Jamiyat | 12:34 / 29.03.2019
23015
5 daqiqa o‘qiladi

Yangiariq tumanida piyodalar yo‘lkasi fermer tomonidan buzib tashlandi

Har bir mamlakatning rivojlanish darajasi va aholi turmush tarzining farovonligi ko‘plab ko‘rsatkichlar bilan baholanadi. Ulardan biri qattiq qoplamali, asfalt yo‘llar mavjudligidir.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning yo‘llar fondi juda ham eskirganini, ta'mirtalab bo‘lib qolganini kuzatmoqdamiz. Kun.uz tahririyatiga kelayotgan murojaatlarning ko‘pchiligi aynan yo‘llar bilan bog‘liq desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yangi yo‘llar barpo qilinyapti, eski yo‘llar bosqichma-bosqich ta'mirlanyapti, ammo umumiy holatda bu chora-tadbirlar mavjud yo‘llar fondining ishdan chiqish tezligini quvib o‘tolmayapti.

Yo‘llar tabiiy ravishda eskirib boradi, bu to‘g‘ri. Ammo, ba'zan odamlar, tashkilotlar unga bilar-bilmas zarar yetkazadi, yo‘llarning holatiga mas'ul bo‘lgan idoralar, mahalliy hokimiyat esa bunga loqaydlik bilan qaraydi.

Quyida mavjud yo‘lning o‘zboshimchalik bilan buzib tashlanishi, bunga loqaydlik qilinishi va u keltirib chiqarayotgan oqibatlar haqida so‘z yuritamiz.

Xorazm viloyati, Yangiariq tumani, Qo‘riqtom qishlog‘idagi Shirsholi mahallasida 9-son umumta'lim o‘rta maktabi bor. U 1972 yilda qurilgan. Bu yerga 600 nafarga yaqin o‘quvchi 2-3 km masofa atrofidagi uy-joylardan qatnab, ta'lim olishadi.

Mahalla aholisi ma'lumotiga ko‘ra, maktabni katta avtomobil yo‘li bilan bog‘lab turuvchi asfaltlangan trotuar - piyodalar yo‘lkasi mavjud bo‘lgan. O‘quvchilar u orqali maktabga uzoq yillar davomida bemalol, xavfsiz yetib olish imkoniyatiga ega bo‘lishgan.

So‘nggi yillarda yo‘lkaning bir qismi yemirilib, ko‘milib ketgan. Ba'zi odamlar uyi oldidan o‘tgan yo‘lkani buzib yuborishgan. Uning eng katta - 250-300 metrlik qismi dala yeri atrofidan o‘tgan.

Bir necha yil oldin, shu daladan foydalanib kelgan fermer «davlatnikimi, demak hech kimniki» qabilida ish ko‘rib, yo‘lkani buldozer bilan buzib, o‘zboshimchalik bilan ariqqa aylantirib yuborgan. Mahalliy hokimiyat va mutasaddi tashkilotlar bunga e'tibor qaratishmagan, juda katta qiymatga va qimmatlikka ega bo‘lgan davlat mulkini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmagan.

Hozirgi vaqtda bolalar yo‘lka yo‘qligi sababli, avtomobil yo‘lining qatnov qismidan yurishga majbur. Bu esa bolalarning hayotiga ham xavf solmoqda. Bundan tashqari, kuz-qish yog‘ingarchilik mavsumida loydan kechib o‘tishga, issiq kunlarda chang-to‘zon ichidan maktabga borishga majbur bo‘lishmoqda.

Shirsholi mahallasida istiqomat qiladigan aholi mahalliy hokimiyat va mutasaddi tashkilotlarga bir necha marta yo‘lkani tiklab berishni so‘rab, murojaat qilgan bo‘lishiga qaramay, shu paytgacha hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan.

Yo‘llarning holati – fuqarolarning mahalliy hokimiyat ishi haqidagi fikrlarini shakllantiradigan muhim omillardan biridir. Agar yo‘llarning holati yaxshi bo‘lsa, odamlarning og‘iri yengillashadi, uzog‘i yaqinlashadi, turmush sharoiti yaxshilanadi, turli qulayliklardan bahramand bo‘lishadi. Agar yomon bo‘lsa-chi? Yo‘llarning buzib tashlanishi natijasida noqulaylikka duch kelayotgan, hayoti xavf ostida qolayotgan aholining kayfiyati qanday bo‘lishi mumkin?

Mahalliy hokimiyat odamlarning davlat mulkiga, ya'ni umumxalq foydalanadigan mulkka nisbatan hurmatini tiklashi shart. Qatnov yo‘llari, piyodalar yo‘lkasini noqonuniy qurilishlardan, panjara va to‘siqlardan tozalash lozim. O‘zboshimchalik bilan davlat mulkiga zarar yetkazayotgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralarni qo‘llash kerak. Agar davlat mulkiga bo‘lgan hurmat tiklansa, bunda nafaqat davlatning, balki barcha aholining manfaati himoyalangan bo‘ladi.  

Ota-bobolarimiz yo‘llarni, ko‘priklarni barpo qilish, odamlarga ozor beradigan, noqulaylik tug‘diradigan oddiy narsalarni yo‘ldan olib tashlashni eng yaxshi savob amallardan biri deb bilishgan. Biz esa yo‘lning o‘zini buzib tashlayapmiz...

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid