Jamiyat | 18:52 / 16.04.2019
14245
7 daqiqa o‘qiladi

Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida obodonlashtirish ishlari qanday ketmoqda?

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yanvar oyida Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatdagi barcha tuman va shaharlar markazlarini Mirzacho‘l tumani markazi Gagarin shahri kabi obod va ko‘rkam, aholi uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan hududlarga aylantirish vazifasini qo‘ygan edi. Xo‘sh, bu vazifalar qanday bajarilmoqda?

Jizzax viloyatining Paxtakor tumani 1967 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda aholi soni 72 ming 800 nafarni tashkil etadi. Asosiy infratuzilma obektlari barpo etilgan vaqt Jizzax cho‘llarini o‘zlashtirish jarayoniga to‘g‘ri keladi. Afsuski, o‘zining qadoq qo‘llari bilan rizq yaratgan, cho‘llarni obod qilishda jonbozlik ko‘rsatgan cho‘lquvarlar faoliyati, ularning mehnati-yu, yutuqlari haqida maqtov gaplar ko‘p gapirilsa-da, amalda ularning turmushi o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Salkam yarim asr davomida tumanda sanoat, uy-joy, ijtimoiy obektlarni bunyod etish bilan bog‘liq arzirli ishlar bajarilmadi. Natijada uy-joylarni saqlash, yo‘llar infratuzilmasi, kommunal, ijtimoiy sohalardagi o‘tkir muammolar yuzaga chiqib, aholining haqli e'tirozlariga, davlat idoralariga bo‘lgan murojaatlarining oshishiga olib keldi. Tumanda “Obod qishloq”,”Obod mahalla” dasturi hamda «Ilg‘or hudud» loyihasining izchil amalga oshirishga kirishilgani mohiyatan ana shunday muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.

Xususan, bosh rejaga muvofiq, tuman markazidagi “Do‘stlik”, “Dilorom”, “G‘alaba”, “Toshkent”, “Samarqand”, “Oltinko‘l” va “Suvonobod” mahallalaridagi bir holatga kelib qolgan ko‘pqavatli va yakka tartibdagi uy-joylar, bog‘cha, maktab, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, servis, xizmat ko‘rsatish, savdo nuqtalari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash yuzasidan istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlarni o‘z muddatida yakunlash uchun zarur ishchi kuchi va texnikalar jalb qilingan.

Olib borilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari natijasida tuman markazidagi asosiy ko‘cha – Sharof Rashidov nomidagi ko‘chaning qiyofasi kundan-kunga tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib bormoqda. Yo‘l chetidagi beton ariqlar yangilanib, piyodalar yo‘lakchalari qurilmoqda, o‘rtaga tungi yoritgichlar o‘rnatildi, yashil maysazorlar tashkil qilinib, daraxt ko‘chatlari va gullar ekilmoqda. Shu ko‘chada joylashgan uylar, ijtimoiy soha obektlari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining ichki va tashqi qismlari hamda atroflarida ham qurilish-ta'mirlash ishlari bajarilyapti.

Bosh reja asosida yangi qurilayotgan 23 ta, kapital rekonstruksiya va ta'mirlash ishlari bajarilayotgan 49 ta, jami 72 ta obektning salmoqli qismi ham ana shu ko‘chada joylashgan. Tuman tibbiyot birlashmasi binosi ham dastur asosida zamonaviy holatga keltirildi. 

Shu kunlarda tumandagi 2-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida mukammal ta'mirlash ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Bog‘chaning tom va pol qismlarini yangilash, devorlarning ichki va tashqi qismlarini zamonaviy holatga keltirish bilan bog‘liq ishlar bajarilmoqda. 10-sonli bog‘cha zamonaviy va ko‘rkam ko‘rinishga ega bo‘lmoqda. Yangi barpo etilayotgan 160 o‘rinli nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasida devor ko‘tarib tom yopish, to‘siqlarni o‘rnatish ishlari yakunlanib, bino fasadi va ichki qismlarida ta'mirlash ishlari davom etmoqda. Ana shunday ishlar 2-, 4-, 31-sonli maktablarda ham bajarilmoqda.

“Obod markaz” loyihasi asosida Paxtakorda o‘nlab yangi savdo, servis va maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlari, mehmonxona qad ko‘taradi, mavjudlari esa bugungi davr talablari bo‘yicha ta'mirdan chiqarilyapti. 

Hududda uzoq yillardan beri og‘riqli masala bo‘lib kelayotgan kanalizatsiya, ichimlik suvi, elektr energiyasi, tabiiy gaz tarmoqlarini ta'mirlash hamda yangilarini barpo etish ishlari jadal olib borilyapti. 

 Keyingi ikki yilda tuman markazida yangilangan namunaviy loyihalar asosida 480 xonadonga mo‘ljallangan 10 ta ko‘pqavatli hamda 60 ta uch xonadan iborat ikki sotixli arzonlashtirilgan namunali uylar barpo etilgani shu paytgacha uy-joyga ega bo‘lolmagan kam ta'minlangan aholi qatlami vakillari, nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizning uy joyga bo‘lgan talabini qondirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu yo‘nalishdagi ishlar mazkur yilda ham davom ettirilib, Paxtakorda 96 xonadonga mo‘ljallangan 2 ta to‘rt qavatli turar-joy qurilmoqda.

2017-2018 yillarda tuman markazidagi abgor ahvolga kelib qolgan 185 ta ko‘pqavatli uyning 14 tasida mukammal ta'mirlash ishlari bajarilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davriga qadar 12 ta ko‘pqavatli uyning tom qismi, 5 tasining fasad qismi mukammal ta'mirlandi. 

Tuman markazidagi mahallalarda 1960-1966 yillar davomida qurilgan 88 ta barak tipidagi uylarda 900 dan ziyod oila, 3 600 dan ortiq aholi oddiy maishiy sharoitlardan ham mosuvo holda kun kechirib kelayotgan edi. Nomiga boshpana vazifasini o‘tab turgan bunday uylar har qanday qoidaga solib ko‘rilsa ham hayot xavfsizligi talablariga mutlaqo javob bermaydi.

 Mana shunday o‘ta og‘ir sharoitda yashovchi ko‘p sonli fuqarolarning talab va istaklarini inobatga olgan holda bunday uylarda yashovchi oilalar uchun “Oltinko‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan 19 gektar, “Olmazor” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidan 4,2 gektar yer maydonlari ajratib berishga qaror qilindi. Mazkur yangi massivlarda 610 ta uy barpo etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Tumanda 2018–2019 yillar davomida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohasida umumiy qiymati 260,5 mlrd. so‘m bo‘lgan 66 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1100dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.

“Paxtakor tekst” MChJ ip-kalava mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona bo‘lib, yiliga 9 ming tonna toladan qiymati 11 mlrd 250 mln so‘mlik 8,1 ming tonna ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Umumiy qiymati 22 mln 300 ming AQSh dollarini tashkil etadigan loyiha agar to‘la quvvat bilan ishlasa, 400 nafar yangi ish o‘rni barpo bo‘ladi, mahsulotning salmoqli qismi esa Xitoy, Rossiya, Turkiya va Belgiya davlatlariga eksport qilinadi.

Mavzuga oid