«UzCard tarixi, yangi reja va sinovlar». Ahror Mahmudov bilan suhbat
UzCard yoki Yagona umumrespublika protsessing markazi O‘zbekistonda ommalashgan, deyarli, barcha plastik kartalar egalariga xizmat ko‘rsatadi. Markaz rahbari Mahmudov Ahror Abrorovich Kun.uzʼga bergan intervyusida YaUPM tarixi, faoliyati, kelgusi rejalari va kompaniya atrofidagi turli gaplarga munosabat bildirdi.
─ Ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lsa kerak, UzCardʼning tarixi haqida gapirib bersangiz. Hammasi qanday boshlangan?
─ Yagona umumrespublika protsessing markazi tashkil etilganiga 15 yildan oshdi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida o‘z yo‘nalishida dastlabki ochilgan markazlardan biri hisoblanamiz. Protsessing markazi har bir suveren respublikaning milliy boyligi, deb o‘ylayman. Chunki, agar sizdagi moliyaviy siyosat mahalliy darajada hech kimga bog‘liq bo‘lmasagina, haqiqiy moliyaviy suverenitetga erishish mumkin. Ya'ni biz tashqi ta'sirlardan o‘z ichki barqarorligimizni doimo ta'minlay olamiz. Yagona umumrespublika protsessing markazi ochilganda har bir bank bu tizimga a'zo bo‘lgan. Dastlab onlayn kartalarga qadar oflayn kartalar, ya'ni DUET kartalar mavjud bo‘lgan. O‘sha paytda bunday kartalar haqiqatan kerak bo‘lgan, keyinchalik unga bo‘lgan talab susaydi.
─ Markaz MChJ shaklida qo‘shma korxona bo‘lib ochildi. Uni tashkil etish g‘oyasi kimdan chiqqan?
─ Respublikadagi barcha banklar, aniqroq qilib aytganda, 29ta bank O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasiga a'zo bo‘lish qatorida UzCard tizimiga ham qo‘shilgan. Bu loyiha O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasining tashabbusi asosida tashkil etilgan.
─ Bu tizim bilan birga ikkilamchi, uchlamchi tizimlar ham paydo bo‘lgan. Aytaylik, onlayn to‘lovlarni o‘tkazish qulay bo‘ldi, plastik kartadan foydalanish qulaylashdi. Qo‘shni davlatlar, xususan, Tojikiston misolida ko‘rish mumkinki, ba'zi banklarning yopilishi natijasida odamlarda plastik kartaga bo‘lgan ishonch yo‘qoldi. O‘zbekistonda aholida plastik kartalarga bo‘lgan munosabat, ishonch qanday shakllandi?
─ Bu jarayon oson kechmagan. Dastlab mavjud bo‘lgan DUET kartalar o‘tgan yilning yanvar oyiga kelibgina muomaladan to‘liq chiqarildi. Dunyoda faqatgina ikkita davlatda ─ Mongoliya va O‘zbekistonda bu saqlanib qolgan edi. Oflayn rejimdagi kartalardan butkul chiqib, yangi tizim asosida ishlashni o‘zimizga maqsad qilib qo‘ygandik. Hozirda dunyodagi 200ta davlatning 45tasida protsessing markazi mavjud.
Banklar o‘z litsenziyasini yo‘qotib, ularning kartalari hech kimga kerak bo‘lmaydigan holatlar uchraydi. Rossiyaga sanksiyalar e'lon qilingunga qadar bu davlatda protsessing markazi bo‘lmagan. Sanksiyalar e'lon qilingandan keyin Rossiyada mavjud 300 millionga yaqin viza kartalar ishlamay qolishi xavfi paydo bo‘ldi. Kartalarning ishlamay qolishi katta zarar keltirishi mumkin. Shuni inobatga olib, Rossiyada protsessing markazi yaratildi. Bu markazning yaratilishi uchun davlat siyosati kerak edi. O‘shanda Markaziy bank qoshida ochilgan protsessing markazining boshida turgan German Gref o‘nga yaqin mutaxassisni O‘zbekistonga yuborib, UzCardning ishlash tizimini, bizdagi tajribani o‘rganib ketishgandi.
─ O‘zbekistonda UzCard brendi ostida tashkilot ishi yo‘lga qo‘yilayotganda rasmiylar xayrixohlik bildirishganmi? Qo‘llab-quvvatlashganmi?
─ Albatta, davlat ko‘magisiz bu ishni amalga oshirish juda qiyin. Markaziy Osiyo misolida ko‘radigan bo‘lsak, Qozog‘istonda 18 millionga yaqin viza karta bo‘lishiga qaramasdan o‘z protsessing markaziga ega emas. Hozirga kelibgina uni yaratish bo‘yicha ishlar olib boryapti.
─ 2011 yilda elektron to‘lov tizimidagi kartalarga o‘tish boshlandi. Shu o‘rinda ko‘plab masalalar o‘rtaga chiqqandi. Ko‘p joylarda terminal uskunalarining yo‘qligi yoki sotuvchilarning firib qilishga urinishi kuzatildi. Onlayn kartalardan foydalanish noqulaylik tug‘dirgandi. Bugungi kunga kelib bunday muammolar haliyam qolganmi?
─ Ba'zi joylarda bu holatlar kuzatilishi mumkin. Biz doimiy monitoring qilib boramiz. Onlayn kartalardan foydalanish muammo bo‘lgan. Bunda ikki holat kuzatilgan: O‘zsanoatqurilishbank o‘z protsessing markazida mahalliy viza kartalarni chiqarib joriy qilgan. Natijada ba'zi joylarda faqat viza karta qabul qilamiz deyishsa, ba'zi joylarda DUET kartanigina olishlarini aytishgan. UzCard to‘lov tizimiga eng oxirgi bo‘lib O‘zsanoatqurilishbank a'zo bo‘lgan. Odamlar bu bankning viza kartalaridan hech qayerda foydalana olmayotganlarini aytishganidan keyingina rahbariyat mijozlarni yo‘qotmaslik uchun tizimga qo‘shilgan.
O‘tgan yili terminallar soni respublika bo‘yicha 240 mingta edi. Hozirda esa bu ko‘rsatkich 272 mingtani tashkil etadi. Tadbirkorlar ham o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishda terminal tizimiga e'tibor qaratishyapti. Bu o‘z faoliyati uchun kerakligini tushunib yetyapti.
─ Markaz faoliyatining rivojlanishi, kartalarning ommalashishi bevosita bozor qonuniyatlari bilan chambarchas bog‘liq edi. Inkassatsiyaning o‘z vaqtida amalga oshirilishi, konvertatsiya imkoniyatiga bog‘liq bo‘lgan. Hozirga kunda ham bozorning kartaga bog‘liqligi saqlanib qolganmi? Yoki karta tizimi mustaqil ravishda bemalol rivojlana oladi, deb ayta olamizmi?
─ Yaqin ikki yil ichida qanday qilib terminal olsam bo‘ladi, degan savol bilan murojaat qiluvchilar ko‘paydi. "Nega endi terminal oladigan bo‘lib qolding?",- degan savolga esa,- "mijozlarimning 80 foizi karta bilan kelyapti. Mijoz terminal bo‘lgan joyga o‘tib ketyapti",- deydi. Karta har tomonlama qulayligini namoyish qilyapti. Hamma narsa smartfonlarimizga bog‘liq bo‘lgani holda joylarda mobil to‘lov tizimi ham yo‘lga qo‘yilyapti. Naqd pulni yaxshi ko‘rishimiz mumkin, lekin ehtiyoj, qulaylik ustunlik qiladi. Hammasi davr va vaqtga bog‘liq.
Mazkur intervyuni videolavhada to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi
Mavzuga oid
16:54 / 14.09.2021
UZCARD plastik kartadan pul o‘g‘irlovchi firibgarlardan ogohlantirdi
17:41 / 13.04.2021
2021 yil oxiriga qadar barcha terminallar UzCard va Humo kartalarini qabul qilishni boshlaydi
13:32 / 04.04.2021
UzCard tizimida yana muammolar kuzatildi. Ayni vaqtga kelib tizim faoliyati tiklangan
16:56 / 19.08.2020