O‘zbekiston | 11:38 / 11.04.2019
26215
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori: «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» xorijiy investorga sotiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ (FNQIZ) modernizatsiya qilish va ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hisobiga neft-gaz tarmog‘ining barqaror rivojlanishini ta'minlash, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida qabul qilingan.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va “O‘zbekneftgaz” AJning FNQIZ ustav kapitalidagi “O‘zneftmahsulot” AJning 100 foiz ulushini “O‘zneftmahsulot” AJ va “O‘zbekneftgaz” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini tegishli ravishda ushbu beriladigan ulushning balans qiymati summasiga kamaytirish hisobiga Agentlikka berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Hujjatga ko‘ra quyidagilar:

Agentlik, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashki savdo vazirligi, Energetika vazirligi va “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan “RT Trans Asia Resources” (Indoneziya) xorijiy kompaniyasi bilan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish va to‘liq quvvat bilan ishlashini ta'minlash bo‘yicha investitsiya loyihasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish orqali amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan;

investor FNQIZga egalik qilish, uni modernizatsiya qilish va uning ishlab chiqarish quvvatlari to‘liq ishlashini ta'minlagan xolda keyinchalik foydalanish uchun yetakchi xalqaro kompaniyalardan iborat bo‘lgan konsorsium tashkil etishni rejalashtirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Agentlik, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda FNQIZ ustav kapitalidagi davlat ulushini investorga sotish bo‘yicha asosiy shartlarni, investorning loyihani amalga oshirish, shu jumladan tashqi moliyalashtirishni jalb etish bo‘yicha majburiyatlari va mas'uliyatini belgilashni ko‘zda tutgan holda tasdiqlaydi.

Agentlik FNQIZ ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni sotish bo‘yicha kelishuvning dastlabki sotib olish to‘lovi 16 000 000 AQSh dollari miqdorida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan asosiy shartlarga muvofiq investor bilan tuzilishini ta'minlaydi.

Belgilab qo‘yilishicha:

investor FNQIZga egalik qilish huquqini olgandan so‘ng o‘n to‘rt oy davomida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining talablari FNQIZni investorga sotishgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari oldida FNQIZ qarzdorligi mavjudligi munosabati bilan uning bank hisobvaraqlariga qo‘yiladigan talablarni qanoatlantirish uchun FNQIZ bank hisobvaraqlariga joriy etilmaydi;

FNQIZga qo‘llaniladigan imtiyozlar, yengilliklar va subsidiyalar, ushbu qaror qabul qilingan sanaga qadar FNQIZga taqdim etilgan barcha litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar ularning amal qilish muddati tugagunga qadar o‘z ta'sir kuchini saqlab qoladi.

2021 yil 1 aprelga qadar FNQIZ tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha chetdan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskuna, texnika, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar va uzellar, ehtiyot qismlar, qurilish materiallari, asboblar, texnologik jihozlar, priborlar, dasturiy ta'minot, texnik hujjatlar va sarf materiallari bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid