Sport | 21:38 / 01.04.2019
26832
4 daqiqa o‘qiladi

Ilhom Mo‘minjonov «Navbahor» futbolchilarini o‘yinni sotishga undagani uchun O‘FA tomonidan jazolandi

O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining axloq qo‘mitasi «Navbahor» klubining sobiq bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonovni 50 million so‘m jarimaga tortdi va 5 yilga futboldagi faoliyatdan chetlatdi. Bu haqda O‘FA sayti xabar bermoqda.

O‘FA axloq qo‘mitasining 2019 yil 20 fevraldagi  02/2019 sonli  yig‘ilish qaroriga asosan, O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasiga «Navbahor» klubi sobiq bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonovning kelishilgan o‘yinlarga aloqadorligini o‘rganish va surishtiruv ishlarini olib borish yuklatilgan edi.

O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi tomonidan Ilhom Mo‘minjonovning faoliyatiga qonuniy baho berish maqsadida, u bilan birga ishlagan futbolchilar va rasmiy shaxslar suhbatga chaqirildi. Bir qancha hujjat va dalillar aniqlanib, ko‘rib chiqish uchun O‘FA ahloq qo‘mitasiga taqdim qilindi. 

O‘FA axloq qo‘mitasi bu hujjat va dalillarni o‘rganib chiqib, bugun, 1 aprel kuni yakuniy yig‘ilishini o‘tkazdi va quyidagi mazmunda qaror qabul qildi:

1. «Navbahor» klubining sobiq bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov 2017 yil mavsumida kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilish, jumladan, o‘yin natijasiga ta'sir qilish maqsadida «Navbahor»ning bir qancha futbolchilarini o‘yinni sotishga undagani uchun, O‘FA intizom kodeksining 5.44. bandiga asosan 50 000 000 (ellik million) so‘m miqdorida jarimaga tortildi. Shuningdek, O‘FA axloq qo‘mitasining 2019 yil 2 fevraldagi 01/2019-sonli yig‘ilish qarori bilan 1 (bir) yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirilgani inobatga olinib, 4 (to‘rt) yil muddatga, futboldagi har qanday faoliyatdan umumiy hisobda 5 (besh) yil muddatga chetlatildi.

2. «Surxon» klubining texnik direktori Sherzod Sharipov axloq qo‘mitasiga va O‘FA rasmiy vakillariga surishtiruv jarayonida yolg‘on ko‘rsatma berganligi va qo‘mitani qaror chiqarishda chalkashtirishga harakat qilgani uchun 2019 yil oxiriga qadar futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatildi.

3. «Surxon» klubi sardori Dilshod Jabborov «Navbahor»ning sobiq bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonovga 2017 yil mavsumida kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilishga yordam bergani va futbolchilarni o‘yinni sotishga undagani, shuningdek, qo‘mitaning yozma va og‘zaki so‘rovlariga e'tibor bermay, uzrli sababsiz qo‘mita yig‘ilishiga kelmagani uchun O‘FA intizom kodeksining 5.52 bandiga asosan, 2019 yil oxiriga qadar futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatildi.

Shuningdek, futbol sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, murabbiylar va futbolchilar kim bo‘lishidan qat'i nazar, kelgusida bunday holatlarni sodir etadigan bo‘lsa, belgilangan tartibda jazoga tortilishi haqida ogohlantirildi.

Mavzuga oid