Sport | 17:19 / 13.04.2019
17728
8 daqiqa o‘qiladi

Bolalar qishdan buyon sovuq suvda yuvinishadi – «Bunyodkor» akademiyasining kimga zarari tegyapti?

Tahririyatdagi hamkasblar bilan haftada ikki marta futbol o‘ynab turamiz. Yaqinda «Bunyodkor» akademiyasiga tegishli zalda klubning yoshlar jamoasi bilan birga futbol o‘ynadik. Shunda bir hamkasbimiz «Klublarning yoshlar jamoasi shunaqa zo‘r o‘ynasa, nega biz Jahon Chempionatiga chiqa olmaymiz?», deb so‘rab qoldi ajablanib. Haqli savol. Javob esa oddiy: biz o‘sha talantli, zo‘r o‘ynaydigan futbolchilarni qadrlashni bilmaymiz.

«Bunyodkor» futbol akademiyasi ko‘chirib yuborilishi haqidagi mish-mishlar tarqalganidan so‘ng klub rahbariyati va O‘FA vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan bog‘lanib, masalaga oydinlik kiritgandik. Klubdagilar akademiya ko‘chsa, 800 dan ortiq o‘quvchi bilan qayerga borishni bilmasliklarini aytishgandi, O‘FA rahbariyati esa akademiya hech qayerga ko‘chirilmasligini aytib, bir qarashda masalaga nuqta qo‘ygandi.

Lekin biz bunday ma'lumotlarga ham qoniqmay, barchasini chuqurroq o‘rganishga qaror qildik. Yuqorida aytganimiz yosh «qaldirg‘ochlar» bilan futbol o‘ynaganimizdan so‘ng ulardan sharoitlar haqida so‘radik va shunday javob oldik: «Issiq suv yo‘q, sovuq suvda yuvinamiz. Anchadan buyon shu ahvol. Ko‘pchilik shamollab ham bo‘ldi...».

Shaxsan men uchun har ikki tomondagi mansabdorlarning so‘zidan ko‘ra, to‘p tepishni hayotining eng muhim qismi deb biladigan, futbol o‘ynashdan to‘ymaydigan yosh bolalarning fikri muhimroq. Chunki mansabdor shaxs o‘z foydasiga gapirishi mumkindir, ammo yosh bola aldamaydi. U bor gapni gapiradi. Yuqorida aytganim yosh «qaldirg‘ochlar» bir martagina yutqazib, mag‘lubiyatni asabiy muhokama qilayotganini ko‘rib, ularda halitdan g‘oliblik ruhi, mag‘lubiyatni hazm qila olmaslik xarakteri shakllangani sezildi. Lekin mana shunday bolalar yaxshiroq o‘ynashi uchun qulaylik yaratish o‘rniga bor sharoitlar ham yo‘q qilinmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, qish tugaganidan buyon akademiya hududida issiq suv yo‘q. Bu shaharda kuzatiladigan issiq suv uzilishi bilan bog‘liq oshib borsa bir hafta davom etadigan uzilish emas, yoppasiga uzilish! Ha, aynan shunday! Akademiyada suv o‘z hududidagi qozonxonada isitiladi. Biroq yuqorida aytganimizdek qish tugaganidan buyon akademiya hududida gaz yo‘q. «Bunyodkor» stadioni hududiga kelgan gazni taqsimlash uskunasi gazni ikkiga bo‘lib yuboradi. Bir tomoni stadionga, bir tomoni akademiyaga ketadi. Stadionda gaz bor, lekin akademiyada yo‘q! Chunki o‘chirib qo‘yilgan.

Darvoqe, stadionni bejizga «Bunyodkor» deb atamadik. «Bunyodkor» klubi rahbariyatining aytishicha stadion hozirda «Milliy» deb atalayotgan bo‘lsa-da, arena yuridik jihatdan hamon «Bunyodkor» klubiga tegishli. Stadion nomi ham huquqiy jihatdan «Bunyodkor».

O‘zbek futboliga Sardor Rashidov, Doston Hamdamov, Akrom Komilov, Rustam Ashurmatov kabi futbolchilarni yetkazib bergan klubning akademiyasidagi bo‘lajak «qaldirg‘ochlar»ning taqdiri nahot hech kim uchun qiziq emas? Yetmaganiga Eldor Shomurodov hamda Otabek Shukurov ham avvaliga «Bunyodkor» akademiyasiga kelib, keyin asosiy jamoaga o‘tishgan.

O‘tgan haftada akademiya yopilishi haqida surishtiruv qildik, endi akademiyadagi sharoitlarni o‘rganyapmiz. O‘ylashingiz mumkin nega bular «Bunyodkor»ga qiziqib qoldi deb. Bu bizning klubdan qandaydir manfaatdor ekanimizni bildirmaydi! Shunchaki ko‘z oldimizda mamlakatdagi eng yaxshi akademiyalardan biri (balki eng yaxshisidir) yopilib ketish xavfida qolayotgani bizni ranjitadi. Biz uchun barcha klublar teng, oqni oq, qorani qora deymiz.

«Bunyodkor» akademiyasida issiq suv yo‘qligini aytdik. Bundan tashqari elektr ta'minoti bilan ham muammo bor. Kechasi akademiya stadionlarining chiroqlari o‘chirib qo‘yiladi. Shu sabab futbolchilar kechasi shug‘ullana olishmaydi. Klubning asosiy jamoasi stadionsiz ekanini inobatga olsak, bu muammolar asosiy jamoani ham qiynamoqda. Qaysi yoshdagi milliy jamoalarimizni qaramang, «Bunyodkor»ning ko‘plab futbolchilarini ko‘rasiz. Tokio Olimpiadasi saralashida qatnashayotgan jamoada ham 5 nafar «qaldirg‘och» bor. Biroq bu ketishda akademiya yopilib ketishi hech gap emas.

O‘tgan yildan buyon akademiya o‘quvchilari soni keskin kamaygan. Chunki ota-onalar yopilish xavfi bo‘lgan yerga farzandlarini olib borishmaydi-da! Akademiyaning o‘zida boshqa viloyatlardan kelgan 70 ga yaqin bolalar istiqomat qilishadi. Ular faqat futbol o‘ynashni bilishadi xolos. Ko‘p futbolchilardan eshitganmiz, ular futbol uchun boshqa narsalarni chetga surib qo‘yishadi. «Bunyodkor»dagi yosh bolalar ham yagona kasbi bo‘lgan futboldan ayrilsa, nima bo‘ladi?

«Bunyodkor» akademiyasi o‘z mevalarini bera boshlagan. Har yili ushbu akademiyadan ko‘plab futbolchilar yetishib chiqmoqda. Ularning oxirgilari bugun «Bunyodkor» asosiy tarkibini tashkil qilishgan. Yetmaganiga Superliganing ko‘plab jamoalarida «Bunyodkor» akademiyasi tarbiyalanuvchilari ijarada o‘ynaydi.

Darvoqe, akademiyani kezar ekanman, menda bir narsa iliq taassurot qoldirdi. Yosh bolalar yashashiga qaramay, xonalar ham, oshxona, zal, xullas hamma yer toza-ozoda edi. Sharoit bo‘lmasa ham, hamma yerning pokiza saqlanayotgani odamni xursand qiladi. Akademiyaga kirishda ham, chiqishda ham yo‘lda uchragan hamma bolalarning salom berishi ularga nafaqat futbol sirlari o‘rgatilayotgani, balki yosh futbolchilar yaxshi tarbiyalanayotganini ham anglatadi.

O‘FA qoshida tashkil qilingan respublika bolalar-o‘smirlar futbol maktabi aynan «Bunyodkor» akademiyasi hududida ochilishi aytilmoqda. Katta ehtimol bilan akademiyadagi «kutilmagan» kommunal uzilishlar aynan shu bilan bog‘liq. Balki «Bunyodkor»ning puli yo‘qligi sabab shunday bo‘layotgandir, balki yana qandaydir sabablar bordir, lekin klub akademiyasida juda yaxshi futbolchilar tarbiyalanayotgani va akademiya ancha yildan buyon tinimsiz mevalarini berib borayotgani aniq.

Bu muammo har xil chiqishlar, xatlar, og‘zaki gaplar bilan emas, ish bilan, konkret ko‘rsatmalar bilan hal bo‘lishi ham aniq. Umid qilamiz, tez orada «Bunyodkor» akademiyasidagi mujmal holat hal qilinadi va yosh futbolchilar yaxshi sharoitda shug‘ullana boshlashadi. Bilasiz, qaldirg‘ochni biror uyda hurkitishsa, o‘sha uyga qaytib bormaydi. «Bunyodkor»dagi yosh «qaldirg‘ochlar»ni hurkitish ham bizga keyinchalik qimmatga tushadi...

O‘tkir Jalolxonov

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid