berilishi kerak edi», deydi qashqadaryolik chorvador fermer.
«Men ham bir necha yillardan beri go‘sht sotaman. Tuman chorvachilik bo‘limidan topshiriq beradi. Sotgan mahsulotlarimizdan va'da qilingan yemlarni ololmaymiz. Qoramollarimiz qolmadi, faqat qo‘ylar qoldi. Hozir juda ham qiynalyapmiz. 500dan ziyod qo‘yimiz bor edi, hozir 250ta qoldi. 80dan ziyod molimiz bor edi, qolmadi. Bizga juda qiyin bo‘lib qoldi. Dardimizni hech kim eshitmaydi. Chiqmagan joyimiz qolmadi. Har kilogramm go‘shtimizdan 7 ming so‘mdan zarar qildik. Sotmaydigan bo‘lsak, sotasan deyishadi. Bo‘lmasa chorvani yo‘q qil deydi. Nimadir qilishimiz kerak-ku? Odamlarni ish bilan ta'minlash kerak, oilamni boqishimiz kerak. Fermerlikni rivojlantiraylik deb qancha ishlar qildik. Hamma joy bo‘sh qoldi. Bosh prokuraturaga, portalga chiqsak bitta xat bilan yopilib ketadi. Prezident nima deyapti? Qaranglar eshitinglar deyapti. Go‘shtning narxini so‘rayapti. Bunday qilishsa go‘shtning narxi oshib ketishi ma'lum-ku?», deydi samarqandlik fermer Bahodir Rahimov.
Fermerlarning so‘zlari isbotini ko‘rish maqsadida ularning hududi tomon yo‘lga tushdik. Safarimiz Toshkent viloyatidagi ikki tumanga bo‘ldi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Chorva fermalariga «norasmiy tashrif»
Dastlab, Chirchiq shahrida faoliyat yuritgan, va'dalar bajarilmagani uchun chorvachilik faoliyati tugatilgan shunday tadbirkorning dard-u hasratlari bilan o‘rtoqlashdik.
«Mana shu yerda 50 bosh buqa boqib, semirtirib, Qo‘yliq dehqon bozori hududidagi yarmarkaga arzonlashtirilgan go‘sht mahsulotlari yetkazib berganmiz. Qibray tumani hokimiyati chorva bo‘limidagi xodimlar bizga shuni aytishgandi. 12-13 tonnaga yaqin go‘sht sotganman aholiga. Bizda hamma protokollar bor. Sotganimizga 1 yil bo‘lmoqda. 1 kilogramm mahsulot ololmayapmiz. Ko‘chada 1 kilogramm shrot mahsuloti – 3 ming so‘m. Bir kunda bitta mol uchun kamida 5 kilogramm shrot berish kerak. Bu degani 15 ming so‘m bo‘ladi. Bitta pressni 20 ming so‘mdan olamiz. Undan tashqari, ishchilarga xizmat haqi bor. Sotadigan go‘shtimiz 28 ming so‘mdan bo‘lgandan keyin nima bo‘ladi? Mana korxonamiz hozirgi kunda tugatildi. Ilojim yo‘q. Men ziyonga ishlay olmayman, aka. Vazirlar Mahkamasi tarafidan chiqqan protokol asosida bizga limit asosida berilishi kerak bo‘lgan yemlarni bir yildan beri birorta fermer ololgani yo‘q. Agar shu ahvolda davom etsa 1 kilogramm go‘shtdan 15-20 ming so‘m ziyonga kirib ketaman», deydi hafsalasi pir bo‘lgan chorvador.
Shundan so‘ng, Qibray tumanidagi boshqa fermer Chori Xolmurodovning chorvalari bilan «uchrashuv» o‘tkazishga qaror qildik. Fermaga uyushtirgan press-turimizda bir necha holatlarga guvoh bo‘ldik. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, berilishi kerak bo‘lgan yem va ozuqalar bo‘lmagani sababli lavlagi berib boqishmoqda ekan. «Bir tarafdan hukumatimizga rahmat. Ular bizga vaqtida o‘sha yemlarni berganida biz bu usulni kashf etmagan bo‘lar edik», deydi u.
