Jamiyat | 07:54 / 31.03.2019
38599
4 daqiqa o‘qiladi

«Propiska» bo‘lmasa, tez tibbiy yordam ko‘rsatilmaydimi? Mutaxassis izoh berdi

Tez tibbiy yordam sifati mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimi qay darajada yo‘lga qo‘yilganligini ko‘rsatuvchi asosiy omillardan hisoblanadi. Sohada mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida «Shoshilinch tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni ham mavjud.

Ammo jamiyatda tez tibbiy yordamdan shikoyatlar, norozilik holatlari yetarlicha uchramoqda.

1-holat. «Toshkentga Qoraqalpog‘istondan kelgan sinfdoshim qurilishda ishlash vaqtida holsizlanib yiqilganini aytib qoldi.Zudlik bilan «103»ga xabar qilishgan. Tez tibbiy yordam xodimi kelib, bemorni ko‘rib, uni shifoxonaga yotishi kerakligini aytgan. Olib ketinglar desa, «Yo‘q, biz olib ketolmaymiz, chunki sizning doimiy propiskangiz yo‘q» degan javobni berishgan».

2-holat. «Talabaman. Vaqtinchalik propiska asosida talabalar turar joyida yashayman. Qorin sohasida og‘riq va ko‘ngil aynishidan bezovta bo‘lib, tez yordam chaqirgandim. Kelib, gripp deb tashxis qo‘yishdi, isitma tushiruvchi ukol qilishdi. Bir soatlardan so‘ng og‘irlashdim. Yana tez yordam. Aniq tashxis qo‘yolmadi. Olib keting, desam, «talabasiz, propiskangiz yo‘q-ku», deya javob berishdi. Kasalxonaga kira qilib bordim. Zaharlanish ekan».

«Tez tibbiy yordam xizmatining asosiy vazifasi fuqaroning hayotiga xavf tug‘diradigan holatlarda birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatishdir. Ushbu tibbiy yordam barcha holatlarda – bemor O‘zbekiston fuqarosimi yoki chet ellik mehmonmi, qat'i nazar bepul ko‘rsatiladi. 

Shuningdek, shaharga mehmon bo‘lib kelganlar hamda turar joyda vaqtinchalik ro‘yxatda turuvchilarga doimiy ro‘yxatda turuvchi aholi bilan teng tartibda tibbiy yordam ko‘rsatilishi belgilangan. Propiska masalasi tez yordam ko‘rsatish uchun to‘siq bo‘la olmaydi», — deydi Toshkent tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Davron Sultonov.

Bosh shifokorning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, bemorga o‘z joyida yordam ko‘rsatilgach, shifoxonaga olib borish talab qilinadigan holatlar mavjud bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirligining 180-sonli buyrug‘iga asosan tez tibbiy yordam xodimi bemorni Toshkent shahrida joylashgan shifoxonalarga olib borishi lozim. Faqatgina respublikaning turli hududlaridan poytaxtga kelib, qo‘lida Toshkent shahrida joylashgan tibbiyot muassasasida rejali yotib davolanish uchun imtiyozli orderi bo‘lgan bemorlar olib ketilmasligi belgilangan.

«Muayyan turar joyga ega bo‘lmagan shaxslar (BOMJ) ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanadi, ular ham boshqalar bilan teng ravishda tez tibbiy yordamdan foydalanish huquqiga ega», — deya ta'kidlaydi Davron Sultonov.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasida ham «Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega», deya qayd etilgan.

Tez tibbiy xizmat ko‘rsatishda propiska bilan bog‘liq masalalarning ro‘kach qilinishi qonunbuzarlik hisoblanadi.

Mavzuga oid