Jamiyat | 17:24 / 29.03.2019
20651
3 daqiqa o‘qiladi

Haj va Umra ziyorati: Qo‘shimcha aviareyslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Fuqarolarning umra ziyoratiga borishga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olib “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi qo‘shimcha aviareyslar qatnovini yo‘lga qo‘yadi. Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi

Poytaxt hokimligi tomonidan milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilgan e'tiborga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimizda joriy etilayotgan qulayliklar aholining ko‘nglini ko‘tarayotganligi, tinchlik-osoyishtalik va bag‘rikenglik muhitiga shukronalik keltirishida muhim omil bo‘layotganligi e'tirof etildi. Xususan, fuqarolarning “Haj” va “Umra” amallarini tashkil etish masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, yig‘ilishda “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi fuqarolarning umra ziyoratiga borishga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olib, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bilan birgalikda qo‘shimcha aviareyslar qatnovi yo‘lga qo‘yilayotganligi ma'lum qilindi.

Uchrashuvda Respublika hukumati yurtdoshlarimiz diniy ibodatlarini qulay tarzda amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni yaratayotgani alohida ta'kidlandi.

Ma'lumot uchun: Joriy yilda O‘zbekiston bo‘yicha 16 ming fuqaro Umra ziyoratini amalga oshirgan bo‘lib, Toshkent shahridan ziyoratga 2,5 mingdan ziyod fuqaro borib kelgan.

Umra ziyorati davrida din sohasida faoliyat yuritayotgan malakali xodimlar ziyoratchilarga guruh rahbari sifatida hamrohlik qilmoqda. Ziyoratchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda, qulay sharoitga ega mehmonxonalar ajratilgan, fuqarolar uch mahal issiq taom bilan ta'minlangan va Saudiya Arabistoni Qirolligida transport masalalari to‘liq hal etilgan.

Fuqarolarni “Haj” va “Umra” ziyoratiga yuborish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 364-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom hamda 2017 yil 28 dekabrdagi 1031-sonli qaroriga asosan tashkil etiladi.

Bugunga qadar har yili 5 ming o‘zbekistonlik "Haj" safariga va 6 mingi "Umra" ziyoratiga borgan. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid