Jamiyat | 23:31 / 16.04.2019
38673
10 daqiqa o‘qiladi

Nurobodda sihatgoh qurgan tadbirkor «sinish» arafasida. Muammoga yechim bormi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev ma'ruzalaridan birida tadbirkorlik faoliyatining erkinligi, xususiy mulk daxlsizligini amalda ta'minlash bundan buyon ham davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishini ta'kidlagandi.

«Biz iqtisodiyotimizni yanada erkinlashtirish, tadbirkorlarga keng yo‘l ochib berish siyosatini bundan keyin ham qat'iy davom ettiramiz. Hal qiluvchi ahamiyatga ega bu sohani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uning oldida paydo bo‘ladigan to‘siqlarni butunlay olib tashlash masalasi davlat rahbari sifatida mening doimiy e'tiborim va nazoratimda bo‘ladi», — degan edi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, prezident tadbirkor faoliyatiga to‘siq bo‘lish davlat siyosatiga xiyonat, deb qabul qilinadi, deya ogohlantirgandi.

Tan olib aytish kerak, tadbirkorlarga bir qator qulaylik va imtiyozlar yaratildi, to‘siq bo‘layotgan jihatlar bartaraf etildi, yangi imkoniyatlar eshiklari ochildi.

Ammo tahririyatimizga tadbirkorlardan kelayotgan turli mazmundagi murojaatlar shuni ko‘rsatmoqdaki, hali ham tadbirkorlar uchun ayrim to‘siqlar: muammolarini hal etishda sansalorlik, yillar davomida idorama-idora yugurish, rahbarlar eshigi oldida besamar vaqt o‘tkazish kabi eskitdan qolgan salbiy jihatlar, eskicha qarashlar hali ham mavjud.

«Kun.uz» saytiga Samarqand viloyati, Nurobod tumanidan kelgan murojaat ham shu mazmunda. «Abduqodir ota suv bilan davolash sihatgohi» MChJ rahbari Vahob Sagdullayev o‘z murojaatida katta mablag‘ evaziga sihatgoh qurganligi, uning faoliyatini boshlashda muammolar borligi, ayni vaqtda tadbirkorlik faoliyati og‘ir ahvolga kelib qolganligini qayd etgan.

Mazkur murojaatni joyida o‘rganish uchun Nurobod tumanidagi Nurbuloq shaharchasida bo‘ldik. Asli kattaqo‘rg‘onlik, faoliyatini Nurobod tumanida olib borayotgan tadbirkor Vahob Sagdullayev bilan uchrashib, uning e'tirozlarini tingladik.

«2017 yil iyun oyida mehmonxona qurish uchun yer ajratishini so‘rab, Nurobod tumani hokimligiga murojaat qildim. Turli talablar qo‘yildi va oradan olti oy o‘tib, tuman hokimi qarori chiqdi. 40 o‘rinli mehmonxona qurish loyihasi qiymati 820 mln 277 ming 400 so‘m bo‘lsa, shundan bor-yo‘g‘i 80 million so‘mini bankdan kredit oldim. Qolgan barcha xarajatlarni o‘z hisobimdan qildim. Qurilish va jihozlash ishlari yakunlanganidan so‘ng, binoning orqa tomonida 500 metr uzoqlikdagi shifobaxsh suv qudug‘iga ulanish uchun tuman hokimligi va bir nechta tashkilotlarga murojaat qildim. Ammo yechim bo‘lmadi.

Bir yilga yaqin sarsongarchiliklardan so‘ng, ma'danli suv qudug‘idan mehmonxonaga suv berish mumkin emasligini aytishganidan keyin 40 o‘rinli mehmonxonani 2019 yil 16 yanvar kuni «Abduqodir ota suv bilan davolash sihatgohi» MChJ yuridik shaxs maqomiga o‘zgartirib, davlat ro‘yxatidan qayta o‘tkazdim. Shundan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligidan tegishli litsenziyani ham oldim. Ammo qurilishi va jihozlanishi 2018 yilda yakunlangan binoni mehmonxona qilsak ham, sihatgoh qilsak ham faoliyatini yo‘lga qo‘ya olmayapmiz. Radonli suv qudug‘iga ulab berilmayapti. 2019 yil yanvar oyidan boshlab, bankdan olgan kredit mablag‘ini ham to‘lay boshladim. Bor topganimizni shu loyihaga sarfladik. Ammo to‘sqinlik tufayli ish boshlay olmayapmiz. Bor-budimizni sarflab, endi «sinish» arafasidamiz. Bilmadim, raqobatmi bu, ammo bizga yetarlicha to‘sqinliklar bo‘lyapti. Alam qiladigani, birorta tashkilot bu masalada yordam bergani yo‘q. Viloyat va tuman hokimlari ham bu masalani hal etib berolmadi. Viloyat rahbari E.Turdimov tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashini eshitib, u kishining qabuliga ham borgandim. Mas'ul mutasaddiga o‘rganish uchun topshiriq berdi. Ammo topshiriq o‘sha yerning o‘zida, viloyat rahbari oldida qolib ketdi. Hech narsa o‘zgarmadi, birov kimsan, nima qilyapsan, deb so‘ramadi ham. Kimdan, qanday yordam so‘rashni ham bilmaymiz», – deydi Vahob Sagdullayev.

Tadbirkor qurgan binoni ko‘zdan kechirdik. Ikki qavatli, zamonaviy bino. Xonalar ham talab darajasida jihozlangan. Shu vaqtga qadar mutasaddilar shunday binodan unumli foydalanish choralarini ko‘rmaganligi ajablanarli. Harholda bunday zamonaviy bino qurish tadbirkor uchun oson bo‘lmaganligi ko‘rinib turibdi.

