Chempion hikoyalari: Moyze Kin. Allegri yashirayotgan javohir, «Yuventus»ning ayyorligi va futbolchining kumirlari haqida
Chempionlar ligasining hal qiluvchi o‘yinlari yaqinlashib, “Yuventus” Krishtianu Ronaldudan ehtiyotkorlik bilan foydalana boshlagan va A Seriya o‘yinlarida aralash tarkiblarni tushirayotgan bir paytda Moyze Kin chaqnadi. Uni italiyalik yoki turinlik muxlislar juda yaxshi taniydilar, ammo biz uchun 19 yoshli hujumchi syurpriz bo‘ldi.
Albatta, o‘zi maydonga tushgan har bir o‘yinda maydonni golsiz tark etmay, Ronaldusiz ham “Yuventus”ni chempionlik tomon qadam tashlab borishiga bu qadar hissa qo‘shishini klubda ham kutmagan bo‘lishsa kerak. Endi Allegriga bu javohirni yashirib yurish oson bo‘lmaydi. E'tiboringizga spors.ru saytida e'lon qilingan maqolani havola qilamiz. Bu yerda Moyze Kin haqida ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lishingiz mumkin.
U 2000 yilning 28 fevralida Italiyada, Verchelli protsivinsiyasida dunyoga kelgan. Moyze Kin aslida “Yuventus”da emas, “Inter”da paydo bo‘lishi mumkin edi.
Yaqinda Moyzening otasi Biru Jan Kin Italiya radiolaridan biriga bergan intervyusida o‘g‘li bolaligida “neradzurri”ga muxlis bo‘lgani, o‘yinlarni qoldirmay tomosha qilib, klub libosini olib berishni iltimos qilgani, kelajakda “Inter”da o‘ynash orzusi bo‘lgani haqida aytib berdi. Ammo turinliklar muxlisi bo‘lgan ota o‘g‘lini “Yuventus” akademiyasiga yetaklab keladi.
Bunday hikoyalarning ko‘pi yolg‘on bo‘lishi ham mumkin. Kinning otasi shunaqaroq, tinmasdan ommaga jar solib, Italiya fuqaroligini olishga urinadi va shu bilan birgalikda immigrantlar sonini kamaytirish haqida bong uradi. Bir paytlar Biru oilasini pulsiz tashlab ketgan, aliment to‘lamagan, faqat Moyze Kindan kelajakda katta futbolchi chiqishi aniq bo‘lib borgan paytlarda yana paydo bo‘ldi. Endi esa, janob Biru “Yuventus”dan fermasida ishlatish uchun traktor so‘raydimi-yey, o‘g‘lini yetti yildan beri ko‘ra olmayotganidan shikoyat qiladimi-yey...
Moyze bu borada ko‘p asabiylashadi va tan olishga to‘g‘ri kelganida, barchasi uchun faqat onasidan minnatdor ekanini yashirmaydi. Onasi dam olish kunlarisiz mehnat qilishiga to‘g‘ri kelar, o‘g‘illarini mashg‘ulotlarga o‘zi olib borar va kerak bo‘lganda ular bilan futbol ham o‘ynardi. Ba'zida besh yoshli Moyzeni tashlab ketish uchun joy topilmas, shuning uchun akasi Jovanni (12-13 yoshlarda) uni o‘zi bilan birga “Asti” akademiyasiga, o‘z mashg‘ulotlariga olib ketishiga to‘g‘ri kelardi. U yerda Moyze kattalar bilan futbol o‘ynashni juda xohlar, ammo doimo rad javobini olardi. Shunday bo‘lsa-da, uni yupatish uchun to‘p berib qo‘yishar, besh yoshli Moyze o‘sha paytlardanoq soatlab turli fintlar va zarbalarni o‘rganishni boshlagandi.
“Moyzega to‘pni berib qo‘yilsa bo‘ldi, o‘zini baxtli his qilardi, - hikoya qiladi onasi Izabel xonim. - U kun bo‘yi to‘p tepar, mashg‘ulotlardan kelib ham driblinglarni mashq qilardi. Menga boshim bilan to‘pni qaytarishimni iltimos qilardi, aytganini qilmagunimcha tinch qo‘ymasdi”.
