Jamiyat | 16:20 / 17.04.2019
37079
5 daqiqa o‘qiladi

Insofsizlikning yuqori cho‘qqisi. Xayriya uyushtirilayotgan Yulduzxon uchun yig‘ilgan pullar o‘g‘irlandi

Insonlar turfa xil. Kimdir to‘g‘rilik yo‘lida yurib halol kun kechirishni afzal ko‘radi, yana kimdir qing‘ir so‘qmoqlardan qadam tashlaydi. Shu yilning 21 mart kuni tahririyatimizda og‘ir xastaligi sabab xalqdan ko‘mak ilinjida Yulduzxon ismli qiz uchun xayriya aksiyasini e'lon qilgandik. Kimdir moddiy ko‘mak bermoqda, kimdir oilani ruhan qo‘llab-quvvatlamoqda. Biroq ming taassufki, ba'zi shaxslarning qilgan ishlarini ko‘rib-eshitib lol qoladi inson. Misqollab yig‘ilayotgan xalq ehsoniga ham ko‘z olaytiradigan manfur kimsalar aynan siz-u bizning oramizda yashayotganligi ma'lum bo‘ldi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Qizim yaqin kunlar ichida Hindistonga operatsiyaga borishi lozim edi. Ancha-muncha mablag‘ tushgandi. Ketishimiz uchun 40 million so‘m yetmay turgandi. Bugun 12 aprel kuni soat 12 yarimlarda plastik kartamdan noma'lum kimsa tomonidan pul yechilayotganligini sezib qoldim. Darhol yaqin hududdagi bank apparatida kartamni blokladim. Biroq bu vaqtgacha 22 million so‘mdan ortiqroq summa yechib olingandi. Tezda bankka, yana boshqa tashkilotlarga bordim. Ular ham qo‘lidan kelgancha yordam qilishlarini aytishdi. Pulni yechib olgan odamning insofsizligi meni hayron qoldirdi. Qarang, shunday odamlar ham bor ekan. Bolamning ahvolini hamma ko‘rib turibdi. Shu ahvolida ham pulimizni talab tashlashdi. Ularniyam ona tuqqan-ku. Ularning ham farzandi, bola-chaqasi bor-ku. Men bu masalada ichki ishlar xodimlari tomonidan chora ko‘rilishini so‘rab qolaman. O‘sha odamga ham insof bersin. Xufyona tarzda bo‘lsa ham o‘sha pulni olib kelishini so‘rab qolaman», – deydi chorasiz holatda qolgan Ziroat Jaylabayeva ko‘zlarida yosh bilan. Bu so‘zlar bir vaqtda ham o‘kinch, ham nafrat tarzida yangragandek bo‘ldi. 

Bu ayol qanday kunlarni boshidan kechirayotganiga biz guvohmiz. Dard ustiga chipqon deganidek, endi bu nopok kimsaning manfur qilmishi kam edimi bu ayolga?

Biz masala yuzasidan tegishli tartibda ichki ishlar organlariga xabar berishni ma'qul ko‘rdik. Oilaning yashash manzili bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tumani IIB boshlig‘i mayor Mirqodir Jalolov bilan uchrashdik. U kishi bu ish shaxsan o‘z nazoratida bo‘lishini qat'iy ta'kidladi.

«Ish bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘riladi. Bu bizning vazifamiz, chora ko‘rishimiz shart. Ustiga-ustak nogironligi bo‘lgan shaxs yuzasidan ekan. Amaliy yordam beriladi», dedi Jalolov. Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i so‘zlarining amaldagi ijrosini ham kutib qolamiz.  

Nopok kimsaga bu qilmishi qonun oldida jinoyat deb atalishini va jazo muqarrar ekanligini eslatib o‘tmoqchimiz. Sizning bu qilmishingiz bir jajji qizaloqning hayotiga zomin bo‘lishi va ota-onaning bir umrlik mahzunligiga sabab bo‘lishi mumkin. Axir, sizda ham farzand bordir yoki farzandli bo‘larsiz. Nopok luqma ertaga farzandingiz bo‘g‘ziga tiqilishidan qo‘rqmaysizmi? Oxiratdagi azob va qonun oldidagi javobgarliklarni o‘ylab mulohaza yuritib ko‘ring, nafs quliga aylangan kimsalar!

Bahodir Ahmedov.


Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzuga oid