Sport | 20:48 / 07.04.2019
20802
2 daqiqa o‘qiladi

Zafar Polvonov O‘zbekiston chempionatida so‘nggi 12 yildagi ilk penta-trik muallifi bo‘ldi

O‘zbekiston Superligasining 3-turi doirasida OKMK va «Qo‘qon-1912» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda (7:1) mezbonlar hujumchisi Zafar Polvonov 5ta gol urdi.

Polvonov 2006 yildan buyon futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida bir o‘yinda 5ta golga mualliflik qilgan ilk futbolchi bo‘ldi

Oxirgi marta 12 yil oldingi mavsumda birato‘la uch nafar futbolchi penta-trik qayd etgan: «Neftchi» hujumchisi Nosirbek Otaqo‘ziyev, «Dinamo» vakili Hamdam Rahmonov va «Navbahor» legioneri Orif Mirzoyev.

Zafar Polvonov joriy mavsumda birinchi turda «Buxoro»ga qarshi kechgan o‘yinda (0:0) 77 daqiqa harakat qilgan, ikkinchi turda «Qizilqum»ga qarshi o‘yinda (1:3) maydonga tushmagandi.

33 yoshli hujumchi endi bir urinishda turnir to‘purarlari ro‘yxatida peshqadam bo‘lib turgan «Paxtakor» hujumchisi Dragan Cheranni (3ta gol) quvib o‘tib, eng yaxshi to‘purarga aylandi.

Ma'lumot uchun, Zafar Polvonov 2010 yildan buyon O‘zbekiston chempionatining yuqori divizionida ishtirok etib keladi. U o‘tgan yillar davomida «Xorazm» (2010), «Nasaf» (2011), «Sho‘rtan» (2011, 2015-17), «Dinamo» Samarqand (2012) va OGMK (2012-2014, 2017-...) jamoalarida to‘p surgan. Faoliyati davomida PFL Kubogi (2015), O‘zbekiston Kubogi (2018) va O‘zbekiston Superkubogi (2019) sovrinlarini qo‘lga kiritgan.

Mavzuga oid