Sport | 15:42 / 29.03.2019
16791
4 daqiqa o‘qiladi

Shukurov Londonda operatsiya qilinadi, u Shixaoga berilgan jazo yengillashtirilishini so‘ramoqda

O‘zbekiston milliy jamoasi va BAAning «Sharja» klubi yarimhimoyachisi Otabek Shukurov shu hafta boshida «China cup-2019» xalqaro musobaqasidan o‘rin olgan Xitoyga qarshi o‘yinda (1:0) jarohat olib, maydonni erta tark etgandi. Keyinchalik tekshiruvlar natijasida Shukurovning boldir suyagi pastdan singani va u kamida 2 oy maydonga tusha olmasligi ma'lum bo‘ldi.

O‘FA rasmiy saytining xabar qilishicha, Shukurov Londonda operatsiya qilinadigan bo‘lgan. Hozirda u hujjatlar bilan bog‘liq rasmiyatchiliklar tugashini kutmoqda. Jarrohlik amaliyoti qachon o‘tkazilishi haqida ma'lum qilinmagan.

«Milliy jamoa shifokorlari mahalliy shifoxonada Otabek Shukurovga dastlabki tibbiy yordamni ko‘rsatgach, futbolchi davolanishni davom ettirish uchun o‘z klubi ixtiyoriga yo‘l oldi. Chunki bunday hollarda futbolchi jarohatini davolash uchun klub bilan maslahatlashgan holda ish tutishi talab etilardi. «Sharja» klubi shifokorlari Otabek Shukurovning jarohatini ko‘zdan kechirib, operatsiya orqali davolashga qaror qilishdi», – deyilgan O‘FA xabarida.

Image

Bildirilishicha, 22 yoshli xavbekka jarohat yetkazgan xitoylik futbolchi Vei Shixaodan tashqari, Xitoy milliy jamoasi yordamchi murabbiyi, shifokori va menejyeri ham undan xabar olib, hujumchining harakatlaridan afsusda ekanliklarini aytib o‘tishgan.

Avvalroq Shixao Shukurovni yo‘qlash uchun O‘zbekiston milliy jamoasi joylashgan mehmonxonaga borgani xabar qilingandi. Shundan so‘ng uning klubi «Guanchjou Evergrand» ushbu yangi a'zosining harakatlarini qoralab, bir oyga futboldan chetlatgandi.

Otabek mazkur holat yuzasidan Twitter sahifasida Xitoy OAV va o‘ziga jarohat yetkazgan futbolchining klubiga murojaat yo‘llab, unda quyidagilarni ta'kidladi:

«Jarohatdan so‘ng mavsumning qolgan qismida klubimga yordam bera olmasligimni bilib, juda ham tushkunlikka tushib qolgandim. Do‘stlarim, muxlislarim meni qo‘llab-quvvatlashi natijasida tushkunlikni biroz bo‘lsa-da yengib o‘tishga muvaffaq bo‘ldim. Ammo menga jarohat yetkazgan Ve Shixao klubi tomonidan jazolanganini, ma'lum muddat maydonga tusha olmasligini eshitganimdan keyin yana xafa bo‘ldim.

Kelajakka katta umidlar bilan boquvchi yosh futbolchi sifatida maydonga tusha olmay, futboldan chetda bo‘lish qanchalik katta fojyea ekanini yaxshi bilaman. Professional futbolchi sifatida futbolda jismoniy to‘qnashuvlar tabiiy ekanini tushunaman, Vei Shixao o‘yindan keyin oldimga kelib, uzr so‘raganda, men uning uzrini qabul qilganman. Shu sababli men «Guanchjou Evergrand» klubiga rasman murojaat qilib, futbolchiga belgilangan jazo chorasini yumshatishni so‘rab qolgan bo‘lardim».

Ikki oyga safdan chiqqan Shukurov yozga yaqin maydonga qaytishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin mazkur ko‘ngilsiz voqeadan so‘ng «Sharja» Otabek Shukurovga o‘ziga xos usulda sog‘lik tilagani xabar qilingandi.

Mavzuga oid