Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Talash bo‘layotgan yer yoki Zomin tumanidagi sarson fermerlarning dardini kim eshitadi?
Kun.uz tahririyatiga Zomin tumani «Gulshan» QFY Pilim qishlog‘i hududida faoliyat yuritayotgan fermerlardan murojaat kelib tushdi.
«Hurmatli tahririyat ijodkorlari. Biz Zomin tumanidagi «Gulshan» QFYda istiqomat qiluvchi bir guruh fermerlar sizdan adolat o‘rnatilishida yordam so‘rab murojaat qilmoqdamiz. Ayni kunlarda biz faoliyat yuritayotgan jami 12ta fermer xo‘jaligi (qariyb 450 gektar yer maydoni) bir necha yillar avval o‘z faoliyatini tugatgan «Zomin-agro chorva» agrofirmasiga yana qaytarib berilyapti. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorga asosan tuzilgan komissiya xulosalari bilan maqbullashtirishdan o‘tganligimiz to‘g‘risida qaror bo‘lsa-da, biz erkin ishlay olmayapmiz. Bir yildan beri davom etayotgan mashmashaga qachon chek qo‘yiladi? Sizdan iltimos, ushbu holatni tegishli tartibda o‘rganib, vaziyatga xolis baho berishingizni so‘raymiz», deyilgan unda.
Vaziyatni o‘rganish maqsadida Zomin tumanida bo‘lib, murojaat yo‘llagan fermerlar bilan suhbatlashdik.
«Hazrat Karimov» nomli fermer xo‘jaligini tashkil qilish uchun 2012 yil Zomin tumani hokimligiga ariza bilan murojat qildim. Arizam ijobiy qanoatlantirilib, menga SU-47 yer hududidan 120 gektar yer maydoni ajratildi. Mana shu siz ko‘rib turgan, ko‘m-ko‘k yashnab turgan bug‘doyzor bizgacha qarovsiz o‘nqir-cho‘nqir qirlardan iborat edi. Oilamiz bilan yerga mehrimizni berib, astoydil ishladik. Ammo 2018 yilning yanvar oyidan halovatimiz buzildi. Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidan ro‘yxatdan o‘tgan «Inteko Sarmoya» MChJning ishonchli vakili Pardaboy Abduazimov bu yerlar «Zomin-agro chorva» agrofirmasiga qarashli, degan da'vo bilan kelyapti.
Tortishuvlardan so‘ng 2018 yilning aprel oyida bizga tegishli fermer xo‘jaligi yer maydonlari Zomin tumani hokimining 920-sonli qarori bilan «Zomin-agro chorva» agrofirmasiga qaytarildi. Bunday adolatsizlikka chidolmay tuman va viloyatdagi tegishli idoralariga murojaat qildik. Afsuski, murojaatlarimizdan naf bo‘lmadi. Shundan so‘ng davlat maslahatchisi T.Xudoyberganovga shu ish ijobiy hal etilishida amaliy yordam berishini so‘rab murojaat qildik. Murojaatdan so‘ng Zomin tumani ma'muriy sudining qaroriga asosan tuman hokimining 143-sonli hamda 920-sonli qarorlari haqiqiy emas, deb topildi va bekor qilindi. Yugur-yugurlar, asabbuzarliklar barham topganidan suyundik.
Afsuski, erta suyungan ekanmiz, o‘sha mashmasha yana boshlandi. Yerlar yana «Zomin-agro chorva» agrofirmasiga o‘tarmish. Xo‘sh, biz nima qilamiz? Eng qizig‘i, biz Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra maqbullashtirishdan o‘tdik. Yangi qarorga asosan, faoliyatimizni davom etiryapmiz. Har yili belgilangan rejani bajaramiz. Ayting-chi, nega endi bir bosh ham chorvasi yo‘q, nomi boru o‘zi yo‘q agrofirma yerlarimizni tortib olmoqda?», — deydi Doston Karimov.

Ko‘rib turganingizdek, vaziyat chindan ham chigal. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida «Zomin-agro chorva» agrofirmasi direktori Pardaboy Abudazimov bilan suhbatlashdik.
«Zomin-agro chorva» agrofirmasiga qarashli ushbu yerlarni qaytarib olish uchun bir yildan beri harakat qilyapmiz. Sizga qisqacha tushuntiradigan bo‘lsam, 2012 yilda ushbu agrofirmaga Mirroziq Muhsinov rahbarlik qilar edi. Ayrim sabablarga ko‘ra, o‘sha yilning noyabr oyida M.Muhsinov o‘z arizasiga ko‘ra bo‘shab ketgan payti shu agrofirmada norasmiy xodim bo‘lgan Ummat Karimovga vaqtinchalik saqlab turish uchun agrofirmaning dumaloq muhri hamda shtampini, firma hisobotlari va birlamchi buxgalteriya hujjatlarini berib ketgan. Bundan ustamonlik bilan foydalangan U.Karimov o‘sha paytdagi ta'sischilar «Inteko Sarmoya» MChJ rahbari Aziz Nosirov bilan til biriktirib, qo‘lidagi muhr va hujjatlardan foydalangan holda «Zomin-agro chorva» agrofirmasiga qalbaki yig‘ilish qarori bilan direktor bo‘lib olgan. U.Karimovning noqonuniy xatti-harakatlarini deb yerlarimiz tuman hokimligi zaxirasiga o‘tib ketdi. Hujjatlar soxtalashtirilgan. Demakki, yerni to‘liq agrofirmaga qaytishi adolatdan bo‘ladi, deb hisoblayman», — deydi P.Abduazimov

«Zomin-agro chorva» agrofirmasi hamda fermerlar o‘rtasida talash bo‘layotgan nizoli yer masalasiga oydinlik kiritish maqsadida Zomin tumani hokimligiga keldik. Binoga kiraverishda bizni to‘xtatgan qo‘riqchilarga nima maqsadda kelganimizni bayon etsak-da, osonlikcha hokimlik binosiga kira olmadik. Ancha muddatdan so‘ng, qo‘l telefonlarimizni qoldirish sharti bilan kirishga ruxsat tegdi. Uzoq tortishuvlardan keyin hokimlik binosiga ham kirdik. Afsuski, muammo yuzasidan biror mutasaddi bilan suhbatlasha olmadik. Xullas, Qishloq xo‘jaligi bo‘limi kotibiyatida vaziyatdan xabardor, ammo bizga noma'lum sabablarga ko‘ra biz bilan uchrashishni istamagan muovin-u mutasaddilarni kutish bilan kunni kech qildik.
Tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev o‘z xonasida bo‘lsa-da, bizni qabul qilishni lozim topmadi.
Tuman hokimligiga kirishda «bema'ni» rasmiyatchilik vaqtida kamida 20 nafardan ziyod murojaatchi hokimiyat binosiga kiritilmay qaytarib yuborilganiga guvoh bo‘ldik. Eng so‘nggi chora deb hokimlik ostonasiga kelib, umidlari chil-chil sinib ortga qaytayotgan yurtdoshlarimizni ko‘rib ko‘nglimizdan «muxbir bo‘la turib biz bu binoga zo‘rg‘a kirdik, sizga yo‘l bo‘lsin!» — degan xayol ham o‘tdi. Qiziq, Prezidentimizning har bir rahbar-u amaldorga «xalqning ichiga kirib, ularni tinglang, xalq bilan birga bo‘ling», degan chaqirig‘iga Zomin tumani hokimligining «labbay» degan javobi shumikin?..
Bizdan talab qilingani masalaga xolislik bilan yondashish. Kimnidir ayblash fikridan yiroqmiz. Shu bois ham tuman hokimligi mutasaddilaridan ikki kun davomida izoh kutdik.
«Homiylik deyishadi, metallolom deyishadi, xo‘p deymiz. Sizga yolg‘on — menga chin: mana shu maqbullashtirishdan keyin chiqqan qarorlarni olish uchun tuman hokimligi qishloq xo‘jaligi bo‘limi kotibiyatiga kelgan fermerlarning mahalliy nashrlarga bir yillik obuna bo‘lishga majburlanayotganiga nima deysiz? Obuna bo‘lmasak qarorni berishmas ekan. Daladagi yumushlarimiz qolib sudma-sud, idorama-idora yurishlarimizga chek qo‘yilarmikin? Eng qizig‘i, menga ajratilgan yer agrofirmaning balansida umuman bo‘lmagan. Shunday bo‘lsa-da, men ham shu fermerlar qatorida yerimni boy berish arafasidaman. Ayni damda g‘allaga suv qo‘yishimiz kerak, dalada ish qizg‘in. Biz ishsiz qolsak oilamizni kim boqadi? Shuncha mehnatimiz va mablag‘imiz havoga sovurilib ketadimi? Huzurini o‘zgalar ko‘radimi?», — deydi kuyunchaklik bilan murojaatchi, «Bekzod-Zafar» fermer xo‘jaligi raisi Sardor Xudoyqulov.

Majburiy obuna masalasida fermer yuz foiz haq edi. Hokimlik binosida muovinlarni kutish asnosida biz ham shu voqeaga guvoh bo‘ldik. Qishloq xo‘jaligi kotibiyati bo‘limi mutaxassisi Dilmurod Mamadaliyev huzuriga kelgan fermer mahalliy nashrlardan «Sharq tongi» yoki «Jizzax haqiqati» gazetalariga obuna bo‘lib kelsagina uning nomiga maqbullashtirishdan so‘ng chiqqan qarorni berishini ta'kidlardi. U ushbu nashrlar fermerga «juda kerakligi»ni ham qistirib o‘tdi. Savollarimizdan hushyor tortgan mutaxassisdan fermerlarni obunaga kim majburlayotganini bila olmadik.

Ba'zi hollarda qarovsiz va egasiz narsa qadrsiz bo‘ladi. Ana o‘sha narsaga kimdir ega chiqib, ko‘z quvnatar darajaga keltirsa egasiz narsaning o‘z-o‘zidan «sohib»lari ham ko‘payib qoladi. Ushbu vaziyatda ham shu holni kuzatish mumkin. Egalik huquqi uchun nizolashayotganlarni ko‘rib ko‘rmaslikka olayotgan, masalaga ijobiy yechim topishni xayoliga ham keltirmayotgan, «Istagan joyingga murojaat qilaver, baribir mening aytganim bo‘ladi», qabilida ish ko‘rayotgan mahalliy hokimlik vakillarining sovuqqonligi «Kim kimning soyasida?» degan iborani yodingizga soladi.
Gulchehra ShARIPOVA,
Kun.uz muxbiri.