Xo‘sh, muammo aslida nimada?

Tadbirkorning e'tirozlari asosida hujjatlar bilan tanishdik. Idorama-idora yuguraverganidan uning qo‘lida javob xatlariyu boshqa hujjatlar ancha to‘planib qolibdi.

Aslida tadbirkor uchun to‘siqlar 2017 yilda yer so‘rab murojaat qilgandayoq boshlangan. Uning aytishicha, tuman hokimining qurilish ishlariga mas'ul o‘rinbosari O.Bo‘tayev yer ajratish uchun tadbirkordan 4 tonna metallolom talab qilgan. Tadbirkor bu talab asosida «Hududiy ikkilamchi qora metallar» MChJga 4 tonna metallolom topshiradi. Bu haqida 2017 yil 17 iyuldagi 1620-sonli dalolatnoma ham mavjud.

Ammo shu bilan tadbirkorning masalasi hal bo‘lmaydi. Oradan vaqt o‘tib, yil oxirida, ya'ni 2017 yil 26 dekabrda tuman hokimining 1267-Q-sonli «Manzilli dastur asosida qurilishi rejalashtirilgan 40 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona binosini qurish uchun yer maydoni tanlab ajratish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, loyiha tumanning 2018 yilgi manzilli dasturiga kiritilgan.

Tadbirkor ushbu mehmonxonani qurib, zamonaviy jihozlagandan keyin radonli shifobaxsh suv qudug‘iga ulash uchun tuman hokimligiga murojaat qiladi. Nafaqat mahalliy hokimlik, masala hal bo‘lmagandan keyin turli tashkilotlardan yordam so‘raydi. Ammo masala ijobiy hal etilmaydi.

Shundan keyin tadbirkor 40 o‘rinli mehmonxonani 2019 yil 16 yanvar kuni «Abduqodir ota suv bilan davolash sihatgohi» MChJ yuridik shaxs maqomiga o‘zgartirib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi. Shundan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligidan tegishli litsenziyani ham oladi.

Biroq tadbirkor qurilishi va jihozlanishi o‘tgan yili yakunlangan binoni mehmonxona qilsa ham, sihatgoh qilsa ham faoliyatini yo‘lga qo‘ya olmay sarson. Sababi, shifobaxsh radonli suv qudug‘idan foydalanish uchun ruxsat berilmayapti. «Abu Ali ibn Sino» sihatgohi quduqlaridan shartnoma asosida ma'danli suv tortib kelish deyarli imkonsiz. Ikki-uch kilometr masofaga asfalt yo‘llar va uylarning ostidan tarmoq tortishning imkoni deyarli yo‘q. Qolaversa, bu katta mablag‘ talab qiladi. Shundoq ham loyihaga bor-budini sarflab bo‘lgan tadbirkorga bu og‘irlik ham qiladi. Ammo tadbirkor qurgan sihatgoh binosining orqa tomonida 500 metr uzoqlikda boshqa quduq mavjud. Turli tashkilotlar eshigida sarson bo‘layotgan tadbirkorga mazkur muammo hal qilib berilmayapti.

Uning qo‘lida murojaatlariga 3-sektor rahbari, Nurobod tumani IIB boshlig‘i, tuman hokimligi, Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Davlat geologiya va mineral resurslari qo‘mitasi, viloyat prokuraturasi va boshqa tashkilotlardan kelgan javob xatlari talaygina.

Barcha javob xatlari u yoki bu tashkilotga murojaat qilish tavsiya qilingan mazmunda. Biror tashkilot masalaning ijobiy yechimi uchun amaliy harakat qilmagan. Sargardon tadbirkorni yanada sarson qilishgan, xolos.

Ushbu holat yuzasidan Nurobod tumani hokimligida ham bo‘ldik. Tuman hokimligining qurilish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Navro‘z Rahmonov bilan suhbatlashdik. Mutasaddi ma'danli suv qudug‘iga ulanish masalasini hal etish tuman hokimligi vakolatiga kirmasligini bildirdi.

Mutasaddi tashkilotlar faqat tavsiyaviy javob xatlari bilan chegaralansa, mahalliy hokimlik tadbirkorga yordam berish, tegishli tashkilotlarga taklif bilan chiqish o‘rniga vakolatiga kirmasligini bildirsa, viloyat hokimining tadbirkor muammosini o‘rganish yuzasidan mas'ul mutasaddiga bergan topshirig‘i ijrosi ta'minlanmay qolaversa, unda tadbirkor boshini qayerga ursin!? O‘z hisobidan bir milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflagan. Sihatgoh faoliyatini yo‘lga qo‘ymasa, tadbirkor shuncha mablag‘ga kuyib qoladi.

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov haftaning har juma kuni tadbirkorlar uchun qabul o‘tkazishidan, muammolarini hal etishidan xabarimiz bor. Bu tadbirkorning muammosiga-chi, yechim topiladimi?

«Kun.uz» Nurobod tumani, Nurbuloq shaharchasidagi tadbirkor, «Abduqodir ota suv bilan davolash sihatgohi» MChJ rahbari Vahob Sagdullayevning muammolariga viloyat va tuman mutasaddilari tomonidan e'tibor qaratilishiga ishonch bildiradi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
«Kun.uz» muxbiri.

Ғолиб Абдусаломов
Tayyorlagan Ғолиб Абдусаломов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid