Jamiyat | 15:10 / 02.04.2019
51119
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shiqchini pulga ko‘mish muxlisning «katta orzusi»mi?

Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida senatorlar to‘ylar bo‘yicha bir qarorga kelgandi. Unga ko‘ra, to‘y-hasham va boshqa oilaviy tadbirlarni ixcham o‘tkazishni yo‘lga qo‘yishga muayyan me'yoriy hujjat bilan emas, odamlar o‘rtasida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot, shaxsiy ibrat, namunali tadbirlar misolida erishish har jihatdan foydali ekani qayd etilgandi. 

Ushbu qaror e'lon qilinganiga ko‘p bo‘lmasdan, ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi to‘ylardan birida pul sochgan yigit mashhur bo‘ldi.  

Pul sochish lavhalarida yaqqol ko‘zga tashlangan san'atkor Og‘abek Sobirov yana bir bor to‘y dabdabasi «qahramoni»ga aylandi. Gap shundaki, uning o‘zi Instagram ijtimoiy tarmog‘iga joylagan videoda o‘tirib kuy-qo‘shiq ijro etayotgani, bo‘ynida xorijiy valutadan yasalgan «pulchambar» ilib qo‘yilgani aks etgan.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Xonandaning yozishicha, muxlisining katta orzusi mana shu yo‘sinda ro‘yobga chiqdi.

Darvoqe, Sobirov videoni tarmoqdan olib tashlashga ulgurdi, ammo jamiyatning to‘y-hashamga nisbatan munosabati haligacha o‘zgarmagani kichik lavha orqali ham yaqqol namoyon bo‘ldi.

Kimnidir «aybdor»ga chiqarib, tanbeh berishdan yiroqmiz. Ming qilsa ham erkin fuqarolik jamiyatini qurib, o‘zbekcha demokratiya modelini ilgari suryapmiz. Shunga qaramay, maqsadsiz, dabdabaga berilgan kishilar bilan jamiyat ko‘zlagan uzoqdagi marraga yetib borishi ham qiyin. Isrofgarchilikka qarsak chalgan xalq esa in'om etilgan ne'matlarning qadriga yetmaydi.

Mavzuga oid