Jamiyat | 23:05 / 16.04.2019
25370
5 daqiqa o‘qiladi

Chorvachilik rivojiga nimalar to‘sqinlik qilmoqda?

«Nega bozorlarda go‘sht va sut mahsulotlarining narxi tobora yuqorilab bormoqda?»  degan masala ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Mahalla nashrida bu holatning chorvachilik sohasidagi qator muammolar natijasi o‘laroq yuzaga kelayotganini ko‘rsatuvchi maqola e'lon qilindi.

Ma'lum qilinishicha, ayni paytda respublikada 12,7 million bosh yirik, 21,3 million bosh mayda shoxli mol mavjud. Qoramollarning 6,4 foizi, qo‘y- echkilarning 15,9 foizi fermer xo‘jaliklarida boqiladi, qolgan qismi esa aholining shaxsiy mulki hisoblanadi.

«Shu ko‘rsatkichning o‘zi aholini arzon va sifatli mahsulotlar bilan barqaror ta'minlash imkoniyatining yetarli emasligini ko‘rsatadi. Shuningdek, chorva mollarini oziqlantirish uchun ajratilgan yer maydonlarining qoramol bosh soniga mutanosib emasligi ham asosiy muammolardan. Ya'ni fermer chorvachilik yoki bo‘rdoqichilikni kengaytirishni istasa ham buning uchun yetarli yer maydoni mavjud emas» , —  deya yozadi muallif Sanjar Ismatov.

Keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, respublikada yetishtiriladigan ozuqa chorvachilik tarmog‘i uchun zarur bo‘ladigan talabning atigi 35 foizinigina qoplaydi. Chorvachilik mahsuldorligini oshirish, uning ozuqa bazasini ko‘paytirishni rag‘batlantiruvchi tizim ham mavjud emas. Ozuqa ekinlarini yetishtirishda esa tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi qo‘llanilmayotgani tufayli xarajatlari me'yoridan oshib ketmoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Maqsud Yusupovga ko‘ra, aksariyat xo‘jaliklarda xorijdan keltirilgan mollarni ratsion asosida to‘g‘ri oziqlantirishga e'tibor berilmaydi, kasalliklarni davolash, sun'iy urug‘lantirish bo‘yicha malakali mutaxassislar yetishmaydi. 

«Xo‘jaliklarda mahsuldorligi past chorva mollari parvarishlanayotgani ham soha rivojiga to‘sqinlik qiladi. «Chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident qarorining amaliyotga tatbiq qilinishi yuqoridagi muammolar uchun yechim bo‘lishi kutilmoqda», —  deydi mutaxassis.

Ya'ni qarorga muvofiq, tuman hokimliklari zaxirasidagi 38 ming gektardan ziyod lalmi va yaylov yerlar chorvachilik fermer xo‘jaliklari hamda boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga ozuqabop ekinlarni yetishtirish uchun beriladi. 

Bunda korxonalarga tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish majburiyati yuklatiladi. Shuningdek, chorvachilik bilan shug‘ullanish istagidagi fuqarolarga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun har bir bosh chorva mol uchun yarim gektardan lalmi va yaylov yerlar doimiy yoki uzoq muddatli ijaraga beriladi.

Maqola muallifining yozishicha, sohadagi katta muammolardan yana biri naslchilik bilan bog‘liq. Chetdan keltirilgan naslli qoramol bilan mahalliy qoramolning o‘rtasida katta farq bor. Biri ikkinchisidan 4-5 karra ko‘p sut beradi, og‘irroq tosh bosadi. Ammo har ikkisining parvarishi uchun bir xil hajmda mehnat va xarajat sarflanmoqda.

«Naslchilik faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona tizimning yo‘qligi bois mavjud imkoniyatlardan yetarlicha foydalanilmayapti. Jumladan, 6 ming 400dan ortiq chorvachilik xo‘jaligining atigi 15 foizida sun'iy urug‘lantirish punkti mavjud. Sohada besh mingdan ziyod mutaxassisga ehtiyoj bor», —  deya qayd etadi muallif.

«O‘znaslchilik»  korxonasi bosh zootexnigi Ne'matjon Qobilovning bayon etishicha, tajriba tariqasida Qashqadaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarida barcha toifa xo‘jaliklarda naslchilik, sun'iy urug‘lantirish va servis xizmatlari ko‘rsatish tashkil etiladi.

Zamonaviy naslchilik va sun'iy urug‘lantirishni ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish, chet elning bu boradagi yutuqlaridan foydalanish va bu orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida ham narx, ham sifat muvozanatni saqlash kutilmoqda.

Mavzuga oid