«Beklarbegi» xususiy firmasi faoliyatining maqsadi – zotdor, shoxli va naslli mollarni ko‘paytirish, yo‘lga qo‘yish va ularni semirtirib boqishdir. Bir vaqtning o‘zida sog‘in sigirlar va buqalarni yetishtirishdir.
O‘tgan yil hisobidan may oyidan avgust oyigacha 5 tonnagacha go‘sht topshirgan edik. O‘zimizdan tashqari bu yerda 3 ishchi olganmiz. Prezidentimiz ikkita ish o‘rni yaratgan tadbirkor men uchun vatanparvar deb aytgan. Biz shu gaplardan ilhomlanib shu ishni yo‘lga qo‘ygan edik. Lekin ba'zi to‘siqlarga duch kelyapmiz. Vazirlar Mahkamasi 2018 yil 14 sentyabrda Bosh vazir Abdulla Nig‘matovich tashabbusi bilan bayonnoma qilingan. Bu bayonnomada mas'ul shaxslar ko‘rsatilgan. Lekin buning ijrosini ta'minlanmayapti. Bu bir xulosaga olib kelishi mumkin. Demak, biz fermerlar yetimmiz. Biz prezidentimiz o‘gitlariga rioya qilib, haqiqiy vatanparvarligimizni, ishchanligimizni, shu mehnatda suyagimiz qotganligini isbotlab, sotgan go‘shtlarimiz bilan rahmatga musharraf bo‘ldig-u, lekin buqalarimiz hanuz bizdan yem kutmoqda. Biz bu jonivorlar oldida yolg‘onchi tadbirkormiz», deydi alamzada fermer.
Chorvadorlarning aldangani, hali ham umid bilan ko‘z tikayotganini bildik. Ularning hafsalasi pir bo‘lgan. Ularga savol bilan yuzlanamiz.

Agar davlatimiz tomonidan shunday imkoniyat berilsa, bu ishni qaytadan yo‘lga qo‘yarmidingiz?
«Bu imtiyozlar tiklab berilsa, bir haftalik muhlat yetadi. Yana Qo‘yliq, Chorsu bozorlarida 28-29 ming so‘mlik sifatli go‘shtlar bo‘lishiga kafolat beraman», deydi «Beklarbegi» rahbari.
«Biz o‘zi 2019 yilgi dastur bo‘yicha 300 million so‘m o‘zimiz hisobimizdan, 500 million so‘mlik kredit jami 800 million so‘m evaziga chorvani yanada kengaytirishni reja qilgandik. Ochig‘i, biz shu dastur bajarilishiga ham ko‘zimiz yetmay qoldi. Chunki, shuncha qoramolni nima berib boqishga o‘ylanib qoldik. Agar yemlar berilsa, yana o‘nlab ishchi o‘rni ochib, go‘shtni yana Toshkentga yetkazib bergan bo‘lardik», deydi ishonch bilan Begzod Berdiyev.
Sizning tadbirkorligingiz tugatilgan. Siz imkoniyat berilsa shu ishni qaytadan boshlarmidingiz?
«Bu savolingizga qadimda bir kishidan so‘ragan ekan - «Nima kasb qilgansan?». «Ota-bobom qilgan ishni qilaman», deb javob bergan ekan. Bizga ham bu ota-bobomiz qilgan kasb sanaladi. Bizning nonimiz shu, tirikchiligimiz shu. Imkoniyat berilsa, yemlarni berishsa, bir haftada hamma mollarni joyiga qo‘yib, yana chorvachilikni tiklab qo‘yardik. Kreditlar berilyapti, o‘zimiz yig‘ib qo‘ygan pullar bor», deydi «Shoimov Qarshi» xususiy korxonasi rahbari.
Bu javobdan so‘ng, umidlari puchga chiqqan chorvadorga qarshi savol bilan murojaat qildik.


Agar yemlarni ololmasangiz-chi?
«Agar bunday bo‘lsa, ukalarim bilan Rossiyaga ketamiz deb reja qilib turibmiz. Bola-chaqa boqish kerak», deydi Chori Shoimov.
So‘z navbati viloyat hokimiyati vakillariga
Fermerlarni eshitdik. Ularning muammosini tushundik. Endi navbat mutasaddilarga yetdi. Izohni avvalo respublikaning barcha viloyat hokimiyatlaridan kelgan vakillardan oldik. Bu so‘zlar asosan yuqori turuvchi hokimiyat organlariga ishonib, fermerlarni bozorga tortgan vakillarning tashvishlari haqida bo‘ldi.
«Toshkent shahri aholisiga arzonlashtirilgan va sifatli go‘sht, sut va baliq mahsulotlari yetkazib berish kerak edi. Sirdaryo viloyatidagi chorva fermer xo‘jaliklari Askiya va Oloy bozorlarida aholining ehtiyojlarini qondirish maqsadida shunday go‘sht mahsulotlarini sotib kelishgan. Rejani doim bajarib kelganmiz. Bayram arafalarida bozorlarda yarmarka tashkil etiladi. Bu fermerlar har bir sotgan go‘shtlariga 15 kilogramm shrot va 15 kilogramm sheluxa sotishi lozim edi. Bu yemlar evaziga ular ham buqa, ham sog‘in sigirlarni oziqlantiradi. Buning evaziga nafaqat go‘sht, balki bog‘cha va boshqa shunday tashkilotlarni sut bilan ham ta'minlaydi. Mana hali-hanuz rejalarni bajargan bo‘lishiga qaramasdan, fermerlar yemlarni ololmayapti. Biz har 10 kunda shu ish bo‘yicha veterinariya qo‘mitasiga kim qancha sotgani hisobotini beramiz. Shundan so‘ng, bu xabar respublika birjaga va Yog‘-moy jamiyatiga yetib boradi. 10 kun ichida shuni chiqarib yuborishi kerak edi. Lekin shuncha vaqtdirki masala hal bo‘lmayapti. Biz qo‘limizdan kelganicha tashkilotlarga chiqib ko‘ryapmiz. Kimga bog‘liq bo‘lib qolyapti, bilmayapmiz. Veterinariyaga borsak, «Bosh prokuraturaga boringlar» dedi. Chunki, qishloq xo‘jaligi Bosh prokuraturaga biriktirilgan», deydi Sirdaryo viloyat hokimligi vakili Vahhob Krajavov.
«Biz bu masalada prokuratura qoshidagi departamentga ham bordik. Departament vakillari «ishlaringiz hal bo‘lib qolgan» deyishdi. Lekin ishlar hal bo‘lmadi. O‘sha joyida turibdi. Fermerlar uyimizgacha kelishmoqda. «Senlar bizga aytgansan» deb holi-jonimizga qo‘yishmayapti. Ularni ham tushunish kerak-da axir? 20-30 kishini ergashtirib, vazirlikma-vazirlik sarsonmiz. O‘tgan yil 20 oktyabrgacha muammo yo‘q edi. O‘sha sanadan bu yog‘iga 1 kilogramm ham berilmadi. Arzon narxdagi go‘sht bilan bozordagi go‘sht orasida 5 ming so‘mgacha farq bor. Ular tonnalab sotgan go‘shtning har kilosidan 5 ming so‘mgacha zarar ko‘rdi. Bu vaqtda ular qancha daromad qilishgan bo‘lar edi», deydi Buxoro hokimiyati vakili Madiyor Bahromov.
«Bizga fermerlar shikoyat qilishsa, departamentga boramiz, veterinariyaga boramiz. Chiqadi, chiqadi, chiqadi. Doim shu gap. Chiqadi deganiga ham mana 2 oy bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasining bu protokolidan 1 kilogramm ham yem olmadik», deb hamkasblarining yuqoridagi fikrlarini tasdiqladi Surxondaryo viloyatining vakili Davron Ahadov.
«Har kuni bozorda narxlar oshib boryapti. Fermerlar bizga, hukumatga ishonib xarajat qilib qo‘ygan. Faqat qilib beramiz degan gap bo‘lyapti, xolos», deydi Shahboz Pardayev.
Chorvador fermerlarning dardlari, o‘rinli e'tirozlarini eshitdik. Bunda asosiy javobgar shaxslar hokimiyat vakillari deb ulardan fikr olgan edik. Lekin hokimiyat vakillari ham tadbirkorlar bilan «bir kemada» ekan.
Endigi ish - qidiruv tizimini yoqib, mas'ul tashkilotni topish edi.


«Hal qilamiz, kutinglar, bo‘ladi hammasi»
Bu masalada murojaatchilarimiz Veterinariya qo‘mitasi tomonidan bir necha tashkilotlarga jo‘natilgan xatni qo‘limizga tutqazishdi. Bu xatda 2018 yil avgust-dekabr oylarida jami 1 ming 398ta chorvachilik sub'yekti tomonidan 2 ming 437 tonna go‘sht sotilgan. Mart-aprel-may oylari uchun 36 ming 567 tonna paxta shroti, 36 ming 567 tonna paxta sheluxasi ajratib berish nazarda tutilgan. Xatda yangi davr bo‘yicha berilishi kerak bo‘lgan yemlar miqdori ko‘rsatilmagan. Ushbu xatni o‘zingiz ham ko‘rishingiz mumkin.

Veterinariya qo‘mitasiga qo‘shimcha sifatida bizga ushbu fermerlar ro‘yxati ham kelib tushdi. Ushbu ro‘yxatni ko‘rishingiz mumkin.
Mutasaddi tashkilotlardan avvaliga «O‘zpaxtayog‘» AJga bordik va ushbu tashkilotning marketing bo‘limi boshlig‘i Nig‘mon Mavlonov bilan uchrashdik. Mutaxassis bunday masalalar Vazirlar Mahkamasidan hal etilishini tushuntirdi. Shunday so‘ng yo‘l ko‘rsatkichimizni ijro etuvchi hokimiyat organi tomon burdik.
Vazirlar Mahkamasiga borib mutaxassislar bilan uchrashmoqchi bo‘ldik. Lekin, bu katta dargohga kirish biz o‘ylaganchalik oson ish emasdi. Eshik tagida «atigi» 3 soat kutdik. So‘ngra, tashkilotdan vakillar chiqib kelishdi va bizga bu masalaga javob berish ma'lum vaqtni olishini aytishdi. Mana 2 haftadan o‘tdiki, o‘sha «ma'lum vaqt» ham o‘tib bormoqda.
Bizda bir xulosa kelib chiqmoqda. Hukumat vakillarida imkoniyat yo‘q yoki imkoniyati bor-ku, lekin «eshagimiz loydan o‘tdi» qabilida ish tutishmoqda. Bu holda chorvador fermerlarning hafsalasi pir bo‘lib, ularda hukumatga qat'iy ishonchsizlik paydo bo‘lishi tayin. Shu asnoda bozorlarimizda go‘sht narxlari oltin bahosida bo‘lib ketmasa edi.
Muxbir - Bahodir Ahmedov
Tasvirchi – Mirvohid Mirraximov
Mavzuga oid
14:12 / 28.04.2025
Qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni tezkor tekshirish mexanizmi joriy etiladi
16:47 / 24.01.2025
Toshkent propiskasi tarixga aylanadi: fuqarolar turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishda onlayn murojaat qilish imkoni yaratilmoqda
10:03 / 02.09.2024
“Xalq nazorati” portali orqali qilingan murojaatlar soni 45 mingdan oshdi
17:55 / 28.08.2024