Moyzega ayniqsa, futbolga katta tezlikda kirib kelgan Obafemi Martins juda yoqardi. Nigeriyalik ushbu futbolchining kamchiliklari ko‘p bo‘lgan, ammo uning o‘ta yuqori tempi barcha kamchiliklarini “yuvib yuborardi”. Obafemining tezlanishi yengil atletikachilar darajasida edi va har qanday ikkinchi to‘plarga hammadan tez yetib olardi. “Inter” ba'zi paytlarda, o‘yinni soddalashtirardi - Martinsni raqibning so‘nggi himoyachisi bilan birga joylashtirar va endi, to‘pni oldinga tepib yuborish kifoya, Obafemi bu to‘pni egallab olardi.
2006 yilda Obafemi “Nyukasl”ga o‘tdi va endi Mario Balotelli Kinning navbatdagi kumiriga aylandi. 18 yoshli Mario rang-barang o‘ynay olishi-yu, dahshatli jismoniy formasi bilan hammani og‘zini ochib qo‘ygandi. Go‘yo bir necha yildan keyin, uni umuman to‘xtatib bo‘lmaydigandek tuyulardi. Shu bilan birga, u texnik tomondan ham juda yaxshi shakllangan, umuman, agar haqiqiy italiyalik qora tanli futbolchini tasavvur qilish kerak bo‘lsa, Balotelli mos tushardi.
Shu tariqa, yosh Kin uchun ikki nafar futbolchi modeli paydo bo‘ldi va bugungi Moyzening o‘yinida mana shu ikki yulduzning xususiyatlarini osonlik bilan payqash mumkin. Kinning oyoqlari nisbatan ancha uzun va ular yordamida ulkan qadamlar va yuqori tezlik yosh futbolchiga juda qo‘l keladi. Xuddi Martins kabi, so‘nggi himoyachilar bilan yaqin o‘ynaydi va bo‘sh zonalarni tezlik bilan egallab oladi. Xuddi Super Mario kabi, aksariyat yakkakurashlarda g‘olib chiqadi va to‘pni gavdasi bilan yashira oladi. Va aytish mumkinki, vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha ikkala kumirini ham ortda qoldiradi.
“Kin doimo ochiq zonalarga hujum qiladi, uning o‘ziga xos va g‘alati uslubi bor” – deydi Kellini. - “Empoli” darvozasiga urilgan gol Trezegeni yodga soladi. Moyze Balotellidan ham kuchliroq, uzoq masofalardan beradigan zarbalari ham yaxshiroq”.
Mario Balotelli Kinning yoshida A Seriyada 11 gol urishga ulgurgandi. Har bir gol uchun 185 daqiqa sarflangan. O‘shandan buyon Mario uchta chempionatda o‘ynadi, olti marta klub almashtirdi, Italiya terma jamoasini Yevro-2012 finaliga olib chiqdi va o‘ziga yarasha yaxshi ko‘rsatkichlarga qaramasdan, o‘z klublarida hammaning joniga tegib ulgurardi. Obafemi 23 yoshidan keyin 7 mamlakatda o‘ynadi, yildan yilga o‘yin saviyasi va o‘ynayotgan klublari pasayib bordi va og‘ir jarohatdan so‘ng, futbolni tark etdi. Aytish mumkinki, ikkovi ham kutilgan o‘yinning yarmini ham namoyish qila olmadilar yakunda.
Moyzening futbolga kirib kelishini portlashga o‘xshatish qiyin. U 2016 yilda debyut qildi, 19 yoshida A Seriyada 9 gol muallifi bo‘ldi. Ushbu mavsumdagi ko‘rsatkichi – har 52 daqiqada bir gol: Moyze qayerdandir paydo bo‘lib qolmadi, oldindan rejalashtirilgan holda tarkibga kirib kelmoqda. Eng muhimi, xarakter jihatidan ham u Martins va Balotellidan farq qiladi.
U Don Boskoda shug‘ullanib yurgan paytlarda, tunlari Bibliya va avliyolar haqidagi boshqa kitoblarni o‘qirdi, ichkilik haqida esa birinchi marta o‘sha Balotelli haqidagi xabarlardan bilgan bo‘lsa kerak. U muntazam ibodat qiladi, har bir golidan so‘ng, xudoga minnatdorchilik bildiradi, qo‘liga esa, mehnatsiz hech narsaga erishib bo‘lmasligini anglatuvchi ramzni chizdirib olgan.
Shuning uchun ham Kin har doim boshqalardan ajrab turgan, muvaffaqiyat qozongan. Don Boskodagi turnirlarda har yakshanba g‘olib bo‘lardi, yetti yoshida “Asti”dagi ko‘rikda ilk uchrashuvdayoq poker qilgandi. U yetti yosh bo‘lsa-da, hatto o‘n bir yoshlilar o‘rtasida ham o‘zini ko‘rsatar, doim ham uni to‘xtatib qola olishmasdi. Ikki hafta o‘tib, Renato Byazi – sobiq darvozabon va Moyzening murabbiyi, eski tanishlarini ishga soladi va “Torino”da Moyze uchun ko‘rik tashkil qiladi. Turinliklarga yoqib qolish uchun Moyzega bir necha daqiqa kifoya qildi.
Bir necha yil o‘tib, “Yuventus” Kinni o‘ziga og‘dirib olish uchun ayyorlik qiladi. Moyze “Torino”dagi mashg‘ulotlarga “Asti”dan kelgan ikki do‘sti bilan birgalikda qatnar va hech qayerga ketishni istamasdi. “Yuventus” unga klub bazasi bo‘ylab ekskursiyaga taklif qiladi va u yerda sayr qilib yurgan Nedved va Del Pero bilan “tasodifan” ro‘para kelib qoladilar. Ular bilan tanishgan Kin erta-yu kech “byankoneri”ni o‘ylay boshlagandi.
“Yuventus” Moyzeni bolakayligida olib ketdi va haqiqiy erkakka aylantirdi, maydonda ham, hayotda ham tarbiyaladi. Klub uning uchun otalik vazifasini bajardi”, deydi Izabel xonim.
Kinning “Yuventus”dagi murabiyi Korrado Grabbi edi. “Yuventus”da omadi chopmagan sobiq futbolchi Moyze kabilar uchun ideal mos kelardi. Grabbi 19 yoshida “Yuve”dagi debyut o‘yinida gol muallifi bo‘lgan, 1994/95 mavsumda jamoa bilan birga chempionlikni yutgan, ammo doimiy jarohatlar tufayli ko‘rinmay ketgandi. Faoliyatidagi muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng Korrado o‘z xulosasini chiqargan: “18-20 yashar yigitchani avvalo, hayotga o‘rgatish kerak. Agar hech kim o‘rgatmasa va doim jazolanaversang, o‘smaysan. Murabbiylar shu uchun kerak”.
Ikki mavsumda Moyze 50 o‘yinda 59 ta gol urdi. Bu natija U-16 jamoasida 14 yoshli bola tomonidan ko‘rsatilgandi. 15 yoshida o‘smirlar o‘rtasidagi Chempionlar ligasida maydonga tushdi. 16 yoshida “Yuventus”ning asosiy jamoasiga o‘tkazildi, Buffonning yoqimtoyiga aylandi, oxirgi uch yilda bir qator rekordlar sohibi bo‘ldi.
Moyze 2000 yilda va undan keyin tug‘ilgan futbolchilar ichida top-4 chempionatlarida maydonga tushgan, Chempionlar Ligasida o‘ynagan, top-5 ligalarida gol urgan, Italiya terma jamoasi safida gol urgan ilk futbolchidir. Xullas, hamma jabhada u tengdoshlarini ortda qoldirib ketdi. U yangi davrda tug‘ilganlar ichida birinchi bo‘lib katta futbol olamida nomini tanitdi va endi, tabiiyki, bu davrning ramzi sifatida tilga olinaveradi.
Balki shuning uchun ham, Allegri uni hadeb maydonga tashlagani shoshilmayapti, hatto Manjukich yaxshi formada bo‘lmagan paytlarda ham Moyzega imkoniyat kam berilyapti. Murabbiyga Moyzening atrofidagi gap-so‘zlar, uning yaqinlari bilan tinimsiz intervyular va turli rekordlar haqidagi xabarlar yoqmayapti. Endi mana shunday shov-shuv avj olishi bilan Allegri hujumchini zaxiraga qaytarmoqda.
Allegri Moyzening ulkan salohiyatini biladi va shuning uchun ehtiyotkorlik bilan yondashayotgani tahsinga sazovor. Italiyaga birinchi Kin kerak, ikkinchi Balotelli emas.
Mavzuga oid
17:22 / 03.01.2021
2020 yilning eng yaxshi transferlari. 39 yoshli Zlatan kuchli o‘nlikda
15:57 / 04.08.2019
Moyze Kin APL klubiga o‘tdi
09:00 / 31.03.2019
Kin Ronalduning yo‘qligini bildirmayapti. «Yuventus» «Napoli» bilan oradagi farqni yana oshirdi
13:21 / 11.03.2019