O‘zbekiston | 11:48 / 04.04.2019
15051
2 daqiqa o‘qiladi

«Umra» tadbirining xususiy shirkatlar tomonidan tashkil etilishi hozircha rejalashtirilmayapti

Foto: KUN.UZ

Toshkentda «Haj va Umra ziyoratini samarali tashkil etish» mavzusida brifing tashkil etildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda qayd etilishicha, oldingi yillarda bir yilda 10 000 nafar ziyoratchi Umra safariga borgan bo‘lsa, hozirda faqatgina bir oyda 7000 nafar fuqaro muborak ziyoratni ado etmoqda.

Ma'lum qilinishicha, o‘tgan yilning 28 oktabr kunidan joriy yilning 4 aprel kuniga qadar 15 ming fuqaro Umra ziyoratini ado etdi. Ramazon oyigacha bu ko‘rsatkich 30 mingga yetishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, tadbirda «Umra» tadbirining xususiy shirkatlar tomonidan tashkil etilishi haqida savol berilgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan so‘zlariga ko‘ra, ularga o‘z vaqtida imkoniyat berilgan. Biroq, o‘sha paytda safarga turli shaxslar jo‘natilib, O‘zbekistonning obro‘siga ta'sir qiladigan vaziyatlar yuzaga kelgan. 

Bundan tashqari, Ramazon oyidan so‘ng bu boradagi narxlarni pasaytirish ham mo‘ljallanmoqda. Hozirda tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilayotgani aytildi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi boshlarida Vazirlar Mahkamasining «Haj» va «Umra» tadbirlari bo‘yicha farmoyishi qabul qilingandi.

Hujjat bilan «Haj» va «Umra» ziyoratlarini yuqori saviyada va tizimli tashkil etish xamda ushbu yo‘nalishda bozor mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari tasdiqlangan. Unga ko‘ra, «Umra» tadbirining turistik firmalar tomonidan tashkil etilishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi kerak edi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid