Jahon | 07:23 / 04.04.2019
15793
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Maduro ketishi holatiga venesuelaliklarga naqd dollar tarqatish rejasini tayyorlab qo‘ydi

Foto: REUTERS

Vashington Venesuela prezidenti Nikolas Maduro hokimiyatdan ketadigan bo‘lsa, Karakasga yordam berish rejasini tayyorlab qo‘ygan. Bu haqda jurnalistlarga Oq uyning milliy iqtisodiy kengash boshlig‘i Lourens Kadlou ma'lum qildi.   

Kadlou AQSh Maduroni hokimiyatdan chetlatish niyatidan qaytmaganini tasdiqlagan. “Biz Maduro ketishini istaymiz”, deb aytgan AQSh vakili. Uning ta'kidlashicha, AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati “2-kun” deb nom olgan Venesuela iqtisodiyotini tiklash rejasini tayyorlab qo‘ygan. Bu reja Maduro ketgandan keyin 2-kunda amalga oshiriladigan harakatlarni nazarda tutadi. “Bizda Venesuela iqtisodiyotini jonlantirishga, tez harakat qilishga qaratilgan katta rejalar bor”, deb aytgan Kadlou. 

“Bizda moliyaviy reja bor. Oziq-ovqat, ko‘chalarda odamlarga naqd pul yetkazish borasida rejalarimiz mavjud. Hududdagi banklar bilan bu borada ishlamoqdamiz”, deb qo‘shimcha qilgan Kadlou.

Bloomberg axborot agentligining xabar berishicha, Kadlou AQShda Venesuelaning amaldagi hukumati ketishi holatida mamlakatga naqd dollar olib kirib, uni aholi orasida tarqatishni ko‘zda tutuvchi reja borligini aytgan. Bunday nafaqalarni ajratish kanallari sifatida banklar va smartfon uchun dasturlarni qo‘llash nazarda tutilgan. Kadlouning ta'kidlashicha, AQSh hukumati bu rejalarni muxolifat yetakchisi Xuayn Guaydo bilan muhokama qilmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid