O‘zbekiston | 11:20 / 10.04.2019
10158
6 daqiqa o‘qiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi joriy etildi

Foto: Pinterest

Vazirlar Mahkamasining “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror Yagona elektron tizimni, shu jumladan, Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo‘linmalarida joriy etish va uzluksiz ishlashini ta'minlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish (viza qo‘yish) jarayonining zaruriy shaffofligini ta'minlash hamda tezlashtirish maqsadida qabul qilindi.

Hujjat bilan Yagona elektron tizimda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini elektron ko‘rinishda kelishish (viza qo‘yish) “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni talablariga muvofiq sertifikati O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi tomonidan belgilangan tartibda beriladigan elektron raqamli imzo bilan amalga oshiriladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

2019 yil 1 maydan 1 iyulga kadar O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi hukumatining hujjatlari loyihalarini manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ishlab chiqish va kelishish (viza qo‘yish)da Yagona elektron tizimning pilot loyihasi joriy etiladi hamda ularni Vazirlar Mahkamasiga kiritish belgilangan tartibda qog‘oz ko‘rinishida yoxud Yagona elektron tizim orqali elektron ko‘rinishda amalga oshiriladi;

2019 yil 1 iyuldan 1 oktyabrga qadar - Vazirlar Mahkamasi apparatida Yagona elektron tizimning pilot loyihasi joriy etiladi va unga ko‘ra manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ishlab chiqilgan va kelishilgan (viza qo‘yilgan) O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi hukumatining hujjatlari loyihalari Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda ustuvor ravishda Yagona elektron tizim orqali elektron ko‘rinishda kiritiladi;

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab va keyingi davrda - manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ishlab chiqilgan va kelishilgan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi hukumatining hujjatlari loyihalari kelishish (viza qo‘yish) hamda keyinchalik qabul qilish uchun Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasiga faqat Yagona elektron tizim orqali elektron ko‘rinishda kiritiladi.

Hukumat tarkibiga kirmaydigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarga O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi hukumatining hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishish (viza qo‘yish) va kiritishning mazkur qaror bilan belgilangan tartibini norma ijodkorligi faoliyatiga joriy etish tavsiya etilgan.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish (viza qo‘yish)ning yagona elektron tizimini samarali va uzluksiz ishlashini ta'minlash bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi muvofiqlashtiruvchi guruh tuzildi.

Quyidagilar muvofiqlashtiruvchi guruh (Davletov)ning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

Yagona elektron tizim orqali O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi hukumatining hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, kelishish (viza qo‘yish) va kiritish tartibini o‘z vaqtida joriy etish uchun barcha vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini Yagona elektron tizimga tezkor ulash bo‘yicha choralarni ko‘rish;

davlat organlari va tashkilotlari xodimlari uchun Yagona elektron tizim orqali ishlash mohiyati va tartibini tushuntirish bo‘yicha tanishtiruv seminarlarini tizimli asosda o‘tkazish;

Yagona elektron tizim orqali normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish (viza qo‘yish) masalalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash va kiritish;

barcha vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlarning mas'ul shaxslarini Yagona elektron tizim doirasida to‘laqonli ishlashi uchun elektron raqamli imzo bilan ta'minlash bo‘yicha choralar ko‘rish;

barcha vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlar tomonidan Yagona elektron tizim orqali O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi hukumatining hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish va kelishish (viza qo‘yish) jarayonini doimiy monitoring qilib borish;

Yagona elektron tizim orqali ishlash tartibi va mexanizmini takomillashtirish, shu jumladan, uni vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlarning idoraviy elektron hujjat aylanishi axborot tizimlariga integratsiya qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash va kiritish;

Yagona elektron tizimning sifatli va uzluksiz ishlashini, shuningdek, unga texnik xizmat ko‘rsatishni ta'minlash;

O‘zbekiston Respublikasi qonunlari. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi hukumatining hujjatlari loyihalarini faqat Yagona elektron tizim orqali elektron ko‘rinishda ishlab chiqish, kelishish (viza qo‘yish) va kiritishning belgilangan tartibi talablarini muntazam ravishda buzayotgan va unga rioya etmayotgan vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

Mavzuga oid