Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Baxmaldagi maktab o‘quvchilari MFYdan ijaraga olingan xonalarda o‘qimoqda. Vaziyat tanqidiy maqoladan keyin ham o‘zgarmadi
2018 yilning 23 avgust kuni Kun.uz saytida «Baxmaldagi maktablardan birida muammo: sinfxonalar yetishmayapti» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Maqolada Jizzax viloyatining Baxmal tumani «G‘allakon» MFY, Udamali qishlog‘idagi 29-o‘rta maktab holati qoniqarsiz ahvoldaligi, maktabda atigi 6ta sinfxonasi mavjud bo‘lib, sinflar soni 13taga yetgani bois sinfxonalar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgani bayon etilgandi.
Oradan sakkiz oydan ziyod vaqt o‘tdi. Yaqinda tahririyatga Baxmaldagi ushbu maktabda hech qanday o‘zgarish bo‘lmagani, muammolar o‘z yechimini topmagani haqida yana murojaat kelib tushdi.

Murojaatchilarning arznomasiga ko‘ra, bugungi kunda maktabdagi sportzal hali hamon avariya holatidaligi bois, o‘quvchilar undan foydalanmayapti. Maktab jamoasi bir necha bor murojaat qilganiga qaramay maqolada keltirilgan muammolar o‘z yechimini topmagan. Vaholanki, udamaliliklarni qiynayotgan muammo maktabga qo‘shimcha bino va sportzali qurilishi 2019 yilgi investitsiya dasturiga kiritilib, ayni shu kunlarda maktabda qurilish va ta'mirlash ishlari boshlanmog‘i lozim edi.

«Maqoladan so‘ng hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Maktabimiz 2019 yil investitsiya dasturiga kiritilishini istagandik, ammo tuman xalq ta'limi bo‘limidagilar bu yil maktabimiz dasturga kiritilmagani, tumanda bundan og‘irroq sharoitdagi maktablar borligi, navbat bilan barcha maktablarda sharoitlar yaxshilanishini aytishdi. Sinflar yetishmasa-da imkoniyatdan kelib chiqib darslarni o‘tyapmiz. Maktab hududida joylashgan mahalla fuqarolar yig‘inidan ikkita xonani vaqtincha olganmiz. Xonalarga 20 nafar bola sig‘ishi mumkin.
Muammo shu bilan chegaralanib qolsa koshki edi. Mahalla fuqarolar yig‘iniga kelgan fuqarolar dars jarayoniga xalaqit berishi ham bor gap», — deydi maktab direktori Botir Do‘stbekov.



Maktab hududidagi tozalik va obodonlashtirish ishlari maqtashga arzigulik, ammo bu hojatxona go‘zal manzaraga dog‘ bo‘lib tushgan.

Maktab hovlisida voleybol o‘ynayotgan o‘quvchilar e'tiborimizni tortdi. Ta'lim maskani direktorining ta'kidlashicha, o‘quvchilar «ob-havoga qarab» jismoniy tarbiya darsini ochiq maydonda o‘tishar ekan. Yog‘in va sochinli kunlarda o‘quvchilar jismoniy tarbiya darsini o‘tishmaydi... Sport maydonchasi va stadion esa maqtaydigan ahvolda emas.


Oldingi maqolada «qop-qop» va'dalar bergan tuman xalq ta'limi bo‘limidagilarga izoh istab murojaat qilamiz.
«To‘g‘risini aytsam, ushbu muammo haqida hech qanday ma'lumotga ega emasdim. Baxmal tuman xalq ta'limi bo‘limiga mudir lavozimiga saylanganimga bor- yo‘g‘i bir hafta bo‘ldi. Ayni damda maktabga sportzal yoki qo‘shimcha bino qurib beraman, deya sizga va'da berolmayman. Chunki, bunga imkoniyatimiz yo‘q. Ammo maktabdagi sinfxonalarni ta'mirlab, avariya holatidagi hojatxonani qaytadan yangi tipda qurib berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solaman. Sportzal va qo‘shimcha bino to‘g‘risidagi savolingizga esa shunday deb javob beraman: maktabga 140 o‘rinli qo‘shimcha bino qurish uchun takliflarimizni berganmiz. O‘ylashimizcha, bu 2020 yilgi investitsiya dasturiga kiritiladi va 2020 yilda qurilish-ta'mirlash ishlari boshlanadi», — dedi tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri Kamol Gulboyev.

«Tahririyatga ikkinchi bor murojaat qilishim, murojaatim ushbu muammoning yechim topishida yordam berishiga ishonaman. Men shu qishloqda tug‘ilib, voyaga yetdim. Ayni damda yaxshi bir kasbning egasiman. Oilam bilan shaharda istiqomat qilamiz. Niyatim — bilim maskanida ta'lim olayotgan farzandlarimiz uchun barcha sharoitlar yaratilsa. Shahar maktablaridagidek laboratoriya xonalari bo‘lsa, ular kerakli jihozlar bilan ta'minlansa. Darsdan tashqari to‘garaklar ishlasa, quvonardik. Sharoitlar yaratilsa, demakki, ta'lim sifati ham yaxshilanadi. Ahvolni ko‘rib turibsiz. Shu sharoitda qanday sifatli ta'lim olish mumkin? Va'daga ko‘ra, aynan shu yil yangi bino qurilishi lozim edi. Afsuski, keyingi yilga va'da berishdi. Bu va'da ham va'daligicha qolmasa bas...» — deydi murojaatchi Muhiddin Nazarov.

Va'da va'daligicha qolmasin. Farzandini ezgu niyatlar bilan ilm maskaniga bergan ota-onalarning niyatlari ushalsin. O‘z maktabini shahar maktablari bilan solishtirishdan «charchagan» o‘quvchi darsga shunchaki vaqt o‘tkazish uchun emas, havas bilan kirsin... Ushbu masalaga Xalq ta'limi vazirligi, Jizzax viloyatdagi mutasaddilar e'tibor qaratib, muammo ijobiy hal etilishiga umid bog‘laymiz.
Gulchehra ShARIPOVA,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
14:10 / 20.02.2025
O‘quvchilarni tartibga chaqirgan “zo‘ravon rais” - Qoziroboddagi maktabda o‘zi nima bo‘ldi?
18:06 / 19.02.2025
Noma’lum shaxs Toshkentdagi 71-maktabda «qirg‘in» uyushtirish bilan tahdid qildi
15:15 / 14.02.2025
Har bir tuman va shaharda kamida bittadan inklyuziv maktab tashkil etiladi
14:01 / 13.02.2025