Sport | 14:10 / 28.03.2019
7634
4 daqiqa o‘qiladi

«Manchester Yunayted» Sulsher bilan uch yillik shartnoma imzoladi

Foto: Kieran McManus/BPI/Rex/Shutterstock

Ole-Gunnar Sulsher «Manchester Yunayted»ning doimiy asosdagi bosh murabbiy etib tayinlandi. Klub rasmiy saytida ma'lum qilinishicha, norvegiyalik mutaxassis bilan 3 yillik shartnoma imzolangan.

«Kelganimning birinchi kunidayoq men uchun alohida ahamiyatga ega klubda, o‘z uyimda ekanimni his qilgandim. «Manchester Yunayted» futbolchisi bo‘lish va keyin shu klubda murabbiylik faoliyatimni boshlash men uchun sharaf edi. Oxirgi bir necha oy davomida qiyosi yo‘q kechinmalarni boshdan o‘tkazdim. Barcha murabbiylar, futbolchilar va xodimlarga hozirgacha qilgan mehnatlarimiz uchun tashakkur aytmoqchiman.

Men bu vazifada ishlashni doim orzu qilganman. Klubni uzoq muddat boshqarish imkoniyatga ega bo‘layotganimdan behad mamnunman. Umid qilamanki, muvaffaqiyatlarimiz davomli bo‘ladi, chunki muxlislarimiz shunga munosib», – deya aytib o‘tgan Sulsher.

Klub ijrochi direktori Ed Vudvordning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qarorga kelishda murabbiy qayd etgan natijalar muhim ahamiyat kasb etgan. «Ko‘rsatilgan o‘yin va qayd etilgan natijalardan tashqari, Ole klubda ham futbolchi, ham murabbiy sifatida boy tajribaga ega. Unda yosh futbolchilarga imkoniyat berish istagi bor, shuning barobarida klub an'analarini juda yaxshi biladi. Bularning barchasi u «Manchester Yunayted»ni olg‘a boshlay oluvchi inson, to‘g‘ri tanlov ekanini ko‘rsatadi», – degan u.

46 yoshli Sulsher «qizil iblislar»ni 2018 yil dekabr oyida Joze Mourinoning iste'fosidan so‘ng qabul qilib olgandi. Uning qo‘l ostida jamoa hozirgacha 19ta o‘yinda maydonga tushishdi va ularning 14tasida g‘alaba qozonib, 2ta durang va 3ta mag‘lubiyat qayd etishdi.

Ma'lumot uchun, Ole-Gunnar 1996-2007 yillarda «MYu»ning hujum chizig‘ida to‘p tepgan, 235ta o‘yinda 91ta gol muallifi bo‘lgan. U murabbiylik faoliyatini 2008 yilda «Yunayted»ning o‘rinbosarlar jamoasini shug‘ullantirishdan boshlagan. 2011-2014 va 2015-2018 yillarda «Molde», 2014 yilda «Kardiff Siti»da bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritgan. «Molde» ustozi sifatida ikki marotaba Norvegiya chempionati va bir marta kubogida bosh sovrin sohibi bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, «Manchester Yunayted» oxirgi ikkita o‘yinida mag‘lubiyatga uchradi. Dastlab APLda asosiy raqobatchilaridan biri «Arsenal»ga yengilgan (0:2) jamoa shundan so‘ng «Vulverhempton»ga yutqazib (1:2), Angliya kubogidagi yurishini chorak finalda to‘xtatdi. Premer-ligada klub 30-turdan keyin 5-o‘rinda bormoqda. Jamoani YeChLga yo‘llanma beruvchi 4-pog‘onadagi «Arsenal»dan 2 ochko, 3-o‘rindagi «Tottenhem»dan 3 ochko ajratib turibdi.

Mankunianliklar 30 mart, shanba kuni «Uotford»ni qabul qiladi. Sulsher jamoasini aprelda YeChL 1/4 finali doirasida «Barselona» bilan to‘qnashuvlar, ichki chempionatda esa «Manchester Siti» va «Chelsi»ga qarshi bahslar kutmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid